Intellektual mulk muhofazasida qat'iy choralar zarur

    Mashhur kino qahramonlari va o'quv-ilmiy nashrlardan foydalanish huquqiga litsenziya berish natijasida tegishli davlatlar milliardlab dollar daromad ko'rmoqda.

    Bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir davlat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu sohada mustahkam himoya tizimining mavjudligi ilmiy tadqiqotlarni rag'batlantirish, iqtisodiyot, innovatsiyalar, madaniyat, adabiyot va san'atni rivojlantirish, fan-texnika yutuqlarini amaliyotga samarali tatbiq etish, pirovardida, mamlakatning iqtisodiy va intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq, “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Unda “Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to'g'risida”gi va “Firma nomlari to'g'risida”gi qonunlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish ham nazarda tutilgan. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiya yig'ilishlarida ko'rib chiqildi. Mazkur masalalarning dolzarbligi, ahamiyati haqida so'z borar ekan, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda intellektual mulkning huquqiy himoyasini mustahkamlash, intellektual mulk obyektlaridan foydalanuvchi barcha shaxslarda mas'uliyat hissini kuchaytirish, intellektual mulkka ega bo'lishdan foyda kelishini haqiqiy ma'noda ta'minlashga ham xizmat qilishi ta'kidlandi.

    Xo'sh, biz ko'p eshitadigan, ammo aksariyat hollarda amal qilmaydigan intellektual mulk huquqi o'zi nima? Nima sababdan intellektual mulk muhofazasi va rivojiga e'tibor bu qadar kuchaymoqda?

    Uni oddiygina qilib, inson tomonidan yaratiladigan ijodiy aqliy faoliyat mahsuli, deya ta'riflash mumkin. Intellektual mulk iqtisodiyot rivojlanishining tarkibiy qismlaridan biri hamdir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari iqtisodiyotida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar katta daromad keltiruvchi sohaga aylanib ulgurgan. Masalan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, mashhur kino qahramonlari va o'quv-ilmiy nashrlardan foydalanish huquqiga litsenziya berish natijasida tegishli davlatlar milliardlab dollar daromad ko'rmoqda. Shu bois, rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasida intellektual mulk rivojiga katta e'tibor qaratilgani holda, ularning investitsiyaviy jozibadorligi yaxshilangan, uning ichki yalpi mahsulotdagi ulushi keskin ortib bormoqda. Misol uchun, intellektual mulk Evropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada esa 7 foizni tashkil etadi. Xalqaro tajribalar tahlilidan ma'lumki, bugungi taraqqiy etgan aksariyat davlatlar iqtisodiyoti yuqori o'sishining asosiy omillaridan biri aynan intellektual mulk va uning mustahkam huquqiy himoyasi ta'minlanganligi tufaylidir.

    Mamlakatimizda izchil iqtisodiy faollikning oshib borishi bilan intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta'minlash borasida ham aniq chora-tadbirlar olib borilyapti. Jumladan, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga barham berish, davlat xizmatlari ko'rsatish tizimida samaradorlikni ta'minlash, idoralararo ishonchli va tezkor hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha olib borilayotgan ishlar soha rivojiga xizmat qilmoqda.

    2019-yildan tovar belgisi, xizmat ko'rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini ro'yxatdan o'tkazish uchun talabnomalar topshirilgach, bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma'lumotlarni veb-saytga joylashtirish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Intellektual mulk ob'ektlariga bo'lgan huquq egalari murojaatiga muvofiq, himoya jarayoni 2020-yildan boshlab yanada faollashtirildi. Hisob-kitoblarga ko'ra, 2020-yilda mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilardan ro'yxatdan o'tkazish uchun 1 088 ta ixtiro, foydali model va sanoat namunasi hamda 4 123 ta tovar belgisi uchun talabnoma qabul qilingan bo'lib, ulardan 493 ta ixtiro, foydali model va sanoat namunasi, 1 459 ta tovar belgisi ro'yxatdan o'tkazildi. Bu yurtimizda tovar belgilariga ega bo'lish talabining oshish tendentsiyasi kuzatilayotganidan dalolatdir.

    Huquqbuzarliklar takror davom etmoqda

    Biroq bugungi kunda qonunchilikda intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik, nomulkiy huquqlarga daxl qilganlik uchun javobgarlikning qat'iylashtirilmagani, ma'muriy va jinoiy qonunchilikda umumiy uyg'unlikning yo'qligi, belgilangan ma'muriy jazoni, aynan jarimani yuridik shaxsning rahbari mansabdor shaxs sifatida to'lab, bu kabi huquqbuzarliklarni takror davom ettirayotganlik holatlari uchramoqda. Natijada intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish va ularni huquqiy himoya qilish bo'yicha huquq egalaridan asosli murojaatlar bildirilyapti. Birgina 2020-yil davomida sudlarda intellektual mulk ob'ektlariga oid 241 ta ishlar ko'rilgan bo'lsa, ularning 90 foizi aynan tovar belgilariga taalluqli ekani qayd etildi. O'sha yili O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi tomonidan intellektual mulkka oid 34 ta ish ko'rildi.

    Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o'z navbatida mavjud qonunchilikni jahon tajribasi va xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish, ayniqsa, iqtisodiyotni innovatsiyalashtirish intellektual mulk muhofazasini mustahkamlashni taqozo etadi. YUqoridagi qonun loyihasida esa ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Unda shuningdek, intellektual mulk ob'ektlariga oid qonun buzilish holatlarini sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan qo'llaniladigan moliyaviy sanktsiyalar va ularning qo'llanilish mexanizmi, tovar belgisi va xizmat ko'rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro'yxatdan o'tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlarning bekor bo'lishi o'z ifodasini topgan.

    Muhim jihatlardan yana biri, tovar belgisini davlat ro'yxatidan o'tkazish jarayoni ma'lum muddatni (8 oy) talab qilishini inobatga oladigan bo'lsak, tadbirkorlik sub'ektini davlat ro'yxatidan o'tkazmasdan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalda boshlamasdan oldin tovar belgisi (xizmat ko'rsatish belgisi)ni ro'yxatga olish yuzasidan talabnoma topshirish maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu esa kelgusida o'zganing tovar belgisi (xizmat ko'rsatish belgisi)ni noqonuniy ishlatish kabi nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasiga Intellektual mulk sohasidagi ayrim huquq buzilishi holatlari, xususan, ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga bo'lgan huquqlarni buzish hamda o'zganing tovar belgisi, xizmat ko'rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun tegishli yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda moliyaviy sanktsiya (jarima) qo'llanilishi to'g'risidagi norma kiritilmoqda.

    Xorijiy tajribaga nazar solsak, bu borada qat'iy choralar belgilanganiga guvoh bo'lamiz. Masalan, Moldova, Belarus, Italiya, Koreya Respublikasida yuridik shaxslar sanoat mulki bo'yicha milliy qonunchilik va xalqaro bitimlar normalarini buzgan taqdirda 2500 — 6000 AQSH dollari miqdorida jarimaga tortiladi. Qolaversa, faoliyat yuritishni to'xtatish, tovarlar va xizmatlarni reklama qilishni taqiqlash kabi huquqiy ta'sir choralari ham qo'llaniladi.

    O'zganing “nomi”dan foydalanish qonunga xilof!

    Hozirgi vaqtda respublikamizda firma nomlariga bo'lgan huquqlarning buzilishi bilan bog'liq nizolar soni borgan sari ko'payib bormoqda. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda belgilangan sanktsiyalar miqdorining kamligi, qonunchilikda boshqa huquqiy ta'sir choralarining mavjud emasligi esa huquqbuzarlik ko'lamining ortib borishiga sabab bo'lyapti.

    Amaliyotda ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan boshqa yuridik shaxslarning keng jamoatchilikka mashhur bo'lgan firma nomidan huquq egasining ruxsatisiz o'zining firma nomlarida foydalanishi natijasida yuridik shaxslarning ishchanlik obro'siga salbiy ta'sir ko'rsatishiga, iste'molchilarda ushbu sub'ektlar tomonidan o'zgalarning tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar sabab firma nomining asl egalari haqida yanglish tasavvurlar paydo bo'lishiga olib kelmoqda. Xususan, “Knauf Gips KG”, “Marmaks”, “The Coca-Cola Company” singari nomlar mamlakatda eng ko'p qonunga xilof ravishda foydalaniladigan firma nomlari sirasiga kiradi.

    Intellektual mulk agentligi tomonidan ishlab chiqilgan kontrafakt oziq-ovqat, kiyim-kechak, gigiena va parfyumeriya hamda boshqa xo'jalik mahsulotlar katalogidagi 300 dan ortiq mahsulotni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo'llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o'zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o'xshash bo'lgan bir xildagi tovarlarni, ya'ni tovar belgisiga oid mutlaq huquqning buzilayotganligini ko'rishimiz mumkin.

    Yurtimizda faoliyat olib borayotgan bir qator xorijiy brendlar tomonidan o'z mahsulotlarining kontrafaktsiyadan himoya qilinishi bo'yicha sudga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va yuqori instantsiyalarga ko'plab murojaatlar tushishi boisi ham shunda. Achinarlisi, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilgan tahliliy ma'lumotnomalarda intellektual mulk ob'ektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun qo'llanilayotgan ta'sir choralarining mazkur huquqbuzilishi holatlarini to'xtatish uchun etarli bo'lmayotgani qayd etilmoqda.

    Yuridik shaxslar tomonidan o'zganing mulki bo'lgan intellektual mulk ob'ektlaridan huquq egasidan ruxsat olmagan holda foydalanilishi ushbu tashkilotlarning faoliyatiga bevosita tegishlidir. Aynan mazkur faoliyat katta daromad ko'rishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, qo'llaniladigan huquqiy ta'sir choralari ham mutanosib ravishda bo'lishi maqsadga muvofiq.

    Shu nuqtai nazardan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yuridik shaxslarning korporativ javobgarligi bo'yicha normalarning kiritilishi hamda intellektual mulk sohasi o'sishiga katta yo'l ochadi. Intellektual mulk ob'ektlariga ega bo'lish rivojlanish yo'liga qadam qo'ygan milliy kompaniyalar uchun o'ziga xos nufuzni va tan olinishni anglatadi. Bu boradagi qonunchilikni qat'iylashtirish mamlakatga o'z tovar belgisi yoki sanoat namunasi bilan kirish istagida bo'lgan chet ellik investorlar uchun yaxshi ma'noda “qo'ng'iroq” bo'ladi.

    Botir MARDAYEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati,

    Sanoat, qurilish va savdo

    masalalari qo'mitasi a'zosi