Islohotlar zamirida yoshlar manfaati

    Keyingi avlod 22 Noyabr 2023 1168

    Mamlakatimizdagi yoshlar siyosati davlat tomonidan mustahkamlanayotgan, keng jamoatchilik bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan sohalardan biridir. Ularning sifatli taʼlim olishi, yaxshi kasb egasi sifatida malakalarini rivojlantirib oʻz kelajagini qurishi davlatimizning muvaffaqiyati uchun muhim ahamiyatga ega.

    Tarixan qisqa davr mobaynida hayotimizdan mustahkam oʻrin olgan va ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy jabhalarni toʻliq qamrab olgan oʻzgarishlar, yangiliklar koʻlami shu qadar kengki, ularning har biri oʻz tahlilchilarini kutib turibdi.

    Biroq bugun xalqimizga, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodga roʻy berayotgan oʻzgarishlar mohiyatini va ertangi koʻzlagan marralarimizni, Yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans mazmun-mohiyatini, “...odamlarimiz turmushda, tafakkurida kuzatilayotgan yangilanishlar, shuningdek, jamiyatimiz hayotida yangidan-yangi voqelikka aylanayotgan keskin burilishlar tasviri...»ni yetkazishni istarkanmiz, eʼtiborimizni shubhasiz, ushbu yangilik va oʻzgarishlarning tashabbuskori, elimizning olov qalb farzandlari, millatimiz kelajagi – Vatan va millat istiqboli, shoni yoʻlida olib borayotgan faoliyati, taʼbir joiz boʻlsa, orzuyu istaklariga qaratmogʻimiz, yoshlarning shaxsi, siyosiy irodasi va ruhiy olamini anglashga intilmogʻimiz foydadan xoli boʻlmaydi.

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan shu yilning 10-noyabr kuni respublikamiz boʻylab ilk bora yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan insonlar uchun “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» gʻoyasi asosida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat marafoni” ham ayni shu islohotlarning davomidir. Marafondan koʻzlangan maqsad yoshlar oʻrtasida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish, asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy urf-odatlar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targʻib qilish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishdan iborat edi. Loyiha bugungi globallashuv davrida yoshlarni taʼlim-tarbiyasini tizimli yoʻlga qoʻyish, ilm-fan va maʼrifatga qiziqtirishni oʻz ichiga qamrab oldi, deb oʻylayman.

    Vatan taqdiriga daxldor ekanligini his qilib yashash va berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, uni asrab-avaylash har bir Oʻzbekiston farzandining muqaddas burchidir. Bu borada “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida qilinayotgan ishlar samarasi esa insonni quvontiradi.

    Yashayotgan yerini boʻston qilish ham, uni choʻlga aylantirish insonning qoʻlida aslida. Yurtimizning chekka hududlaridan boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida “Buxoro davlat pedagogika instituti talaba-yoshlari bogʻi” barpo etildi. Har bir niholni yerga qadar ekanmiz, qalbimizni Vatanni yanada sevib ardoqlash hissi qamrab olgani bejiz emas. Zero, Vatanni suyish har bir kishining koʻngil ishidir. Mana shu tuygʻular yashash hech birimizni tark etmasin.

    Rustamjon Rahimboyev,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi