Asosiy eʼtibor Prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Maʼlumki, hududda aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi va ijtimoiy infratuzilmani yana-da yaxshilash maqsadida tizimli saʼy-harakatlar olib borilmoqda.
Biroq bu borada joylarda hali qilinishi zarur boʻlgan vazifalar ham yetarli. Xususan, aholining tadbirkorlikka sharoiti boʻlsa ham yetarli mablagʻi va imkoniyati yoʻq. Shundan kelib chiqqan holda, belgilangan ishlarni amalga oshirish zarur.
Dastlab Respublika Ishchi guruhi vakillari va masʼullar ishtirokida dehqon bozori qoʻzdan kechirildi. Bu yerda tadbirkorlar va xaridorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yana-da yaxshilash boʻyicha fikr almashildi.

Shundan soʻng hududda qurilayotgan zamonaviy “Yangiyoʻl city” turar joy majmuasi qurilishi jarayoni bilan tanishildi. Maʼlumki, mazkur bunyodkorlik ishlari natijasida shaharda oʻziga xos zamon talablari asosidagi binolar qurilib, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay maskanga aylanadi.
Navbatdagi manzilda – Yangiyoʻl shahar dehqon bozori yonidagi koʻprikning qurilishi jarayoni oʻrganildi. Bugungi kunda koʻprikning bozor tomonga yopishgan ikki qismidagi “Navroʻz” va “Fayzobod” MFYlarni bir-biriga bogʻlab turuvchi koʻprik qismi belgilangan tartibda rekonstruksiya qilinmoqda.