Shu bois, jamiyatda ilm-fan salohiyatini yuksaltirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini hamda intellektual mulk himoyasini ta'minlash muhim ahamiyatga ega.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan  o'tkazilgan yig'ilishda sohada bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar chuqur tahlil qilindi. Tizimdagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish uchun asosiy vazifalar belgilandi. Xususan, har bir davlat idorasiga sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Shuningdek,  intellektual mulk himoyasini kuchaytirish yuzasidan har bir idora va tarmoqqa ilmiy yutuqlarni olib kirish masalalari ko'rib chiqildi.

Prezidentimiz milliy brend yaratish masalasiga ham alohida to'xtaldi. Darhaqiqat, bugun milliy brend mahsulot yaratish va uni jahon bozoriga targ'ib etish mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatining oshishiga, iqtisodiy nufuziga ta'sir ko'rsatadi. Qolaversa, intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish, mukammal mahsulot ishlab chiqarish va ularni sotishda katta daromad olish imkonini beradi.

Milliy brendning yaratilishiga hissa qo'shadigan intellektual mulk muhitini tubdan yangilash kerak. Har bir idora va tarmoqlarga intellektual mulk ob'ektlarini kiritish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish lozim. Jumladan, Intellektual mulk agentligi barcha sohalarda 3 yillik dasturlarni ishlab chiqishda to'liq hamkorlikni amalga oshiradi. Xususan, milliy brendlar qanday yaratilishi, ularning milliy va xalqaro ro'yxatdan o'tkazilishi bo'yicha barcha soha va tarmoqlar bilan yaqindan hamkorlik o'rnatadi va ularga amaliy yordam ko'rsatadi.

Demak, biz bugun intellektual mulk sohasini tubdan isloh qilish bo'yicha istiqboldagi rejalarni amalga oshirishimiz kerak. Xususan, intellektual mulk sohasidagi huquqiy himoyani yanada kuchaytirish maqsadida Adliya vazirligining shtatlar doirasida va ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda hududlarda 28 ta shtat birligidan iborat bo'lgan intellektual mulk muhofazasi markazlarini joriy etish lozim. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'ektlariga yanada qulaylik yaratish uchun intellektual mulk ob'ektlarini davlat ro'yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibini joriy etish zarur. Yana bir muhim masala — qishloq xo'jaligi madaniyati va an'anaviy hunarmandchilik sohalarida milliy brendni rivojlantirish maqsadida “Geografik ko'rsatkichlar to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratish bugungi kundagi eng katta vazifalarimizdan bo'lib turibdi.

Yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan mualliflik huquqi muhofazasini oshirishga alohida e'tibor qaratish kerakligi ta'kidlandi. Bu bejiz emas. Hozirgi kunda mualliflik huquqlarining buzilishi dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Yozuvchilarning asarlari mualliflik haqi to'lanmasdan, ommaviy ijtimoiy tarmoqlarda, asosan telegram tarmog'i orqali, hamda “qaroqchi” saytlarda tezkorlik bilan tarqalib ketyapti. Bu esa muallifning o'z asari uchun qonuniy daromad olishiga katta to'siq bo'lib kelmoqda. Agar mualliflar o'z asarlaridan qonuniy daromad olmas ekan, bu sohada katta to'siq bo'lishiga olib keladi.

Demak, bu kabi holatlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning internet tarmog'idagi himoyasini to'liq ta'minlash mexanizmini ishlab chiqish hamda ushbu sohada javobgarlikni kuchaytirish zaruratini ko'rsatmoqda. Bunda  “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida”gi qonunning jamoaviy asosda boshqaruv bo'yicha bandiga qo'shimcha kiritish kerak. Ya'ni mualliflik huquqi va turdosh huquq egalarining huquqlarini himoya qilish bo'yicha 5 ta mulkiy huquqni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tizimli va samarali hamkorlik qilishni yo'lga qo'yish dolzarb vazifadir.

Xulosa qilib aytganda, bugun biz yangi g'oyalar va innovatsiyalarni amalda targ'ib etishda jahon tajribasini qo'llagan holda intellektual mulk himoyasini kuchaytirishimiz, bu borada puxta tuzilgan strategik reja ishlab chiqishimiz lozim. Zero, bu sohadagi ishlar jamiyatni innovatsion rivojlantirish va yuksak taraqqiyotga erishishda muhim omil bo'lib xizmat qilajak.

To'lqin ABDUSATTOROV,

Adliya vazirligi  huzuridagi

Intellektual mulk agentligi direktori