— Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida faoliyat boshlagan Xattotlik maktabi bugun jamoatchilik va yoshlarni qay darajada qiziqtira olyapti?
— Islom sivilizatsiyasi
markazi nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo jamoatchiligi eʼtiboridagi ulkan
megaloyiha. Uning huzurida ochilgan Xattotlik maktabi esa ajdodlarimizdan meros
boʻlgan yozuv sanʼatini qayta tiklash, asrab-avaylash va yosh avlodga
yetkazishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xattotlik sanʼati
yoʻqolib ketmasligi, balki rivojlanishi va keng ommaga oʻrgatilishi shart. Ana
shu ezgu gʻoya asosida mazkur maktab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugun
maktabga qiziqish katta. Rasman faoliyat boshlaganiga hech qancha vaqt oʻtmagan
boʻlsa-da, roʻyxatdan oʻtganlar soni allaqachon mingdan oshdi. Ular orasida yoshlar, oʻrta yoshlilar, shuningdek,
katta yoshdagilar ham bor. Bu xattotlik sanʼatiga qiziqish jamiyatning turli
qatlamlarini qamrab olganini koʻrsatadi.
—
Qadimiy sanʼatga asoslangan maktab qanday tarixiy meros va maʼnaviy
qadriyatlarga tayanadi?
— Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk xattot va allomalar
jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Ular yaratgan qoʻlyozma va
yozuv namunalari bugun ham oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda. Shu nuqtayi
nazardan, xattotlik sanʼatini qayta tiklash faqat madaniy tashabbus boʻlib
qolmay, tarixiy xotira va milliy oʻzlikni anglash bilan bogʻliq muhim
jarayondir. Maktab aynan shu boy merosni qayta jonlantirish va tizimli ravishda
avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
— Taʼlim jarayoni qanday mazmun va uslublarga
asoslanadi? Uning oʻquvchilar hayotiga taʼsiri haqida nimalarni aytish mumkin?
—
Albatta, maktabdagi taʼlim jarayoni anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar
uygʻunligiga asoslangan. Bu yerda nafaqat xat yozish texnikasi, balki husnixat
madaniyati, estetik did va sabr-toqat kabi fazilatlar ham shakllantiriladi.
Taʼlimning bepul ekani ham keng jamoatchilik uchun katta imkoniyatdir. Turli
kasb egalari, ayniqsa, ilgari bu sanʼatni oʻrganish imkoniga ega boʻlmaganlar
bugun ushbu darslarda faol ishtirok etmoqda.
Ayrim
holatlar esa maktabning chuqur maʼnaviy taʼsirini yaqqol namoyon etadi.
Masalan, nuroniylardan biri uzoq yillik orzusini amalga oshirish maqsadida
maktabga kelib, katta hayajon bilan taʼlim jarayoniga qoʻshildi. Bu kabi
misollar xattotlik maktabining inson hayotida ruhiy uygʻonish va maʼnaviy
qanoat manbai boʻlayotganini koʻrsatadi.
—
Maktabning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi haqida qanday fikr bildirasiz?
—
Maktab faoliyati xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. U xalqaro
xattotlik maktabi sifatida eʼtirof etilib, oʻquv jarayonini xorijiy
mutaxassislar ham yuqori baholadi. Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar tomonidan
qoʻllab-quvvatlanishi tashabbusning ahamiyatini yanada oshirdi. Bu esa
Oʻzbekistonda madaniy merosni asrash va dunyo miqyosida targʻib etish
borasidagi ishlar samaradorligini koʻrsatadi.
Maktabning
ochilish marosimida ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ham davlatimiz
rahbarining tashabbuslarini yuqori baholadi. Jumladan, Islom tarixi, madaniyati
va sanʼati tadqiqotlari markazi — IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich islom
xattotligining jahon madaniyatidagi oʻrni, yuksak estetik va maʼnaviy qimmatini
alohida taʼkidladi. Turkiya qoʻlyozmalar boshqarmasi direktori Joshqun Yilmaz
esa Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar haqida maʼlumot
berib, ularning katta qismi Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq ekanini qayd etdi.
Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” Islom merosi jamgʻarmasi direktori Sali
Shahsuvoriy ham temuriylar davrini haqiqiy intellektual va madaniy uygʻonish
davri sifatida baholadi.
—
Faoliyatni yanada rivojlantirish boʻyicha qanday istiqbolli rejalar koʻzda
tutilgan?
—
Kelgusida faoliyat koʻlamini yanada kengaytirish, zamonaviy va innovatsion
taʼlim dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, onlayn taʼlim
platformalarini ishga tushirish orqali xorijiy oʻquvchilarni jalb etish maqsad
qilingan. Bu orqali xattotlik sanʼatini nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro
miqyosda keng targʻib qilish imkoniyati ham yanada oshadi.
—
Qiziquvchan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?
—
“Amallar niyatga bogʻliqdir” degan hikmatda chuqur maʼno mujassam: insonning
kelajagi uning niyati, kamoli esa amallari bilan belgilanadi. Bugun
yurtimizdagi ulkan islohotlar, maʼnaviy uygʻonish va taraqqiyot jarayonlari ham
ana shunday ezgu niyatlar samarasi ekanini anglash qiyin emas.
Ajdodlarimiz,
aziz avliyolar qoldirgan boy maʼnaviy meros, ularning orzu-intilishlari va
mehnatlari bugungi farovon hayotimizga mustahkam zamin yaratdi. Shu bois, har
birimiz oʻz sohamizda sidqidildan mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib
hissa qoʻshishimiz zarur.
Durdona RASULOVA
suhbatlashdi.