Yoʻl harakati va ilm-fan integratsiyasi

    Fikr 13 Avgust 2025 878

    Namangan davlat texnika universiteti olimlari shahar hokimligi bilan hamkorlikda Namangan shahrining transport va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasini ishlab chiqmoqda.

    Mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, xususan, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilib, harakat xavfsizligi nazoratini kuchaytirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 9-iyul kuni yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokama qilinib, bu boradagi dolzarb vazifalar belgilandi. Shundan kelib chiqib, Namangan davlat texnika universitetida vazifalar ijrosi doirasida muayyan ishlar qilinmoqda. Xususan, universitet olimlari shahar hokimligi bilan hamkorlikda Namangan shahrining transport va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasini ishlab chiqmoqda.

    Hamkorlik doirasida shaharda jamoat transporti samaradorligini oshirish, yangi yoʻnalishlar ishlab chiqish, koʻchalarda tirbandlikni kamaytirish, velotransport yoʻlaklarini koʻpaytirish, tartibsiz avtoturargohlarga barham berish, tumanlardan shaharga kirib kelish yoʻllarini kengaytirish, yer osti va yer usti piyodalar oʻtish joylarini tashkil etish, yoʻl yoqasidagi avtoturargohlar sonini koʻpaytirish, koʻp qavatli avtoturargohlar ochish, yoʻl oʻtkazgichlar barpo etish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

    Chorsu bozori oldidagi aylanma harakatni tashkil etish, Sardoba bozori yonida yoʻl oʻtkazgich, bosh bekat qurish, Namangan shahri koʻchalarida bir tomonlama harakatni tashkil etish, yangi avtobuslar uchun yoʻnalishlar tarmogʻi, maxsus yoʻl qismlari ushbu loyiha mahsulidir.

    Universitet olimlari loyiha doirasida xorijlik mutaxassislar bilan yaqin aloqa oʻrnatgan. Germaniyaning “PTV Group”, Rossiyaning “Simetra” kompaniyalari shular jumlasidan. Vakillarimiz Sankt-Peterburgda “Simetra” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashib, ushbu megapolisda yoʻl-transport infratuzilmasi holatini oʻrganib qaytdi.

    Shuningdek, Qozogʻistonning Olmaota shahrida “Transportni rejalashtirish va transport oqimlarini modellashtirish” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada olimlarimiz tadqiqot ishlari bilan qatnashib, xalqaro tajribalar bilan oʻrtoqlashdi.

    Universitetda “Fargʻona vodiysida xavfsiz harakatlanishni taʼminlash: muammo va yechimlar” va “Transport va yoʻl muhandisligi istiqbollari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etildi. Tadbirlarda Germaniya, Belarus, Rossiya, Qirgʻiziston, Hindiston kabi mamlakatlarning yoʻl harakatini tashkil va harakat xavfsizligi soxalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    Olimlarimiz avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish, korxonalardagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqda. “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi buyurtmasiga asosan, yer osti suvlari taʼsirida taʼmirtalab boʻlgan avtomobil yoʻllarini innovatsion usulda joriy taʼmirlash texnologiyasi ishlab chiqilgan. Hozir ushbu ilmiy tadqiqot natijasi Qamchiq dovonidagi tonnellarning bir qismida qoʻllandi.

    Bugungi kunda Namangan davlat texnika universitetida transport vositalari muhandisligi, yoʻl muhandisligi va yoʻl harakatini tashkil etish kabi taʼlim yoʻnalishlarida 1500 dan ziyod talaba tahsil olmoqda. Joriy yilda ulardan 570 nafari mustaqil hayotga yoʻllanma oldi.

    Nazariy taʼlimni amaliyot bilan rivojlantirish, amaldagi muammo va dolzarb masalalar yechimini topish maqsadida viloyatimiz hamda respublikamizdagi ishlab chikarish korxonalari va tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.

    “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi, Namangan viloyati Avtomobil yoʻllari hududiy boshqarmasi, Namangan viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Transport boshqarmasi, Avtomobil va suv transportida nazorat viloyat hududiy boʻlimi, “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi, “Turon-95” masuliyati cheklangan jamiyati shular sirasidandir. Talabalarimiz ishlab chiqarish amaliyotlarini ushbu korxona va tashkilotlarda oʻtab kelmoqda.

    Yoʻl harakatini tashkil etish bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va “Turon-95” masuliyati cheklangan jamiyati binolarida kafedra filiali tashkil etilib, oʻquv xonalari jihozlanib, mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

    Yoʻl muhandisligi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun “Namangan yoʻl xoʻjaligi xodimlari malakasini oshirish oʻquv markazi” DM binosida kafedra filiali tashkil etilib, mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilgan.

    Talabalarimiz Namangan shahri avtomobil yoʻllari va chorrahalarida tegishli idoralar xodimlari bilan birgalikda yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash tadbirlarida faol qatnashadi.

    Yoʻl muhandisligi 3-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari 2024-2025 oʻquv yilida “Qamchiqavtoyoʻl”da ikki oylik pulli amaliyot oʻtadi. Ushbu amaliyot davrida Jizzax shahrida qurilayotgan koʻprik qurilishida bevosita ishtirok etdi.

    Universitet professor-oʻqituvchilarining transport yoʻnalishidagi saʼy-harakatlari ham diqqatga sazovor. 2024-2025 oʻquv yilida ular tomonidan ushbu yoʻnalishdagi dolzarb masalalar yechimiga bagʻishlangan bitta fan doktori va 4 ta falsafa doktori ilmiy darajalari himoya qilindi, 7 nafari dotsent va 1 nafari professor unvonini oldi. Soʻnggi uch yilda avtomobil yoʻllari va harakat xavfsizligi boʻyicha 5 ta darslik, 4 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta monografiya chop etildi. Bu boradagi ilmiy izlanishlar izchil davom etmoqda.

    Muhammadjon DADAMIRZAYEV,

    fizika-matematika fanlari doktori, professor