Biroq internetda uchraydigan har qanday ma’lumot ham ishonchli yoki har bir inson uchun to‘g‘ri bo‘lavermaydi.
Ayniqsa, salomatlik masalasida shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ba’zi ota-onalar farzandi betob bo‘lganida avval shifokorga emas, balki ijtimoiy tarmoqlardagi maslahat guruhlariga murojaat qiladi. Izohlarda esa ko‘pincha “mening bolamga shu dori yordam bergan”, “biz ham shu dorini ichganmiz” yoki “falon dori tezda tuzatadi” kabi shaxsiy tajribalar ulashiladi.
Biroq bir insonga foyda bergan dori vositasi boshqasi uchun ham samarali yoki xavfsiz bo‘ladi, degani emas. Chunki har bir insonning yoshi, organizmi, salomatlik holati, kasallik tarixi va dori vositalariga sezuvchanligi turlicha.
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozir ham internetdagi reklamalar yoki tanishlar tavsiyasiga ishonib, dori vositalarini shifokor maslahatisiz qabul qilish holatlari uchrab turibdi.
Mutaxassislar ayniqsa antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish xavfli ekanini ta’kidlaydi. Bunday holat bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligini kuchaytirishi, kasallik belgilarini vaqtincha yashirishi va to‘g‘ri tashxis qo‘yishni qiyinlashtirishi mumkin. Natijada davolanish kechikadi va kasallik og‘irlashishi ehtimoli ortadi.
Dori vositasi reklamasiga ishonishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerak?
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti matbuot kotibi Mavluda Toshpo‘latovaning ta’kidlashicha, dori vositasi yoki biologik faol qo‘shimcha (BFQ) haqidagi reklamani ko‘rganda quyidagi savollarni o‘zingizga berish muhim:
• Ma’lumotni kim taqdim etgan?
• Manba ishonchlimi va mutaxassis haqida ma’lumot mavjudmi?
• Mahsulot haqidagi ma’lumotlar ilmiy dalillarga asoslanganmi?
• “100 foiz samarali”, “nojo‘ya ta’siri yo‘q”, “tezda davolaydi” kabi va’dalar berilmaganmi?
• Bu dori yoki mahsulot sizga haqiqatan ham kerakmi?
• Uni qabul qilishdan oldin shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashdingizmi?
• Ma’lumotni boshqa ishonchli tibbiy manbalar orqali ham tekshirdingizmi?
Mutaxassisning aytishicha, faqat reklamaga emas, balki rasmiy va ishonchli tibbiy ma’lumotlarga tayanish zarur.
Dori vositasi va BFQ o‘rtasida qanday farq bor?
Suhbat davomida dori vositalari bilan biologik faol qo‘shimchalar o‘rtasidagi farq ham tushuntirildi.
Dori vositasi — kasalliklarni davolash, oldini olish yoki tashxis qo‘yish maqsadida qo‘llaniladigan hamda samaradorligi va xavfsizligi belgilangan tartibda baholangan mahsulot hisoblanadi.
Biologik faol qo‘shimcha (BFQ) esa ovqatlanish ratsionini to‘ldirish uchun mo‘ljallangan mahsulot bo‘lib, u dori vositasi o‘rnini bosmaydi.
Shuning uchun BFQni kasalliklarni davolaydigan vosita sifatida qabul qilish xato hisoblanadi. “Barcha kasalliklarga davo” yoki “mo‘jizaviy natija” kabi da’volarga tanqidiy yondashish lozim.
Internet orqali dori sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Internet orqali dori vositalarini xarid qilishda quyidagi qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:
• faqat qonuniy faoliyat yurituvchi va ishonchli onlayn dorixonalardan foydalanish;
• dorining nomi, ishlab chiqaruvchisi, yaroqlilik muddati va saqlash shartlarini tekshirish;
• juda arzon narxda taklif qilinayotgan mahsulotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish;
• noma’lum sotuvchilardan dori vositalarini sotib olmaslik;
• dori qabul qilishdan oldin shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashish.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, internet orqali sotilayotgan har qanday mahsulot ham sifatli yoki xavfsiz bo‘lavermaydi.
Internetdagi tibbiy maslahatlarni qanday tekshirish mumkin?
Internetda uchragan tibbiy ma’lumotga ishonishdan oldin quyidagi jihatlarga e’tibor berish kerak:
• ma’lumot qaysi sayt yoki tashkilot tomonidan taqdim etilgan?
• muallif tibbiy ma’lumot va amaliy tajribaga egami?
• tavsiyalar ilmiy tadqiqotlar yoki rasmiy tibbiy qo‘llanmalar bilan tasdiqlanganmi?
• boshqa ishonchli manbalar ham shu ma’lumotni tasdiqlaydimi?
• “100 foiz samara”, “mo‘jizaviy davo”, “barcha kasallikka davo” kabi asossiz va’dalar berilmaganmi?
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti mutaxassislari ta’kidlashicha, internetdagi maslahatlar shifokor ko‘rigi va tashxisining o‘rnini bosa olmaydi. Turli kasalliklarning belgilari o‘xshash bo‘lishi mumkin, ammo ular mutlaqo boshqacha davolashni talab qiladi. Shuning uchun to‘g‘ri tashxisni faqat shifokor qo‘yishi mumkin.
To‘g‘ri, maslahat berish ham, uni qabul qilish ham oson. Ammo salomatlik masalasida har qanday tavsiyaga ko‘r-ko‘rona ishonish to‘g‘ri emas. Zero, har bir insonning sog‘lig‘i, eng avvalo, uning o‘zi uchun qadrli — deydi mutaxassis.
Eng muhimi, dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish yoki internetdagi tavsiyalarga asoslanib davolanish jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Sog‘liq bilan bog‘liq to‘g‘ri qarorlar esa ishonchli ma’lumot va shifokor tavsiyasiga asoslanganda eng xavfsiz va samarali bo‘ladi.
Madina Botirjonova