Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 46 yillik anjumani yakunlari sarhisob qilindi

    Investitsiyalar 5 Sentabr 2021 671

    Joriy yil 4-sentyabrda Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 46 yillik yigʻilishi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda ITB Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov soʻzga chiqdi.

    Anjuman ITBga aʼzo mamlakatlarning karantin cheklovlari paytida aholini himoya qilishni taʼminlash, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish va global iqtisodiy inqiroz sharoitida xalqaro hamkorlikning yangi sxemalari va mexanizmlarini yaratish kabi inqirozga qarshi choralarni qoʻllash tajribasini muhokama qilish uchun platforma boʻlganligi taʼkidlandi.

    Tadbir kun tartibining sermazmunligi ham qayd etildi. Jumladan anjuman dasturi doirasida bir qator mavzularga oid panel muhokamalari va munozaralari boʻlib oʻtdi, ularda COVID-19 oqibatlariga qaramasdan barqarorlikni yuksaltirish chora-tadbirlari, xalqaro hamkorlik masalalari, iqtisodiyotni qayta ishga tushirish va tiklash mexanizmlari, investitsiyalarni jalb qilish va koviddan keyingi davrda savdoni faollashtirish, biznesni raqamlashtirish, iqtisodiyotning turli sohalariga innovatsiyalarni joriy etish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda bandlikni oshirish yoʻllari va boshqa tegishli mavzular koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, uchrashuv ITBga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari oʻrtasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini belgilash va muhokama qilish uchun samarali platforma boʻldi. Bir qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazilib, aniq kelishuv va natijalarga erishildi.

    Yillik anjuman yakunida bir qator muhim shartnomalar imzolandi. Oʻzbekiston hukumati, Saudiya Arabistoni va ITB tomonidan 100 million dollarlik boshlangʻich sarmoyaga ega Oʻzbekiston Iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) va “Trastbank” oʻrtasida 15 million dollar miqdorida savdoni moliyalashtirish liniyasini ochish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Shuningdek, “Turonbank” bilan hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS)ga muvofiq amalga oshirishda texnik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida bitim imzolandi.

    Matbuot anjumani yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun ushbu hududlar aholisining hayot sifatini oshirishga qaratilgan “Obod Qishloq” dasturi doirasida jami 200 million dollarlik kredit shartnomasi imzolandi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston onkologik xizmat koʻrsatish muassasalarini jami 80 million dollarlik zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash boʻyicha kredit shartnomasi imzolandi. Natijada kasalliklarni tashxislash samaradorligini sezilarli darajada oshirish hamda bemorlarni muvaffaqiyatli sogʻlomlashtirish imkoniyatlari oshadi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasida Islom bankingi va moliyasi uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish boʻyicha grant Bitimi imzolandi. Uning natijasida mamlakatimizda Islom moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish imkoni yaratiladi.

    Bundan tashqari, Xalqaro Islom akademiyasi va ITB tomonidan Akademiya negizida Islom taraqqiyotining “aqlli” sinfini yaratish uchun texnik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.

    Imzolangan shartnomalarning umumiy miqdori 280 million dollardan oshdi.

    Yillik anjuman yakunida 2022-yilgi byudjetni, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotni va tashkiliy-texnik xarakterdagi boshqa hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.