Patentlangan mahsulot: nega hammasi ham davomli ishlab chiqilavermaydi?

    Mashhur brend ostidagi mahsulotlar dastlab olimlar tomonidan kashf qilingani va unga patent olinganini hamma ham bilavermasa kerak. Bilganlar esa patent qay tartibda olinishi, patentlashtirilgan mahsulotlarning nega hammasi davomli ishlab chiqilmasligi haqida soʻraydi.

    Tovar olimniki boʻlishi uchun uni patentlashtirish kerak. Agar olim ixtirosini patentlashtirmasa, xuddi shunday ilmiy ishlanmani ertaga boshqa birov yoki biror oliy taʻlim muassasasi patentlashtirib, “Bu meniki!” deyishi mumkin.

    Oliy taʻlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimlar qoʻshimcha daromad olishi, sohani yanada rivojlantirish uchun oʻz ilmiy ishlanmalarini doimiy ravishda tijoratlashtirib borishi kerak. Toʻgʻri, bu olimlarga biroz qiyinchilik tugʻdiradi, sababi ularda savdogarlik qobiliyati boʻlmasligi mumkin. Olim olimligini qiladi, ammo tijorat qilolmaydi, uning ixtirosini kimdir olib sotadi. Oʻz navbatida, tijoratchi ham olim boʻlolmaydi. Ikkala xususiyatning bir kishida jam boʻlishi qiyin. Bunday xislatli odamlar kamdan kam uchraydi.

    Xoʻsh, patentlashtirish uchun nima qilish kerak?

    Ixtiro sifatida berilgan obyekt, agar u yangi, ixtirolik darajasiga ega va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, talabnoma asosida Intellektual mulk agentligi tomonidan roʻyxatga olinadi va huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Buning uchun dastlab yangi ishlanmalar patentlashtirish idorasiga yuboriladi. Jarayon bir necha bosqichli, qabul qilingan talabnoma topshirilgan sanadan eʻtiboran 18 oy oʻtganidan keyin rasmiy axborotnomada eʻlon qilinadi. Bunda, albatta, har bir bosqich uchun belgilangan davlat bojlari mavjud. Odatda birinchi rasmiy ekspertiza oʻtkaziladi, bu talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy oʻtgandan soʻng agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

    Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi va boshqalar uchun talabnomalar tuzish, topshirish, koʻrib chiqish, roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent egalarini munosib ragʻbatlantirib borish boʻyicha bir qancha qonun va hukumat qarorlari mavjud.

    Patent chiqqanidan keyin ixtiro yoki ishlanma olimniki boʻladi. Undan keyingi bosqichlarni davom ettirish yoki davom ettirmaslik birgina olimning oʻziga bogʻliq emas. Masalan, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida koʻplab olimlar oʻz ixtirosi (seleksiya yutugʻi, qurilmalar) uchun patent olgan. Ularning ayrimlari sanoat miqyosida ishlab chiqarishga keng jalb qilingan. Jumladan, Samarqand viloyatida 14 ming gektar maydonda institut professori Gʻulom Gʻaybullayevning “Jasmina” va “Farboma” bugʻdoy navlari ekiladi. Ular patentlashtirilgan boʻlib, birlamchi urugʻchiligini faqatgina olimning oʻzi urugʻchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tuzilgan shartnoma asosida bajara oladi. Bu uning mulki hisoblanadi. Boshqa kishida patentlashtirilgan bugʻdoy navlari urugʻini sotish yoki koʻpaytirish huquqi yoʻq.

    Buning uchun ixtisoslashgan hududlarda urugʻlik qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish boʻyicha tanlov eʻlon qilinadi. Tanlovda, asosan, xoʻjalikning tuproq unumdorligi, suv taʻminoti, soʻnggi uch yil ichida ekin maydoni kasalliklarga chalingani, zararkunandalar bilan zararlangani, begona oʻtlar tarqalgani, talabgorning maʻlumoti va mutaxassisligi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ish staji, mavjud qishloq xoʻjaligi texnikasi hamda soʻnggi uch yilda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligining oʻrtacha koʻrsatkichi inobatga olinadi.

