Unda maʼlum qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilishni taklif etar ekan, “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yagona toʻgʻri yoʻli – taʼlim sifatini oshirish” ekanligini alohida taʼkidladi.
Maqolada Murojaatnomada belgilangan yana bir muhim jihat – 2023-yildan boshlab maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida toʻliq isloh qilish ekanligi oʻz aksini topgani taʼkidlangani barobarida Oʻzbekistonda yangi darsliklar yaratish, sohaga ilgʻor taʼlim standartlari va uslublarini joriy etish maqsadida alohida ilmiy institutlar va laboratoriyalar tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ham maʼlum qilingan.
“Oʻzbekiston Prezidenti oʻz maʼruzasida taʼlim sifati bitiruvchilarning zamonaviy malaka va kasbiy mahoratga ega boʻlishi bilan bevosita bogʻliqligini taʼkidladi, deb yozadi manba. Shuning munosabati bilan mavjud 700 dan ortiq kasb-hunar bilim yurti, kollej va texnikumlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi”.
Shu bilan birga, Eron gazetasi soʻnggi yillar davomida Oʻzbekistonda taʼlim sohasi zamonaviy tamoyillar asosida rivojlanib borayotgani, sifatli taʼlim Oʻzbekistonning muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanayotganini ham maʼlum qilgan.