Intellektual mulk muhofazasi jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi

    Jahon intellektual mulk tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda jahonda 579 ta universitet va ilmiy-tadqiqot instituti intellektual mulk bo'yicha o'z siyosatini ishlab chiqqan.

    Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda intellektual mulk ob'ektlari — ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar va boshqalarni huquqiy muhofazaga olish hamda ularni tijoratlashtirish dolzarb vazifadir.

    Joriy yil 12 oktyabrda Prezidentimiz raisligida intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo'lib o'tgan yig'ilishda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

    Aytish kerakki, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari yaratgan intellektual mulk ob'ektlarining tijoratlashtirish tizimi keng yo'lga qo'yilsa, undan olinadigan iqtisodiy foyda mazkur muassasalar faoliyatini yanada rag'batlantirishga turtki bo'ladi. Shuningdek, mavjud intellektual mulkni boshqarish tizimini shakllantirish va takomillashtirishga katta hissa qo'shadi.

    Bugungi kunda yuqorida qayd etilgan muassasalarda intellektual mulkni boshqarish bo'yicha tizimli yondashuvni shakllantirish, shuningdek, ularni tijoratlashtirish bilan bog'liq nazariy va amaliy muammolarni hal etish uchun har bir tashkilot kesimida intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo'yicha uch yillik dastur yoki intellektual mulk siyosatini ishlab chiqish davr talabi hisoblanadi.

    Bu borada xorijiy tajribani o'rganish muhim ahamiyatga ega. Xorijiy universitetlarda, xususan, AQSH oliy ta'lim muassasalarida intellektual mulk siyosatini shakllantirish bo'yicha katta tajriba to'plangan. 1932 yilda jahon amaliyotida birinchi marta Massachusets texnologiya instituti rasmiy patent siyosatini, 1940 yilda esa patent siyosati va uning protseduralari to'g'risidagi rasmiy nizomni qabul qilgan.

    Kaliforniya universiteti 1943 yilda, Pensil`vaniya universiteti 1953 yilda, Garvard universiteti esa 1975 yilda rasmiy patent siyosatini qabul qildi. 1980-1990 yillarda AQSHda universitetlarning intellektual faoliyati natijalarini tijoratlashtirish bilan bog'liq masalalar yuzasidan bir necha qonunchilik hujjati amalga kiritildi.

    Koreya Respublikasida ham birinchilardan bo'lib, universitetlar va korxonalar o'rtasida yaqin amaliy munosabatlar o'rnatilishi muhimligini anglab, mamlakatda universitetlar va biznes o'rtasida keng ko'lamli hamkorlik qilish uchun bir qator qonunlar qabul qilingan.

    1990 yillarning oxirlarida Yaponiya firmalarining axborot texnologiyalari va biotexnologiyalar kabi muhim sohalarda AQSH kompaniyalariga nisbatan raqobatbardoshligini yo'qotishi mazkur davlatda universitetlar va sanoat o'rtasidagi o'zaro qo'llab-quvvatlovchi aloqalar o'rnatilishiga zamin bo'ldi. Kompaniyalar o'zlarining barcha tadqiqotlarini mustaqil bajarish o'rniga universitetlarda to'plangan bilimlardan foydalanishga qiziqish kuchaydi. Raqobat bosimi ostida universitetlar tomonidan ishlab chiqilgan ilg'or bilimlardan foydalanish YAponiya uchun eng ustuvor masalaga aylandi. Natijada mamlakatning etakchi universitetlari intellektual mulk sohasida o'z siyosatini ishlab chiqdi.

    Jahon intellektual mulk tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda jahonda 579 ta universitet va ilmiy-tadqiqot instituti intellektual mulk bo'yicha o'z siyosatini ishlab chiqqan.

    Turli mamlakatlardagi universitetlarning tajribasi shuni ko'rsatadiki, “fundamental tadqiqotlardan sanoat ishlab chiqarish bosqichiga qadar” kontseptsiyasi muvaffaqiyatining asosi intellektual mulk ob'ektlarini yaratish, ularni muhofaza qilish va tijoratlashtirish jarayonlarini ta'minlaydigan samarali ishlaydigan huquqiy mexanizmni shakllantirishdan iborat. Boshqacha aytganda, bu ko'p jihatdan universitetning yaxshi shakllangan intellektual mulk siyosatiga bog'liq.

    Jahondagi etakchi universitetlarning amaldagi intellektual mulk siyosati tahlili shuni ko'rsatadiki, bu huquqiy mexanizm universitetning tadqiqot natijalarini yaratish va amalda qo'llashni rag'batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda barcha manfaatdor tomonlarning huquq va harakatlari aniq belgilangan, tadqiqot va ta'limni yanada qo'llab-quvvatlash uchun intellektual mulk huquqlarini amalga oshirishdan daromad olish nazarda tutilgan.

    Ushbu sohada xalqaro tajribani o'rganish maqsadida yaqinda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo'yicha uch yillik dasturlarni ishlab chiqish bo'yicha xalqaro ekspert Ron Marchant ishtirokida uchrashuv hamda “Ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari uchun intellektual mulk siyosati” mavzusida onlayn seminar tashkillashtirildi.

    Bunday tadbirlar va xalqaro hamkorlikdagi loyihalar intellektual mulkni boshqarish sohasida xorij tajribasini chuqur o'rganish, mamlakatimiz ilm-fan tizimida undan samarali foydalanish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o'zining innovatsion strategiyasini shakllantirishida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

    Zebuniso NURIDDINOVA,

    Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi xalqaro hamkorlik bo'limi bosh mutaxassisi