    Tanlovda gʻolib chiqqan urugʻchilik xoʻjaligiga urugʻlik uchun ekiladigan ekinlarni yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi taʻminlangan, shoʻrlanmagan va tekis dalalarda joylashtirish, almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish reja-jadvalini tuzib amalga oshirish, xoʻjalikda urugʻchilik boʻyicha agronom yoki agronom mutaxassisi boʻlishini taʻminlash talablari qoʻyiladi. Foydalanishga ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar bilan qayta ishlangan urugʻlik materiallarini ekish, urugʻlik uchun ekilgan maydonlarni begona nav va oʻsimliklardan tozalash, kasallik keltiruvchi begona ekinlarni urugʻlik maydonlar atrofiga ekmaslik hamda boshqa navlar bilan chatishishga yoʻl qoʻymaslik zarur. Urugʻlik paxta ekilgan maydonlarda urugʻlik paxta hosili toʻliq yigʻishtirib olingandan soʻng gʻoʻza defoliatsiyasi oʻtkaziladi. Urugʻlik paxta maydonlarida gʻoʻzaning har tupida oʻrta tolali navlarda 3-8-hosil shoxlarini 1-2-oʻrinlardan, ingichka tolali navlarda 3-13-hosil shoxlarini toʻliq pishib ochilgan koʻsaklaridan qoʻl bilan terish, mashinalar yordamida koʻsaklar 60-65 foiz ochilganda terish kerak. Bundan tashqari, urugʻlik uchun ekilgan boshoqli don ekinlari maydonlari urugʻlik don oʻrish uchun ajratilgan kombaynlarda oʻrilishi, urugʻlik donni maxsus ajratilgan avtomashina bilan tashish, yigʻishtirib olingan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini avlodlari boʻyicha ishlab chiqilgan davlat standartlariga muvofiq urugʻlik qabul qiluvchi korxonalarga topshirish kabi talablar ham mavjud.

    Albatta, buning uchun munosib haq toʻlanadi. Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”dagi qaroriga muvofiq, original boshoqli don urugʻi uchun 200 foiz, elita uchun 100 foiz va I-avlod (R-1) uchun 65 foiz miqdorida ustama hisoblanadi.

    Biroq hamma ishlanma ham ishlab chiqilgandan keyin davomli boʻlib ketmaydi. Nima uchun? Sababi, ishlanma bugunning talabiga javob bermasligi yoki unga ehtiyoj yoʻqligi, ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatlik qilishi mumkin. Masalan, mexanizatorlik sohasida koʻpgina texnika vositalari patentlashtirilgan. Ularni ommaviy seriyali ishlab chiqarish uchun olimning mablagʻi yetmaydi. Buning uchun olim traktor zavodi bilan ishlashi kerak.

    Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning tegishli bandiga muvofiq, fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan kamida uchta ixtiro yoki seleksiya yutugʻi (patent) muallifiga fan doktori (DSc) ilmiy darajasi hamda uchtagacha ixtiro yoki seleksiya yutugʻi muallifiga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi dissertatsiya himoyasisiz istisno tariqasida berilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan va ixtirochi izlanuvchilarning ilmiy darajalar olishi uchun bir qulaylikdir.

    Bugungi kunda institutimiz olimlarida oʻndan ziyod ixtiro yoki seleksiya yutugʻi uchun patent mavjud. Yangi ekin turlari hamda qishloq xoʻjaligida resurstejamkor texnologiyalar uchun ixtiroga patent olish uchun arizalar topshirilgan. Patent mualliflari oʻz ixtirolarini ommalashtirish va muntazam rivojlantirish ustida amaliy ishlar qilyapti. Institut tomonidan olimlarning patent olgandan keyingi faoliyatiga amaliy yordam berilmoqda. Maqsadimiz — qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish.


    Shavkat HASANOV,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 175-sonida (2024-yil 30-avgust) chop etilgan.