Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Energetika, Qurilish vazirliklari, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzgidromet” markazi hamda OAV vakillari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, Yer sayyorasida umumiy haroratning koʻtarilishi atrof muhitning, ayniqsa atmosfera havosining zararlanganligini koʻrsatuvchi asosiy koʻrsatkichlardan biridir. Atmosfera havosi tarkibida qator zararli moddalar miqdorining koʻpayishi nafaqat haroratning, balki sayyoramizning barcha mintaqalari iqlimining oʻzgarishiga olib kelmoqda.

Bugun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. BMT Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi uni hal etishning ikkita asosiy yoʻnalishi belgiladi: atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim oʻzgarishlariga moslashish. Oʻz vaqtida choralar qabul qilmaslik va atmosferada issiqxona gazlari miqdorini bundan keyin ham koʻpayishi iqlim oʻzgarishlarining aytib boʻlmas oqibatlariga olib kelishi mumkin.

Matbuot konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan dunyo miqyosida hamda Oʻzbekistonda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda iqlim oʻzgarishlariga moslashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

2021-yil 30-mayda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” (P4G) ikkinchi xalqaro sammitidagi nutqida “Yashil iqtisodiy tiklanish” sohasidagi hamkorlikning muhim yoʻnalishlari boʻyicha konseptual takliflar ilgari surildi. Mazkur sammitda yurtboshimiz tomonidan iqlim oʻzgarishlari dunyoning barcha davlatlari kabi Markaziy Osiyo mamlakatlarida yaqqol sezilayotganligi, mintaqadagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotganligi, bugʻlanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanayotganligi kabi taʼkidlagan ekologik muammolari nafaqat mintaqa mamlakatlarini balki dunyo hamjamiyatini ham jiddiy xavotirga solayotganini aytib oʻtildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi BMTning “Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisida”gi Hadli Konvensiyasiga 1993-yilning 20-iyunida qoʻshilgan boʻlib, ushbu hujjatga taalluqli atrof-muhitni muhofaza qilish, issiqxona gazlari tarqalishini kamaytirish mexanizmiga asoslangan kvotalangan savdo toʻgʻrisidagi global kelishuv — Kioto protokoli 1999-yilda ratifikatsiya qilingan.

2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Oʻzbekiston Parij Bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy Konvensiya kotibiyatiga issiqxona gazlar tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish toʻgʻrisida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018-yili 3-oktyabrda ratifikatsiya qilindi.

Qayd etilganidek, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 253-bandiga muvofiq, Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining uzoq muddatli davlat siyosatini ishlab chiqish belgilangan. Mazkur band ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi, Gidrometerologiya markazi mutaxassislari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi loyihasini ishlab chiqildi.

Tadbir ishtirokchilariga XI bobdan iborat strategiya loyihasining asosiy bandlari boʻyicha tushuntirish berildi hamda yaqin kunlarda mazkur loyiha keng jamoatchilikka muhokamasiga qoʻyilishi taʼkidlandi.