Internet tufayli masofadan turib o'qish, ishlash, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar almashish, onlayn tarzda to'lovlarni amalga oshirish, taksi chaqirish, tovar buyurtma qilish imkoni yaratildi.
Tanganing ikki tomoni bo'lganidek, har qanday narsa me'yorida va to'g'ri foydalanilsa, u samara beradi. Biroq bugun vaziyat shu darajaga etdiki, odamlar orasida virtual olamga sho'ng'ib ketib, bo'lar-bo'lmas saytlar, kontentlar, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab vaqt o'tkazib, real hayotni unitib qo'yish holatlari ham kuchayib bormoqda. Internetdan haddan tashqari ko'p foydalanish tufayli unga qaramlikning yuzaga kelish xavfi ham tobora ortib boryapti.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, hozirda dunyo bo'ylab taxminan 5,44 milliard kishi internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lib, bu jahon aholisining qariyb 66 foizini tashkil etadi. Mutaxassislar 2029-yilga kelib bu ko'rsatkich 7,9 milliard nafarga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
O'rtacha hisobda insonlar kuniga 6,5 soat internetda vaqt o'tkazadi. Ayniqsa, 16 – 24 yosh oralig'idagi yoshlar internetdan 55 – 64 yoshdagilarga nisbatan kuniga 2,3 soatga ko'proq foydalanishmoqda. Kichik yoshdagi bolalar orasida ham bu ko'rsatkich o'sib bormoqda. Masalan, AQShda 8 – 12 yoshli bolalar internetda kuniga 4 – 6 soat, 11 – 14 yoshli o'smirlar esa 9 soatgacha vaqt sarflayotgani qayd etilgan.
Bu holat mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda. Chunki internetga qaramlik nafaqat ruhiy barqarorlikka, balki bolalar va o'smirlarning jismoniy salomatligiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.
JSST: Bu global muammo
Internetga qaramlik – insonning vaqtni nazorat qilmasdan, internetdan haddan tashqari ko'p foydalanishidir. Bu holat xavotir, depressiya, uyqu buzilishi, diqqatni jamlashning qiyinlashishi, jismoniy og'riqlar va ijtimoiy aloqalarning zaiflashishiga olib keladi.
Muammo shunchalik keng yoyilganki, 2020-yilda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti internetga qaramlikni global muammo sifatida tan oldi. Hozircha u rasman ruhiy kasallik sifatida e'tirof etilmagan bo'lsa-da, biroq internet o'yinlariga qaramlik davolashni talab qiladigan holat hisoblanadi.
Tadqiqotlar bolalar va o'smirlar orasida internetga qaramlik darajasi yuqori ekanini ko'rsatmoqda. So'nggi 30 yil davomida o'tkazilgan 16 ta tadqiqotning meta-tahlili o'smirlarning taxminan 4,6 foizi internet o'yinlariga qaram ekanini ko'rsatdi. Mazkur holat o'smirlar miyasi hali to'liq shakllanmagani va onlayn stressga chidamsizligi bilan izohlanadi.
JSST o'smirlarning smartfonlardan foydalanishini cheklashga chaqirmoqda. Bu ayrim o'smirlarning foydali internet manbalaridan foydalanish o'rniga, o'z vaqtini behuda sarflab ma'naviyatga putur yetkazadigan saytlar, onlayn o'yinlarga mukkasidan ketayotgani bilan bog'liq.
“Mamlakatlar ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarning ruhiy salomatligiga tobora ortib borayotgan salbiy ta'siriga qarshi kurashish uchun smartfonlar kabi raqamli qurilmalarni tamaki mahsulotlari kabi tartibga solish masalasini ko'rib chiqishlari kerak”, dedi JSSTning Milliy sog'liqni saqlash strategiyalari va tizimlari direktori Natasha Atstsopardi Muskat.
Uning qo'shimcha qilishicha, “bolalarni raqamli dunyo emas, balki bolalalar uni boshqarishi uchun” ularga zarur bilimlarni berish juda muhimdir.
Virtual olamga qaramlikning sabablari
Olimlar internetga qaramlikning asosiy sabablarini uch guruhga ajratadi. Birinchi sabab – muloqotdagi qiyinchiliklar. Real hayotda odamlar bilan munosabat o'rnatishda qiynaladigan shaxslar virtual muhitda o'zini erkinroq his qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish ijtimoiy ko'nikmalarni kamroq talab etgani sababli uyatchan va tortinchoq insonlarni o'ziga ko'proq qaram qilmoqda.
