Eng muhimi, xalqimiz islohotlar endi ortga qaytmas jarayon ekaniga ishonch hosil qildi. Ana shu ishonch boshlangan ezgu ishlar, islohotlar, saʼy-harakatlar jarayonini tezlashtiradi, muvaffaqiyatli amalga oshishini taʼminlaydi.
Bunda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, shubhasiz, muhim oʻrin tutmoqda. Uning anʼana tusini olgani, huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy yoʻnalish va ustuvor vazifalarini oldindan belgilab berayotgani xalqimizni ruhlantirmoqda, kelajakka umid va ishonch uygʻotmoqda.
Davlatimiz rahbari bu gal ham Murojaatnoma vositasida 2021-yil davomida davlat va jamiyat taraqiyotining asosiy yoʻnalishlarini xalq vakillari timsolida butun Oʻzbekiston ahliga ochiq-oydin bildirdi. Va u nafaqat xalqimiz, balki xorijlik davlat va jamoat arboblari, xalqaro ekspertlar eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Murojaatnomada aytilganidek, belgilangan islohot va ustuvor vazifalar xalqimizning kundalik hayotida oʻz ifodasini topishi, kutilgan natijalarga erishish koʻp jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bogʻliq.
Bugungi mavjud holat davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirishni taqozo etmoqda. Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori Boboqul TOSHEV bilan ana shu haqda suhbatlashdik.
— Murojaatnomada koʻpgina vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan ziyod markazlashgani, ularning vazifalari aniq va toʻgʻri belgilanmagani tufayli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjudligi, bu esa, natijada oʻrta boʻgʻin rahbarlarida tashabbuskorlikni soʻndirishga sabab boʻlayotgani taʼkidlandi.
— Maʼmuriy islohotlar davrida davlat boshqaruvi idoralarini institutsional takomillashtirish, oʻz navbatida, ular qabul qiladigan qarorlar mexanizmlarini ham takomillashtirishni taqozo etadi.
Davlat boshqaruvi organlari, yaʼni vazirlik va idoralarda qarorlar hanuzgacha “yuqoridan-pastga” tamoyili asosida qabul qilinmoqda. Bu esa joylarda toʻplanib qolgan va oʻz yechimini kutayotgan muammolarni oʻrganmasdan, tahlil qilmasdan qarorlar qabul qilish amaliyoti hozir ham davom etib kelayotganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yuqori instansiya biror qaror qabul qilsa, unga boʻysunuvchi quyi tashkilot va idoralar ham ana shunga moslab qaror qabul qilishi taomilga aylangan. Buning natijasida quyi idoralar qabul qilgan qarorlar doirasi chegaralanib qolmoqda, qolaversa, ularda oʻsha joy — hududga xos xususiyat va muammolar inobatga olinmayapti.
Islohotlar muvaffaqiyati koʻp jihatdan amaldagi qonunchilik bazasi, norma ijodkorligi, qabul qilingan qarorlarning sifati va ijrosi boʻyicha olib boriladigan monitoring natijalariga bevosita bogʻliq.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar soni va koʻlami ham oshib boryapti. Biroq oʻrganishlar qonun hujjatlarini qoʻllash samaradorligini tahlil qilish va baholash yetarlicha tashkil qilinmagani, ular samaradorligini monitoring qilishning taʼsirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlari toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganini koʻrsatmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish ularni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish hamda ijrosi monitoringini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Shu bois, 2019-yil 2-noyabrda qabul qilingan “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularning asoslarini belgilash, takomillashtirish, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish belgilandi.
Tub va keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ayrim hollarda amaliyotga maqsadga muvofiq tarzda qoʻllanilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi mumkin. Qolaversa, bu kamchiliklar nazorat qiluvchi idoralar tomonidan tekshirilgan paytdagina aniqlanadi.
Tekshirishlar yakunida kamchiliklar bartaraf qilinib, hujjatlar ijrosini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va taʼminlash haqida zaruriy koʻrsatmalar beriladi. Biroq bu orada eng qimmatli narsalar — vaqt va odamlar ishonchiga darz ketishi mumkin.
