Dunyo miqyosidagi global o‘zgarishlar, tinchlik va barqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlar, insoniyat asrlar davomida yaratgan qadriyatlarga turli g‘oyaviy tajovuzlar ortib borayotgan, davlatlar o‘rtasida raqobat shafqatsiz tus olayotgan davrda ilm har qachongidan-da muhim, hal etuvchi kuch ekani yaqqol ko‘rinmoqda. Shu sababli ilm-fan rivojiga, innovatsiyalarning hayotga tatbiq etilishiga hamda oliy ta’limning sifatiga har qachongidan ham bugun katta e’tibor berilmoqda, kuchli talab qo‘yilmoqda.
Innovatsion yoki “aqlli iqtisodiyot” – yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonini doimiy ravishda takomillashtirishga asoslanadi. Innovatsion iqtisodiyotning eng e’tiborli jihati shundaki, foyda material-moddiy ishlab chiqarish va kapitalni to‘plash hisobiga olinmaydi (xuddi industrial iqtisodiyotdagi kabi), balki olim va kashfiyotchilarning aql-zakovati, boshqacha aytganda, aynan bilim foyda olishning asosiy kapitaliga aylanadi. Mutaxassislar insoniyat taraqqiyotning boshqa bosqichiga, ya’ni agrar rivojlanish va industriyadan yangi, axborot jamiyatiga o‘tganini ta’kidlamoqda. Axborotlashtirish, kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalarini takomillashtirish jarayonida axborot va bilim asosiy kapital maqomini olmoqda. Bilim ta’lim jarayonining predmeti bo‘lib, u foyda keltirishi kerak. Bunda u o‘ziga xos maqom – mahsulot ko‘rinishida namoyon bo‘lib, undan foydalanuvchilar: jamiyat ham, korxona ham, ta’lim muassasasi ham foyda ko‘radi.
Iqtisodiyot va ilm-fanning uzviy bog‘liqligi hamda biznesning ilmga kuchli ta’siri xorijiy yuqori reytingli universitetlarni jahonning yetakchi tadqiqot va aqliy markazlariga aylantirdi. Xorijiy tajriba ko‘rsatmoqdaki, bunday universitetlarda tadqiqotlar nihoyatda ixtisoslashgan. Ya’ni qandaydir mavhum, umumiy mavzulardan ko‘ra real hayotda uchraydigan yoki muayyan soha rivojiga to‘siq bo‘lgan masalalarning aniq ilmiy yechimini topishga qaratilgan tadqiqotlar ustunlik qiladi.
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali ilmiy tadqiqotchilari ham metallurgiya sohasi ilmiy izlanishlar qilmoqda.
Bugungi kunda jahonda mineral xomashyo va polimetallik rudalarni qayta ishlashning samarali usullarini yaratish, ular tarkibidagi foydali minerallarni to‘liq ajratib olish, noyob va nodir metallar ishlab chiqarish quvvatini oshirish, kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyalar sohaning dolzarb masalalaridan. Bundan tashqari, kon-metallurgiya sanoatining barcha turdagi texnogen chiqindilarini (konchilik sanoati, boyitish fabrikalari chiqindilari, gidrometallurgik va pirometallurgik jarayonlarning suyuq va qattiq chiqindilari) ishlab chiqarishga jalb etish, foydalanilayotgan reagentlarni jarayonga qaytargan holda murakkab tarkibli silikatli birikmalarni alohida oksidlarga ajratish va buning natijasida texnogen chiqindilar tarkibidan foydali komponentlarni ajratib olishni ta’minlash muhimdir.
Mis rudasi, asosan, flotatsiya usulida boyitiladi. Boyitmaning chiqishi 3-4 foizni tashkil qiladi. Qazib olingan rudaning 96-97 foizi chiqindi hisoblanib, chiqindi saqlash joylariga yuboriladi. Ularni saqlash katta moddiy xarajatlar bilan bog‘liq, shu bilan birga, atrof-muhitga muayyan darajada zarar yetkazib kelmoqda.
Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksionerlik jamiyatiga (OKMK AJ) qarashli fabrikada mis-molibden rudalarini ko‘p yillik flotatsion boyitish jarayonida ikkita chiqindixonada 1321,5 milion tonnaga yaqin chiqindi to‘planib qolgan.
