Intellektual mulk himoyasi — biznesdagi muvaffaqiyat omili

    Intellektual mulk obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun bojlarning yuqori stavkada etib belgilangani xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bozorimizga kirib kelishiga toʻsqinlik qiluvchi omillardandir.

    Huquq bir joyda qotib qolmaydi. Jamiyat bilan birga u ham oʻzgaradi. Soʻnggi yigirma yilda intellektual mulk huquqi jiddiy rivojlanishning bir necha bosqichini bosib oʻtdi. Endi ushbu sohadagi qonunchilikni, xususan, intellektual faoliyat natijalaridan foydalanishning yangi elektron usullarini qamrab olish imkonini beradigan qoʻshimcha oʻzgarishlar arafasidamiz. Ammo bu sohada rivojlanishning umumiy yoʻnalishini, istiqbollarini baholash va bir necha yil ichida, hatto oʻnlab yillarda tartibga solishning qaysi modeliga tushishimizni aniqlash juda muhim.

    Bu vazifa nafaqat qiziqarli, balki juda muhim. Chunki qonunchilik jamiyatning iqtisodiy ehtiyojlariga javob bersa-da, buning aksi ham mavjud — biznesning muvaffaqiyati, hech boʻlmaganda, qonunlar ayrim modellarining qoʻllashga tayyorligiga bogʻliq. Bundan tashqari, qonunchilikni rivojlantirish tendensiyalari qanday shakllanishini tushunib, uning yoʻnalishlarini aniqlagan holda, individual xatolardan, shu jumladan, ataylab oxiri yoʻq yoʻllarni tanlashdan qochish, takomillashtirish jarayonini boshqarish lozim.

    Mamlakatimizda bozor islohotlari boshlanganidan beri Fuqarolik kodeksi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonunlarda intellektual mulk himoyasini tartibga soluvchi huquqiy normalar tubdan qayta koʻrildi. Ushbu sohadagi qonunchilik, asosan, xalqaro standartlarga yaqinlashtirildi. Bundan tashqari, qabul qilingan qonunlarda Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etadigan xalqaro shartnomalarning ichki milliy qonunchilikka nisbatan ustuvorligi mustahkamlandi. Ushbu qoida milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq ravishda yana-da takomillashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

    Ayni paytda intellektual faoliyatni tegishli ilmiy-texnik darajada tutib turish uchun qoʻshimcha xarajat ham talab qilinmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ziyolilar ijod obyektining kapital intensivligini oshiradi. Isteʼmol qiymati yuqori boʻlgan nomoddiy mahsulotlardan foydalanish imkoniyati ularning kapital intensivligini qoplash imkonini beradi.

    Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida biznes koʻplab talablar va shartlarning bajarilishini oʻz ichiga olgan murakkab hamda koʻp qirrali jarayondir. Ushbu jarayonda koʻpincha asosiy omil unutiladi — bu intellektual mulkdan samarali foydalanish va himoya qilishni taʼminlash masalasi. Biznesning muvaffaqiyati esa shunga bogʻliq. Har qanday biznes biror gʻoya yoki aqlli yechimga asoslangan. Agar biznes taraqqiy etgan boʻlsa, unda rivojlanish va diversifikatsiya yoʻnalishlari mavjud boʻlib, ular, oʻz navbatida, asl gʻoya va yangi yechimlarga asoslanadi. Ularning ravnaqi haqida qaygʻurmasak va huquqiy himoyasini taʼminlamasak, raqobatchilar biznes jarayonini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.

    Mamlakatimizda intellektual mulkdan foydalanish boʻyicha vaziyatni yana-da yaxshilash zarurati mavjud. Bu intellektual mahsulotlar uchun sivilizatsiya bozorini yaratish imkonini bermaydi. Intellektual mulk sohasidagi birinchi dolzarb masala — bu intellektual mahsulot egalarining mualliflik va boshqa huquqlarining buzilishi hamda intellektual mulkni himoya qilishdir. Uning yechimini topish iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun ham juda muhim.

