“Ipak yoʻlida” filmi Iordaniya xalqaro kinofestivalida operatorlik ishi uchun mukofotlandi

    Madaniyat 10 Oktabr 2022 2247

    Oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Ipak yoʻlida” qisqa metrajli filmi X Iordaniya xalqaro kinofestivalining maxsus mukofotini qoʻlga kiritdi.

    Iordaniya Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan festivalning yopilish tadbirida “Ipak yoʻlida” filmi operatori Diyor Ismatov “Eng yaxshi yoritish va suratga olish” nominatsiyasi gʻolibi deb eʼlon qilindi.

    Taqdirlash marosimida festival tashkilotchilari oʻzbek ijodkorlari tomonidan suratga olingan ushbu filmni alohida eʼtirof etdi. Kelgusida Oʻzbekiston kinoijodkorlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

    Mukofot Oʻzbekistonning Ammon shahridagi Faxriy konsulxonasiga topshirildi.

    Filmning ssenariy muallifi Shohjahon Subhonov, postanovkachi rejissyor Sherzod Nazarov, postanovkachi operator Diyor Ismatov, rassom Erkin Hushmatov, badiiy rahbar Ali Hamroyev.

    Eslatib oʻtamiz, “Ipak yoʻlida” qisqa metrajli filmi “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining bosh sovrini hamda “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida, AQSHning “AVFF-2021“ (“Asian World Film Festival”) xalqaro kinofestivalida “Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi” nominatsiyasida, shuningdek, Qozogʻistonning Olm-Ota shahrida boʻlib oʻtgan “Bastau IFF” xalqaro talabalar va debyutantlar kinofestivalida “Eng yaxshi qisqa metrajli film” yoʻnalishi boʻyicha gʻolib boʻlgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.