Bu bir tomondan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi qiyinchiliklar bilan bogʻliq boʻlsa, boshqa tomondan, jahondagi qator davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelgan. Muammo dunyo bozoridagi umumiy holatga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Bunday sharoitda davlatlar, avvalo, qishloq xoʻjaligini ilgʻor texnologiyalar asosida rivojlantirib, aholining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini qondirishga intilyapti.
Yaʼni bugun qishloq xoʻjaligini rivojlantirish har qachongidan dolzarb masalaga aylangan. Yurtimizda bu borada olib borilayotgan faol islohotlardan koʻzlangan maqsad shu. Sohani barqaror rivojlantirish, cheklangan yerlardan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini yaxshilash orqali hosildorlikni oshirishga xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashning muhim sharti sifatida qaralmoqda. Asosiysi, bu borada oʻzimizgagina xos boʻlgan usul va tajribalar qoʻllanilyapti. Aholiga foydalanish uchun yer maydonlarini boʻlib berish, paxta maydonlarini qisqartirib, bogʻdorchilikni rivojlantirish, jahonda muqobili yoʻq klaster tizimi joriy etilib, daladan eksportgacha tamoyilining yoʻlga qoʻyilishi shular jumlasidan.
Natijada bugungi kundagi iqlim muammolari, dunyo bozorlaridagi narxlarning beqarorligiga qaramay, mamlakatimiz agrar tarmogʻi barqarorlikni namoyish etmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligi prognozlariga koʻra, yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasida iqtisodiy oʻsish surʼatlari 4 foiz atrofida boʻlishi, mahsulotlar hajmi 186,4 trillion soʻmdan oshishi kutilyapti. Xususan, meva-sabzavot, poliz ekinlari, uzum va boshqa dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish hajmlari 4,1 foizga, chorvachilik mahsulotlari oʻsish surʼatlari esa 3,6 foizni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.
Shu oʻrinda, meva yetishtirish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,2 foizga oʻsgan. Bu bogʻdorchilik yoʻnalishida, jumladan, intensiv bogʻlarni kengaytirish va zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish orqali tatbiq etilayotgan ishlar natijadorligidan dalolat beradi. Bu shunchaki raqamlar emas. Uning ortida tuproqqa mos ekin tanlash, hosildor urugʻ, zamonaviy agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullar, kasallik va zararkunandalarga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar yotibdi.
Qishloq xoʻjaligi haqida gap borganida, oʻzi soha milliy iqtisodiyotda qanday oʻrin tutadi degan savol tugʻilishi mumkin. Avvalo, bu tarmoq oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning asosiy manbai sanaladi. Bu bevosita bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlashda oʻrin tutadi. Boshqa tomondan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining deyarli 19 foizi aynan qishloq xoʻjaligi sohasiga toʻgʻri keladi. Qolaversa, yurtimiz aholisining deyarli yarmi qishloq joylarda istiqomat qilishini hisobga olsak, bandlikni taʼminlashda mazkur tarmoq muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, sohada belgilangan vazifalar katta. Avvalo, har bir gektardan olinadigan oʻrtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish belgilangan. Bunga amalga oshirilayotgan yangicha yondashuvlar hisobiga erishiladi. Masalan, yurtimizda yildan yilga dehqonchilik madaniyati ortib borishi hisobiga bir yilda 2-3-marta hosil olishga erishilyapti. Birgina janubiy viloyatlarimiz — Surxondaryo, Qashqadaryoni oladigan boʻlsak, mirishkorlar bir yilda toʻliq uch marta hosil olyapti deb ayta olamiz. Usta dehqonlar tajribasi yoshlarga oʻrgatilib, sohada ustoz-shogird anʼanasi keng joriy etilyapti.
Umuman, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi tarmogʻi bugun nafaqat ichki bozorga mahsulot yetkazib berish, balki eksportda ham yuqori koʻrsatkichlarni qayd etmoqda. Hatto ayrim mahsulotlar eksportida yetakchilar safidamiz. Masalan, Italiyaning “cherrytimes.it”
nashri eʼlon qilgan hisobotga koʻra, Oʻzbekiston dunyo boʻyicha gilos yetishtiruvchi davlatlar TOP-10 taligidan joy oldi. Boshqa meva-sabzavotlarni yetishtirish va eksport qilish koʻrsatkichlarimiz ham doimiy oʻsib bormoqda.
Oxirgi 2-3 yilda mamlakatimizda dehqon va dehqon xoʻjaliklariga 300 ming gektarga yaqin yer maydonlari ajratib berildi. Ushbu yer maydonlarida asosan, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari ekilishi tashkil etilmoqda. Birgina joriy yil hisobidan oladigan boʻlsak, erta bahorda asosiy maydonlarimizga 225 ming gektar sabzavot, 74 ming gektar kartoshka va 73 ming gektar poliz mahsulotlari ekilib, joriy yilning olti oyligida 3,5 million tonna sabzavot, 1,1 tonna meva va 1,8 million tonna kartoshka mahsulotlari ichki bozorlarga yoʻnaltirildi.
Sohada erishilayotgan mazkur koʻrsatkichlarda investitsion jozibadorlikning ham ahamiyati katta. Taʼkidlash joiz, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida agrar sohaga jami 15 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan. Joriy yilda hududlarda qariyb 1600 dan ortiq loyihani amalga oshirish natijasida 23 trillion soʻm mablagʻ oʻzlashtiriladi. Mazkur loyihalar doirasida 16 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.
Birinchi yarim yillikda 500 dan ortiq loyiha ishga tushirilib, 5 trillionga yaqin mablagʻ oʻzlashtirildi, 5 mingta ish oʻrni yaratildi. Xorijiy investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar natijasida yirik loyihalar yaratilmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida Misr kompaniyasi bilan shakar ishlab chiqarish loyihasi, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yirik parrandachilik loyihalari amalga oshirilyapti. Agar mazkur tendensiyalar yilning ikkinchi yarmida ham davom etsa, sohadagi oʻsish koʻrsatkichlari kutilganidan yuqori boʻladi.
Hasan IBROGIMOV,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi









