Nashrda maʼlum qilinganidek, 8-9 noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi.
«O‘zbekiston 1992 yil noyabr oyidan buyon mazkur tashkilotga aʼzo bo‘lsada, mustaqil O‘zbekiston va ushbu birlashma tarixida ilk bor mamlakatimizda IHT doirasidagi ko‘p tomonlama sammit o‘tkazilmoqda, - deyiladi materialda. - 2022 yilda O‘zbekiston ilk bor IHTga raislik qildi».
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan IHT 15-sammitida so‘zlagan nutqidan iqtibos keltirilgan. «500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur».
Qayd etilishicha Prezident raislikni o‘z zimmasiga olar ekan, O‘zbekiston IHT doirasidagi har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini taʼkidladi.
Nashrda O‘zbekiston IHTga Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda rivojlanishni yaxshilash, savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarni ilgari surish yo‘llarini muhokama qilish uchun platforma sifatida qarashi maʼlum qilingan.
«O‘zbekiston ushbu tashkilot doirasida mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo‘shimcha chegirmalarni taqdim etish, xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlarini yengillashtirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish tarafdori», - deb yozgan manba.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddagi sammitda “yashil” iqtisodiyotni birgalikda faol rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, uglerod neytralligiga erishish tashabbusini ilgari surdi, deyiladi maqolada.
Maqolada O‘zbekistonning Afg‘onistonga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va zarur yordam ko‘rsatish uchun kuchlarni birlashtirish tarafdori ekanligi urg‘ulangan.
Elektron nashrda, shuningdek, O‘zbekiston raisligida 2022 yil 17-26 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan IHT Mintaqaviy rejalashtirish kengashining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz tashabbusi bilan tuzilma makonida 2022 yil «O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili» va Shahrisabz shahri «2024 yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti» deb eʼlon qilingani haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga taqdim qilingan.