Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yil birinchi 5 oyi yakunlari boʻyicha oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkichlardan 42 foizga oshgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalarini hayotga joriy etish bilan bogʻliq bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni inventarizatsiya qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni oʻz vaqtida hal etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda masʼul ijrochilarni belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xuddi shu tartibda, tashqi savdo koʻrsatkichlari ham koʻrib chiqildi. Joriy yil 1-iyun holatiga koʻra, respublika eksportining hajmi oʻtgan yil shu davridagi koʻrsatkichlardan 21 foizga oshdi. Tarmoqlar va hududlar kesimida eksport qilishning hozirgi holati muhokama qilinib, mahalliy tadbirkorlarning eksport faoliyati bilan bogʻliq yuzaga kelayotgan muammolarga mutasaddi vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning tezkor javob berishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda eksportchilarning faoliyatida va eksportga yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda samarali qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutgan holda ular bilan ishlarni faollashtirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha eksportchi va investorlarni qoʻllab-quvvatlashda yoʻl qoʻyilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun intizomiy choralar koʻrildi. Xususan, Boʻzatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari oʻz lavozimlaridan ozod etildi.
Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investitsiya loyihasi muddatida ishga tushirilmaganligi hamda 395 ta yangi ish oʻrinlari kechiktirib yaratilganligi uchun 19 nafar hokim oʻrinbosariga hayfsan eʼlon qilindi.
Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimex tumanlari hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlariga ishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilandi.
Qoʻyilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi. Masʼul rahbarlar eksportyor va investorlarni oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarining samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.