Ikkinchi omil – yolg'izlik. Yaqin do'stlari yoki ijtimoiy qo'llab-quvvatlovi bo'lmagan insonlar internet orqali yolg'izlik hissini kamaytirishga harakat qiladi. Aksincha, sog'lom ijtimoiy munosabatlar internetga qaramlik xavfini pasaytiradi.
Uchinchi sabab – moliyaviy muammolar. Ishsizlik yoki kam daromad insonda hayotdan norozilik va o'z kuchiga ishonchsizlikni yuzaga keltiradi. Bunday holatda virtual olam haqiqiy muammolardan qochish vositasiga aylanadi. Ayniqsa, moliyaviy mustaqillikka ega bo'lmagan talabalar internetga qaramlikka ko'proq moyil bo'ladi.
Sog'liq uchun zararli
Internetdan haddan tashqari ko'p foydalanish bolalarda kognitiv buzilishlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, xotira va qaror qabul qilish uchun mas'ul bo'lgan miya qismlarida funktsional o'zgarishlar kuzatiladi.
2024-yilda o'tkazilgan tadqiqotlar internetga qaramlik o'smirlarda miyaning kimyoviy tarkibi va neyron aloqalariga salbiy ta'sir ko'rsatishini isbotladi.
Vaqtini ilm olishga, foydali mashg'ulotlarga sarflash o'rniga, ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari berilib ketgan bolalar va o'smirlar ham kam emas. Shu bois, ayrim mamlakatlar bu borada qat'iy choralar ko'rmoqda.
Xususan, Avstraliya 16 yoshgacha bo'lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlagan dunyoda ilk mamlakatga aylandi. Ushbu rejalarga qarshi noroziliklarga qaramay, Facebook, Instagram, Snapchat, TikTok, X, YouTube va Reddit kabi saytlarga kirish yoshga qarab cheklanadi va bu ro'yxat muntazam ravishda yangilanadi.
Avstraliya hukumati yangi qonunga amal qilish majburiyatini ijtimoiy tarmoq platformalari zimmasiga yukladi va ular qoidabuzarliklarning oldini olish uchun “oqilona choralar” ko'rishlari kerakligini aytdi. Qoidalar tarkroran buzilsa, kompaniyalar 49,5 million Avstraliya dollari (27,5 million yevro) miqdorida jarimaga tortiladi. Bolalar yoki ota-onalar qonunni buzganliklari uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Platformalardan foydalanish uchun avstraliyaliklar endi kompaniyalarga yoshini tasdiqlovchi hujjat, yuz yoki ovozni aniqlash yoki boshqa raqamli identifikatsiya shakllarini taqdim etishlari shart bo'ladi. Avstraliya internet xavfsizligi vakili boshqarmasi taqiq yoshlarni “foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoq akkauntlaridan foydalanish paytida duch kelishi mumkin bo'lgan bosim va xavflardan” himoya qilishini ma'lum qildi. Bosh vazir Entoni Albaniz ijtimoiy tarmoqlarni “balo” deb atadi va shunday dedi: “Men odamlar smartfonlaridan ko'ra futbol maydonida yoki sport maydonchasida ko'proq vaqt o'tkazishlarini istayman”.
Aytish joizki, internetga qaramlik katta yoshli insonlarga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bu ularda charchoq, uyqusizlik, depressiya va hayot sifatining pasayishiga olib keladi.
Samarali yechim
Ayrim mamlakatlarda internetga qaramlikni davolashga ixtisoslashgan klinikalar va reabilitatsiya markazlari faoliyat yuritadi. Ular farmakologik davolash va psixoterapiya, jumladan kognitiv-xulq-atvor terapiyasini qo'llaydi. Biroq internetga qaramlikni erta bosqichda mustaqil ravishda ham yengish mumkin. Buning uchun internet va ijtimoiy tarmoqlarda o'tkaziladigan vaqtni qat'iy cheklash, kun tartibini to'g'ri rejalashtirish, jismoniy mashqlar va sayrga ko'proq vaqt ajratish, yaqinlar bilan yuzma-yuz muloqotni kuchaytirish, internet bilan bog'liq bo'lmagan yangi qiziqishlar va mashg'ulotlar topish tavsiya etiladi.
Tabiat qo'ynida dam olish, madaniy tadbirlarda ishtirok etish hamda faol hayot tarzi internetga qaramlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, internet hayotimizga qulaylik yaratadigan muhim vositadir. Asosiysi, undan me'yorida va to'g'ri foydalanilsa, bo'lgani.
Shahzod G'afforov,
“Yuz.uz” sharhlovchisi