Bundan tashqari, Yoshlik – 1, Yoshlik – 2 konlari to‘liq quvvat bilan ishga tushirilsa, chiqindilarning yillik miqdori ikki barobar ko‘payishi kutilmoqda. Chiqindilarning asosiy qismini (80-85%) kremnezyom, glinezyom, temir va temir oksidlari tashkil qiladi. Qimmatli metallar Cu – 0,11 – 0,12 %, Au – 0,3 – 0,3 g/t, Ag – 2 – 3 g/t miqdorda ekani aniqlangan. Xorijlik olim akademik Ye.A.Fersman ta’kidlaganidek, “Qazib olingan massaning bir grammi ham yo‘qolmasa, bir grammi ham tashlab yuborilmasa, hech narsa havoga uchib va suvda oqib ketmasa, o‘sha yerda ishlab chiqarish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘ladi”, ya’ni o‘sha yerda foydali qazilmadan kompleks foydalaniladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mis boyitish fabrikasi chiqindilaridan temir ajratib olib, sement ishlab chiqarishga, alyuminiy oksidini ajratib olib, alyuminiy ishlab chiqarishga, kremniy oksidini amorf holda ajratib olib, keramika va rezinotexnika sanoatida xomashyo sifatida ishlatilsa, so‘ngra mis, oltin, kumush ajratib olinsa, qoldiq (~10 % ) esa mineral o‘g‘it sifatida ishlatilsa, o‘shanda chiqindilardan to‘liq foydalanildi, desa bo‘ladi.
Mis boyitish fabrikasi tashlandiq chiqindilari tarkibidan qimmatli metallarni ajratib olish uchun dastlab kremniy va temirni ajratib olish zarur.
Shu maqsadda chiqindilarini galogenoammoniyli tuzlar yordamida kremniysizlantirish texnologik sxemasi ishlab chiqildi: kremniysizlantiruvchi reagent sifatida ftorid ammoniydan foydalanishning afzalligi uni regeneratsiya qilish mumkinligidir.
Texnogen chiqindilarni qayta ishlash maqsadida ishlab chiqilgan texnologiyaning germetik tarzdagi past haroratga asoslangani ekologik xavfsiz, energiyatejamkor, qo‘shimcha ravishda foydali komponentlarni ajratib olishning iqtisodiy samaradorligini ta’minlaydi. U oddiy va ftorlovchi reagentlarning to‘liq qayta tiklanishi bilan ahamiyatlidir.
Kon-metallurgiya sanoati texnogen mahsulotlarini galogenoammoniy usulida kremniysizlantirish va temirsizlantirish bo‘yicha yangi yaratilgan va amaliyotda muqobili bo‘lmagan texnologiya qattiq jismni bevosita gazga aylantiruvchi pech, gazlarni tutuvchi va ammiakni yutuvchi qurilmalardan tashkil topgan.
Bugungi kunda filialda Olmaliq hududida joylashgan Qalmoqqir qo‘rg‘oshin koni o‘rnida to‘plangan suvda yillar davomida yig‘ilib qolgan, suvning qattiqligini ta’minlovchi magniy, kalsiy kabi metallarni ajratib, texnik suv darajasigacha tozalash texnologiyasi ishlab chiqilgan. Bu texnologiyani ishlab chiqarishga joriy qilish orqali OKMKning texnik suvga talabini qondirib, tashlandiq qonning yer osti suviga qo‘shilayotgan suvini kamaytirishga erishiladi.
Ma’danni maydalash va burg‘ilash jarayonida qo‘llaniladigan volfram karbid, titan karbid asosli qattiq qotishma chiqindilardan WC, TiC, Co kukunlarini olish texnologiyasi ishlab chiqildi. U ishlab chiqarishga joriy qilish orqali Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining qattiq qotishmalarga bo‘lgan talabini ikkilamchi xomashyo hisobiga qoplash va tannarxi baland kobalt importini kamaytirishga erishiladi.
OKMKdan chiqayotgan katod misdan turli markadagi bronza va latun qotishmalar asosida sanoat va xalq xo‘jaligi uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish klassteri yaratilgan. Yangi texnologiyani ishlab chiqarishga joriy qilish orqali xomaki misni tayyor mahsulotga aylantirishga erishiladi.
Alisher SAMADOV,
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori,
texnika fanlari doktori, professor
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 59-sonida (2024-yil 22-mart) chop etilgan.