    Intellektual mulk sohasidagi ikkinchi masala — intellektual mahsulot egalari, jumladan, olim, muhandis, texnolog, yozuvchi va boshqalarning ijtimoiy darajasi pastligi. Bunday mahsulot mualliflari koʻpincha uni yurtimiz hududida ishlatishdan manfaatdor emas. Chunki bir tomondan yangilik juda past baholanadi. Boshqa jihatdan, agar tatbiq etilsa ham mulkiy huquqlarni himoya qilish choralari zarur darajada ishlamaydi. Bu esa chet elga sarmoya kiritish va foydalanish uchun oʻz tajribalarini yuqori darajada oʻtkazish niqobi ostida juda koʻp noyob ishlanmalarning mamlakatimizdan chiqib ketishiga sabab boʻladi. Ammo bu jarayonda eng salbiy holat nafaqat intellektual mahsulot, balki mualliflarining ham chet elga chiqib ketishidir.

    Intellektual mulk sohasidagi uchinchi masala — yuqori samarali ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarish hamda qoʻllash darajasining pastligi. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi koʻrsatilgan ishlanmalarning notoʻliqligi bilan bogʻliq. Ikkinchi jiddiy sababi — davlatda intellektual mahsulotni ishlab chiqarish va bozorda ilgari surish uchun ixtisoslashgan firma va tashkilotlarning yoʻqligi.

    Toʻrtinchi masala — intellektual mulk sohasi boʻyicha aholining huquqiy va iqtisodiy savodxon emasligi. Intellektual salohiyat yuqori boʻlgan mamlakatda sanoat mulki va mualliflik huquqi sohasida davlatga juda kerakli mutaxassislarni tayyorlash uchun taʼlim muassasalarini rivojlantirish zarurati mavjud boʻladi.

    Nihoyat, sohadagi beshinchi masala — bu intellektual mulkning har xil turlarini tovar sifatida oʻtkazish nuqtayi nazaridan baholash tizimi mezonlari va tizimning ijobiy darajada emasligi, yaʼni uning investitsiyaviy jozibadorligi inobatga olinmagani.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonda intellektual mulk obyektlarini realizatsiya qilishning oʻziga xos xususiyatlari borligini yodda tutish kerak. Chunki bu iqtisodiyotning umumiy holatini aks ettiradi. Shu bois, milliy intellektual salohiyat yoʻqolishining oldini olish uchun ilm-fan va taʼlimga sarflanadigan mablagʻni sezilarli darajada koʻpaytirish, innovatsion tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy motivatsiyasini kuchaytirish zarur.

    Intellektual mulk obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun bojlarning yuqori stavkada etib belgilangani xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bozorimizga kirib kelishiga toʻsqinlik qiluvchi omillardandir.

    Bundan tashqari, tovar belgilari — boshqa ishlab chiqaruvchilarning brendini oʻzlashtirib olish holatlari mavjud. Dunyoga mashhur bir qator brendlar vakillari bozorimizga kirishda tovar belgilari tufayli qiyinchiliklarga duch kelishdi. Chunki ular dastlab egalik qilgan brendlar ayrim “tashabbuskor” yurtdoshlarimiz nomiga roʻyxatdan oʻtgan.

    Ushbu sohadagi huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash orqali huquq egalarining qonuniy manfaatlarini taʼminlash va himoya qilishga eʼtibor qaratilmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qoida tariqasida deklarativ prinsip asosida ishlaydi: kimdir ularga murojaat qilishi va intellektual mulk huquqlari buzilganini koʻrsatishi kerak. Qonun hujjatlarida vijdonli huquq egalarining manfaati buzilgan taqdirda tovon puli undirishning samarali mexanizmlari nazarda tutilmagan.

    Shularga qaramasdan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soʻnggi oʻzgarishlar va ulardan kutilayotgan natijalar sohaning rivojlanishiga katta ishonch uygʻotmoqda. Bunga misol tariqasida Prezidentimizning “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinganini taʼkidlash joiz. Shuningdek, mamlakatimiz soʻnggi yillarda bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qildi.

    Muxtasar aytganda, yurtimizda intellektual mulk obyektlari huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq qonun hujjatlarini takomillashtirish, shu orqali ushbu obyektlarga nisbatan huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish tizimini yaratish, shuningdek, sohaga doir davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga eʼtibor yana-da ortmoqda. Zero, intellektual mulk iqtisodiy taraqqiyotning muhim asosidir.

    Iroda YAQUBOVA,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    intellektual mulk huquqi kafedrasi dotsenti