Interpol qidiruvida boʻlgan fuqaro AQSHdan Oʻzbekistonga chiqarib yuborildi

    Xalqaro hamkorlik 2 Iyun 2025 1136

    Oʻzbekiston Interpolining Milliy markaziy byurosi koʻmagida Amerika Qoʻshma Shtatlarida qidiruvdagi shaxsning joylashgan oʻrni aniqlanib, oʻz yurtiga qaytarildi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining axborot koʻmagi hamda AQSHning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan yaqin hamkorligi tufayli, mamlakatimiz huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilayotgan Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi va mamlakatdan chiqarib yuborildi.

    Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismida nazarda tutilgan oʻta yirik miqdordagi firibgarlik sodir etganlikda ayblanmoqda edi.

    Oʻzbekiston Interpol MMB xodimlari va AQSHning vakolatli organlari oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar, qoʻshma tezkor harakatlar hamda oʻzaro maʼlumotlar almashish natijasida, Amerika tomoni bilan hamkorlikda qidiruv eʼlon qilingan shaxsni mamlakat hududidan chiqarib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    AQSHning Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimlari kuzatuvida jinoyatchi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga keltirildi va keyinchalik javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.