Intellektual mulk himoyasi boʻyicha Davlat bojxona qoʻmitasiga vazifalar yuklatildi

    Ijtimoiy hayot 18 May 2022 2250

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat — tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksport qilishda hamda tovar brendini shakllantirishda qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.

    Kuni kecha ana shu masala yuzasidan Fargʻona viloyat adliya boshqarmasida targʻibot tadbiri tashkil etildi.

    Aytish joizki, mazkur qaror bilan Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Ayni kunlarda qaror mazmun mohiyatini tadbirkorlar va ishbilarmonlarga tushuntirish va yaratilgan imkoniyatlarni yetkazish maqsadida joylarda keng qamrovli targʻibot tadbirlari olib borilyapti. Ana shu tadbirlar samarasi oʻlaroq adliya organlarining huquqiy koʻmaklashishlari natijasida birgina Fargʻona viloyatida 280 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari ortiqcha sarsongarchiliklarsiz oʻz brendlariga ega boʻldi.

    Tadbir davomida taʼkidlandiki, mazkur qarorga koʻra, endilikda intellektual mulkni himoya qilish boʻyicha Davlat bojxona qoʻmitasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentliklariga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi. Respublika bojxona chegarasi orqali intellektual mulkni himoya qilish tartiblari takomillashtirilib, bojxona organlarining bu sohadagi faoliyati faollashtirildi.

    Eʼtiborli jihati shundaki, qarorga binoan tizimli ravishda “qaroqchi”lik bilan shugʻullanuvchi va ijodkorlarning huquqlarini buzuvchi koʻngilochar veb-saytlar faoliyatiga chek qoʻyiladi.

    Intellektual mulk muhofazasi va qonuniy himoya tizimining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi esa, investitsiyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilishi, ixtirochilik salohiyati va texnologiyalarining keng yoyilishiga yoʻl ochadi. Bu esa, oʻz navbatida, inson kapitalining rivojlanishi va qoʻshimcha moddiy daromadlarning oshishiga olib keladi.

    Tadbir yakunida intellektual mulk sohasida oʻz brendlariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga guvohnomalar topshirildi.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.