Uchrashuv avvalida H.Bichakli O‘zbekiston hukumatiga joriy yilning 8–9-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u oxirgi 5 yil ichida O‘zbekistonning faol rolini alohida qayd etdi.
Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi hamkorlik masalalari, xususan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) negizida IHT davlatlarining ekologiya sohasidagi ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, tomonlar ““Green University” va IHT davlatlarining Boku shahridagi (Ozarbayjon) Toza energiya markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror energiya va atrof-muhit tamoyillarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
IHT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston bilan IHT mamlakatlari o‘rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilishda IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqidagi tashabbusi hamda 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan Samarqand iqlim forumi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan IHTning Atrof-muhit masalalari bo‘yicha yuqori darajali platformasining birinchi konferensiyasini o‘tkazish taklifi ma’qullandi.
Bundan tashqari, Husayn Avni Bichakli tashkilot O‘zbekiston rahbari tomonidan IHT 16-sammitida ilgari surilgan CRIC-21 doirasida qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida IHT Bosh kotibining Samarqand iqlim forumida ishtirok etishi va IHT davlatlarining yuqori darajadagi vakillari ishtiroki masalasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.