Islom taraqqiyot banki yana 4 ta loyiha uchun 434 million dollar investitsiya kirityapti

    Investitsiyalar 6 Mart 2024 1228

    Joriy yil 5-martda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Islom taraqqiyot bankining hududiy boshqarmasi rahbari Ibrohim Shukriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv davomida joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar atroflicha muhokama etildi va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

    Xalqaro moliya institutining mamlakatimizga boʻlgan yuksak ishonchini inobatga olgan holda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida hamkorlikning bir qator istiqbolli yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

    Hozirda Islom taraqqiyot banki bilan birgalikda umumiy qiymati 1,2 milliard dollar boʻlgan 8 ta loyiha amalga oshirilyapti, bundan tashqari umumiy qiymati 434 million dollar boʻlgan 4 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.