Islohotlar shiddatli davom etayotgan jarayonda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari samaradorligini baholash zaruriyati yuzaga kelishi tabiiy. Bu esa mazkur jarayonni tartibga solishni taqozo etadi. Koʻp mamlakatlar tajribasida qonun ijodkorligining sifati va samaradorligini tahlil qilishda huquqiy monitoring asosiy vosita sifatida xizmat qilmoqda. Monitoring amaldagi va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini tartibga soladi, ular ijrosi hamda maqsadga muvofiqligini taʼminlaydi.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar monitoringi ularni yana-da takomillashtirish, yangi meʼyorlar, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, taʼsiri past yoki oʻz kuchini yoʻqotgan meʼyorlarni bekor qilish, harakatdan toʻxtatish, har bir tarmoq, soha yoki hududga xos va mos qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Monitoring jarayonida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar huquqni qoʻllash amaliyotiga qanchalik mos ekani oʻrganiladi, ularda qoʻllanilgan asosiy tushuncha va atamalar yaxlit koʻrinish va tizimga solinadi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi samaradorligini yana-da oshirish maqsadida Adliya vazirligi davlat boshqaruv idoralarida huquqiy monitoring oʻtkazish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilangan. Ushbu vazifa bugungi kunda Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan belgilangan muddat va tartibda ijro etilmoqda.
Vazirlik va idoralar huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganilgandan soʻng qarorlar qabul qilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Har bir idora qabul qilgan qaror, eng avvalo, oʻsha tashkilotning Nizomi, normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vakolatlar, funksiya va majburiyatlar doirasida qabul qilinsa, uning ijrosi ham toʻliq taʼminlanadi, ham huquqiy tartibga solinadi.
Har bir idoraning oʻzi mustaqil ravishda puxta va sifatli qarorlar qabul qilsa, meʼyorlarni qoʻllashda yagona talqin va amaliyot shakllansa, fuqarolarning oʻz haq-huquqlarini himoya qilish va roʻyobga chiqarish imkoni yaratiladi, sarsongarchilik va ovoragarchiliklarning oldi olinadi.
Vazirlik, tashkilot hamda ularning hududiy idoralari yoki tarmoqlari tomonidan mustaqil qarorlar qabul qilinishi, avvalo, yuqori organlarning quyi organlar ishlariga asossiz aralashuvining oldini oladi, byurokratiyadan xoli boʻlgan liberal boshqaruvni yoʻlga qoʻyadi.
Eng asosiysi, keraksiz hisobotlar talab qilish va qoʻl ostidagi shaxslarga nisbatan turli jazo choralari qoʻllash barham topadi.
— Davlat boshqaruvi organlari, yaʼni vazirlik va idoralarning bir-biriga oʻxshash vakolatlarni amalga oshirishi, funksiyalarini takrorlashi, vakolatiga kirmaydigan ishlarni bajarishi islohotlarni toʻliq amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani sir emas...
— Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili va aholi bilan muloqot natijalari davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatida islohotlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qiluvchi kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.
Shu bois, davlatimiz rahbarining 2017-yil 8-sentyabrdagi“Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Konsepsiyada ijro hokimiyati organlari (vazirliklar, davlat qoʻmitalari, agentliklar, qoʻmitalar, markazlar, inspeksiyalar va boshqalar) huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralanmagani ularning davlat apparatidagi oʻrni va rolini aniqlash imkonini bermayotgani, ayrim ijro hokimiyati organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli darajada emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlari mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani nazarda tutilgan.
Ijro hokimiyati organlarining oʻzlariga xos boʻlmagan funksiyalarni bajarishi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning davlat tomonidan haddan ziyod tartibga solish yoki nazorat qilishga olib kelyapti.
Maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishda vertikal boshqaruv tizimi va ijro hokimiyati organlari hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan. Davlat funksiya va vakolatlarining haddan tashqari markazlashgani hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro hokimiyati organlari rolining pasayishiga sabab boʻlmoqda.
Konsepsiyada ayrim tashkilot va idoralarning vazifasi faqat statistika toʻplashdan iborat boʻlib qolgani, faoliyatni baholashning samarasiz tizimi koʻp hollarda joylardagi haqiqiy ahvol va vaziyatni aks ettirolmayotgani qayd etilgan.
Shu bois, Murojaatnomada hukumatga boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha hujjatlar loyihalarini tayyorlash vazifasi topshirildi. Mazkur ishlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvi xodimlari sonini oʻrtacha 15 foizgacha optimallashtirish nazarda tutilgan.
Maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish jarayonida davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish prinsipi asosida “yuqoridan-quyiga” qarab institutsional takomillashtirish talab etiladi. Bunda barcha davlat boshqaruvi organlarini Vazirlar Mahkamasi tashkil etishi, ular faoliyatini taʼminlaydigan tegishli hujjatlarni bevosita oʻzi tasdiqlashi, ularning rahbarlari Parlament tomonidan vazifaga qoʻyilishi izchil davom ettiriladi.
Davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari faqat oʻzining yuqori turuvchi organiga boʻysunishi lozim. Ayniqsa, tuman (shahar) darajasidagi idoralarning ham oʻzining yuqori organiga, ham mahalliy davlat hokimiyati organlariga boʻysunishi joylarda davlat boshqaruvi va ijroni tashkil etishda turlicha yondashuvlarni keltirib chiqarmoqda. Vaholanki, Konstitutsiyamizning 11-moddasida davlat hokimiyat organlarining boʻlinish prinsipi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Barcha darajadagi vazirlik, idoralar, ularning hududiy tuzilmalari vazifalarini aniqlashtirish hamda qatʼiy belgilab qoʻyish, bir-birlarining funksiyalarini takrorlamaslik yoʻlidagi islohotlar izchil davom ettiriladi.
— Oʻrta boʻgʻin rahbarlarining masalani hal qilishda tashabbusi va ishtirokini qanday oshirish mumkin?
— Murojaatnomada davlat boshqaruvi organlari hududiy tuzilmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining joylardagi muammo va masalalar yechimini topish va hal etishda tashabbusini yana-da oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz 2021-yilda davlat boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyat va javobgarligi kuchaytiriladi, deb qatʼiy ishonch bildirdi.
2021-yildan har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi. Yaʼni yuqori turuvchi organ sifatida endilikda vazirlik va boshqa idoralar har bir hududda oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni aniqlaydi, tizimli muammolarni topadi, sohaviy qonun hujjatlarining qoʻllanishini oʻrganadi va ularning yechimini koʻrsatadigan manzilli qarorlar qabul qiladi.
Qarorda koʻrsatilgan vazifalar ijrosi boʻyicha masʼullar tayinlanadi va shaxsiy hisobdorlik yoʻlga qoʻyiladi. Vazirlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq hamda mahallada amalda qanday oʻzgarish boʻlganiga qarab baho beriladi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari va vazirlar oʻzlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talab hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga oʻrgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun masʼul boʻladi.
Endi har bir vazirlik va idora hamda ularning quyi boʻgʻinlarida xizmat qilayotgan barcha maqomdagi xodimlar malakasini uzluksiz oshirish tizimi joriy etiladi. Bundan keyin barcha xodim avvalgidek belgilangan maʼlum muddatlarda emas, balki rivojlangan mamlakatlarda keng qoʻllaniladigan “kredit-modul” tizimiga asoslangan malaka oshirish tizimini ishlab chiqadi.
Bunda davlat idoralarida ishlab kelayotgan xodimlar muntazam ravishda oʻqiydi, malaka oshiradi va qayta tayyorgarlikdan oʻtadi. Shu orqali kelajakda mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Parlament Vazirlar Mahkamasi bilan birga, 2021-yil 1-aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqadi. Bu hujjatlarda hokimlar, ularning oʻrinbosar va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanadi.
