Prezidentimiz yaqinda Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Bagʻdod tumani Xitoy mahallasidagi 5 nafar iqtidorli yoshga oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishi uchun tavsiya bergani yosh avlodga qaratilgan yuksak eʼtiborning yorqin tasdigʻi boʻldi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari mazkur mahallada boʻlib, yoshlarga davlatimiz rahbarining tavsiyasi asosida davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingani haqidagi sertifikatlarni topshirdi.

Prezidentimizning chekka qishloq yoshlarini qoʻllab-quvvatlovi mahalla ahlini, ustoz-murabbiylar hamda ota-onalarni behad mamnun etdi. Davlatimiz rahbari tavsiyasiga binoan oʻqishga qabul qilingan yoshlar bilan suhbatlashib, quvonchiga sherik boʻldik.

Diyora Turgʻunboyeva, Toshkent davlat pedagogika universiteti magistranti:

— Hayajonimni soʻz bilan ifodalab bera olmayman. Bu kun nafaqat men, balki hamqishloqlarim uchun esda qolarli taassurotlarga boy boʻldi. Prezidentimiz bilan uchrashuvda Qoʻqon davlat pedagogika institutining boshlangʻich taʼlim fakultetini grant asosida aʼlo baholarga tamomlab, hujjatimni Toshkent davlat pedagogika universitetining magistratura bosqichida oʻqish uchun topshirganimni, ingliz tilini bilish darajasi boʻyicha 6,5 ballik maxsus setifikatni qoʻlga kiritganimni aytdim.

Davlatimiz rahbari soʻzlarimni tinglay turib, “Siz mening tavsiyam asosida magistraturada oʻqiysiz”, deganini eshitgach, qalbim benihoya quvonchga toʻldi. Bu men uchun katta sharaf, masʼuliyat. Endi har qachongidan ham koʻp oʻqib, oʻrganib, qishlogʻimiz yoshlariga puxta bilim berish va menga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Omadbek Turgʻunboyev, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi:

— Tarixiy uchrashuv oilamizga kutilmagan shodlik, xushxabar olib keldi. Bir vaqtning oʻzida opam va men Prezidentimiz tavsiyasiga binoan oʻzimiz istagan oliy taʼlim muassasasida oʻqish imkoniyatiga ega boʻldik.

Yoshligimdan tibbiyot sohasiga qiziqaman. Kimyo fanidan maxsus sertifikatga egaman. Qishlogʻimizdagi 22-maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent davlat stomatologiya institutiga oʻqishga kirish uchun test imtihonlariga tayyorgarlik koʻrayotgandim. Prezidentimiz bilan samimiy muloqot bu yoʻldagi orzu-maqsadimning erta qanot yoyishiga katta imkoniyat berdi.

Otam tadbirkor, onam qishlogʻimizdagi maktabda rus tili va adabiyotidan dars beradi. Ularning xursandligini aytmaysizmi! Farzandining baxtu kamolini koʻrish har bir ota-onaning eng katta orzusi. Bu niyatlar roʻyobida Prezidentimiz qoʻllab-quvvatlagani biz uchun ham sharafli, ham masʼuliyatli boʻldi.

Oygul Saminjonova, Toshkent davlat moliya instituti talabasi:

— Bolaligimdan oʻqishga juda qiziqqanman. 1-sinfga qadam qoʻyganimda alifboni, harflardan soʻzlar tuzishni, oʻzbekchadan tashqari ingliz va rus tillarida ham biroz gapirishni bilardim. Albatta, bularning hammasida oilam, yaqinlarimning eʼtibori, hissasi katta.

Bu yil maktabni oltin medal bilan tamomladim. Umumtaʼlim muassasasida oʻqish jarayonida Andijon viloyatidagi xalqaro Sharda universitetiga 8 million 700 ming soʻmlik vaucher yutdim. Yaqinda IELTSdan 6,5 ballni qoʻlga kiritdim.

Prezidentimiz “Xitoy” mahalla fuqarolar yigʻiniga kelgan kuni bobomning holidan xabar olgani borgandim. Mehmonlar kelishini eshitib, uydagilarga yordam berish uchun qoldim. Mahalla ahli, yoshlar bilan suhbat chogʻida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi imtiyoz va imkoniyatlar, ayniqsa, oliy taʼlim istagidagilarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirdim. Moliya sohasiga qiziqishim, shu tizimda ishlash orzum borligini bildirdim. Prezidentimiz maqsadimni qoʻllab-quvvatlab, Toshkent moliya institutiga davlat granti asosida oʻqish uchun tavsiya berdi. Bu hayotimdagi unutilmas yaxshilik sifatida xotiramda muhrlanib qoldi. Davlatimiz rahbarining qishlogʻimizga kelib ketganiga bir necha kun boʻlgan esa-da, bizni tabriklab, yoʻqlab kelayotgan tengqurlarim, ustozlar, ota-onalarning oyogʻi uzilgani yoʻq. Hamma bizga xavas bilan qarayapti, farzandlariga ham mana shunday kunlar nasib etishini Yaratgandan soʻrayapti.

Hojiahror Gʻiyosiddinov, Fargʻona davlat universiteti magistranti:

— Prezidentimiz bilan uchrashuvda tarix yoʻnalishi boʻyicha magistratura bosqichida oʻqib, mamlakatimizning boy tarixini oʻrganishni maqsad qilganimni aytdim. Davlatimiz rahbari fikrimni maʼqullab, Fargʻona davlat universitetining magisturatura bosqichida imtiyozli asosda oʻqish uchun tavsiya berdi. Soha mutasaddilari kelib, bizga tavsiya asosida oʻqishga kirganimiz haqidagi sertifikatni taqdim etganida bildirilgan ishonchdan koʻnglim faxrga toʻldi.

Mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun imkoniyat yetarli. Maktabni tamomlab, Bagʻdod iqtisodiyot kasb-hunar kollejida oʻqidim. Qoʻqon pedagogika institutining tarix fakultetini tamomladim. Polshadagi Varshava biznes universitetida tahsil olib keldim.

Yaratilgan imkoniyatlar sabab har sohada dadil qadam tashlayapmiz. Qiyinchiliklardan choʻchimay, orzumiz tomon dadil intilyapmiz. Oldimizga aniq maqsad qoʻyish, yaʼni havas qilingan marrani egallash uchun barcha sharoit bor. Mana shu imkoniyatlardan foydalanib, mutaxassisligim boʻyicha kerakli bilimlarni chuqur oʻrganaman va, albatta, Prezidentimizga bergan vaʼdamning ustidan chiqaman.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Rasuljon KAMOLOV tayyorladi.

Suratlar muallifi Sherzod Qoraboyev