Yuqorida koʻrsatilgan barcha ish va tadbirlar oʻrta boʻgʻin rahbarlarini tanlash, vazifaga qoʻyish, ularning masʼuliyatini kuchaytirish, har qanday masalani hal etishda tashabbuskorligini oshirishga xizmat qiladi. Zero, islohotlar aynan quyi boʻgʻinlar orqali taʼminlanadi.
— Murojaatnomada raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish hisobidan xodimlar soni va ish jarayonlarini optimallashtirish chora-tadbirlari koʻrilmayotgani tanqidiy baholangan...
— Bu, albatta, bejiz emas. Chunki kelajak boshqaruvi aqlli texnologiyalar va innovatsion boshqaruv usullariga bevosita tayanadi.
Davlat boshqaruvi organlari faoliyatida KPI (asosiy ishlash koʻrsatkichi) tizimiga asoslangan baholash va hisobdorlik tizimini joriy etish idoralarning samaradorligini oshirish uchun mustahkam poydevor yaratishga imkon beradi.
KPIdan foydalanish muassasaga nafaqat bozordagi oʻrnini baholash, balki faoliyatining ichki mexanizmlarini ham koʻrib chiqish uchun sharoit yaratadi.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bunday tizimning qoʻllanilishi ijobiy natija bermoqda. Xodimlarning faoliyatini KPI koʻrsatkichlari asosida koʻrib chiqish rivojlanish uchun yana bir qadam boʻldi. KPI tizimida idora xodimlari faoliyati samaradorligi raqamlar orqali oʻlchanadi.
Indikatorlar boʻyicha hisobot tayyorlangach, rejalashtirilgan maqsadga qanchalik darajada erishilgani, rejalar qay darajada toʻgʻri belgilanganini baholash mumkin. Erishilgan samaradorlik natijasi strategik va taktik maqsadlarga tuzatish va qoʻshimchalar kiritishga koʻmaklashadi.
KPIdan foydalanish korxona, tashkilot, muassasa va xodimlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. U korxonada mehnatga haq toʻlashning motivatsiyali va samarali tizimini koʻrsatkichlar vositasida koʻrish imkonini beradi. Lekin bunday holatda koʻrsatkichlarni hisoblash imkoni yaratilishi zarur. Koʻrsatkichlarning ikki asosiy — sifat va miqdoriy kategoriyasi mavjud.
Idora va xodim faoliyati qoniqarsiz yoki past darajada, deb baholangan taqdirda, ustama belgilash, mukofot puli va boshqa moddiy ragʻbatlantirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Korxona va xodim faoliyati samaradorligini tizimli monitoring qilib borish maqsadida muassasaning rasmiy veb-saytidagi tegishli shakl toʻldiriladi va ana shunday yoʻl bilan ular erishayotgan natijalar koʻrsatkichlarini elektron koʻrinishda kuzatish imkoni paydo boʻladi.
Boshqaruvga raqamli texnologiyalarni joriy etish xodimlar sonini qisqartirish, ularning ishchanlik qobiliyatini baholash, idora yoki korxonaga qanchalik foyda keltirayotganini aniqlash, hujjatlar ijrosi ochiqligini taʼminlash va korxona rivojiga qay darajada hissa qoʻshayotganini belgilash imkonini beradi.
Rivojlangan davlatlar boshqaruvida raqamli texnologiyalar ish beruvchi va ijrochi (xodim) oʻrtasida bozor qonuniyatlariga asoslangan foydali mehnat koeffitsiyentini aniqlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotning bir koʻrinishi sifatida har bir xodim ishi samaradorligini baholash imkoniyatini yaratadi.
Xodimning ishlayotgan idorasida obroʻsini oshiradigan, mehnatiga adolatli va munosib maosh toʻlanadigan, ochiq va aniq baholash shakli sanaladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruvi organlari faoliyatida keng joriy etish kam sonli, ixcham va tezkor boshqariladigan idoralarni shakllantirish sari qoʻyilgan muhim qadam boʻlishi, shubhasiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Ismat XUDOYOROV suhbatlashdi.