Yangi O‘zbekiston g‘oyasi atrofida birlashib, Uchinchi Uyg‘onish davrining poydevori yaratilishi jarayonida ishtirok etyapmiz. Buni anglash, bilish uchun mamlakatimizdagi islohotlarni tahlil qilish kerak.

Bugun biz, hech shubhasiz, ko‘p millatli xalqimiz bilan birgalikda yangi O‘zbe­kistonning yangi tarixini yarat­yapmiz. Gap shundaki, Prezidentimizning bevosita ta­shabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekiston­dagi Islom sivilizatsiyasi markazining mazmun-mohiyatini teranroq anglab borar ekanmiz, ushbu markazni taraqqiyot yo‘li­mizning yangi bosqichi, deyish mumkin.

Uch ming yillik davlatchilik tari­ximizning qat-qatlarida yashirinib yotgan millatimizning so‘nmas dahosi keyingi o‘n yillik taraqqiyotimiz bosqichida yana qayta bo‘y ko‘rsata boshladi. Bu evrilish davrini O‘zbekiston Lideri Shavkat Mirziyoev ta­shabbusi bilan 2017 yilda boshlangan mega loyiha — Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilishi orqali ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqani bilan izohlash mumkin bo‘ladi. Shuning o‘ziyoq yuqoridagi fikrimizning yaqqol da­lilidir.

Ochig‘i, markaz haqida gap ketganida, unga nisbatan tarixiy haqiqat, ma’rifat javhari degan ko‘plab ta’riflarni keltirish o‘rinli. Muhimi, bularning hech biri mubolag‘a bo‘l­maydi. Ammo yana bir haqiqat bor. Ya’ni eng go‘zal ta’riflar ham uning ilm-fan, ma’na­viy hayotimizda tutgan o‘rni va ahamiyatini to‘la ochib berishga qodir emas.

Mamlakatimiz yetakchisi markazga tash­rifi chog‘ida “Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan”, degani edi. Shu ma’noda markazning mohiyatini, qiymatini to‘la anglash uchun uni borib ko‘rish, bino­ning har bir chizgisini, muzeydagi expo­natlarni, ilmiy salohiyatini puxta o‘r­ganib, yurakdan o‘tkazib, his etish kerak. Zero, qalb qa’ridan chiqqan har bir fikr, so‘z va chizgi yuraklarga yetib boradi.

Shu o‘rinda yana bir hayotiy haqiqat. Yaqin­da “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi, bir guruh ziyolilar bilan birgalikda Islom siviliza­tsiyasi markaziga sayohat qilgan edik. O‘shanda majmuadagi uch ming yillik tarixga asos bo‘lgan eksponatlar bilan tanishib, tari­himiz qanchalik boy ekanini ko‘z oldimizga keltirib hayratlandik. Bizdan boshqa meh­monlar ham xuddi shunday hayrat va havas bi­lan muzeyni tomosha qilar, bir-biriga noyob eksponatlar haqida bilganlarini aytishga oshiqardi. Angladikki, shonli tariximiz­ni o‘qib-o‘rganish boshqa, uni yaxlit holatda ko‘zdan kechirish butunlay sohir tuyg‘u berar ekan. Bu fikrni o‘shanda majmua mutahas­sislari ham tasdiqlab, “Sizlar mehmonsiz, sohangiz boshqa, hatto biz ham muzeyga har safar kelganimizda doim hayratlanamiz”, dedi.

Darhaqiqat, sohasi tarixni o‘rganish bo‘l­gan, shu yo‘lda ilmiy ishlar qilgan insonlar, markazdan har kuni kamida bitta yangi fikr, fakt topib chiqayotganini aytdi. Shuning o‘ziyoq uch ming yillik davlatchilik tari­ximizni ko‘z oldimizga keltirishda markazning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim jihat, markaz faqat muzey­dan iborat emas. U yerda eksponatlardan sa­marali foydalanib, shonli tariximizni o‘r­ganish, ilmiy ishlar qilishga keng imkoniyat bor. Xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yil­gani bugun O‘zbekiston ilm-fanda ham tobora yuksalib borayotganidan dalolat. Zero, yuksak ilmiy nufuzga ega shaxslar va tashkilotlar o‘ziga teng ko‘rgan insonlargagina eshik ochadi, hamkorlik qiladi. Quvonarlisi, eng nufuz­li xalqaro tashkilot va ta’lim muassasala­ri markaz bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Boshqalar ham ilmiy doirada aloqalar o‘rna­tish ishtiyoqi kuchli ekanini ochiq aytayapti. Birgina misol, markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malay­ziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hin­diston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa qator mamlakatlardan yuksak malakali muta­xassislar ham faol ishtirok etdi. Buning tub zamirida yangi O‘zbekistonning yangilanish­lar, yurtimiz ilmiy salohiyatiga tan berish, unga havas qilish bor.

Insoniyat tarixidagi buyuk sivilizatsiya­larning vujudga kelishi solnomachilar tomo­nidan juda ko‘p o‘rganilgan. Xalqlar tamad­duni qanday bunyod etilishi ilmiy tahlil etilgan. Bugun taraqqiyotga qanday erishish mumkin degan savolga javob izlasangiz ana shu ilmiy tahlillar asosidagi faktlarga duch kelamiz. Biz ushbu faktlardan ayrimla­rini sanab o‘tmoqchimiz.

Birinchidan, jamiyatda adolat qaror to­pishi kerak. Bu insonlarga birdek imkoniyat, sharoit yaratib iste’dodlarga yo‘l ochadi. Shu orqali mamlakatda yuksak malakali kadrlar sinfi paydo bo‘ladi. Ular esa taraqqiyot aso­siy quvvatini harakatga keltiruvchi kuchdir.

Ikkinchidan, mamlakat iqtisodiy o‘sishi zarur. Iqtisodi mustahkam bo‘lgan jamiyatda o‘qib-o‘rganishga, yangiliklarga intilish uchun yetarlicha kuch paydo bo‘ladi. Har qanday to‘siqlarni yengib o‘tish oson kechadi.

Uchinchidan, xalq milliy o‘zligini yanada teranroq anglash zarur. Bunga hozir mam­lakat rivojlanishining asosiy poydevori sifatida qarilishi bejiz emas. Milliy o‘zlikni anglagan jamiyat ma’rifat nuri ila yashaydi, qalbida vatanparvarlik hissi kuchli bo‘ladi. Buning uchun ajdodlarimiz orzusi kabi jamiyatda fazil odamlarning shahrini yaratish ishtiyoqi ustuvor bo‘lishi kerak. Butun jamiyatda bir vaqtning o‘zida bunday ishtiyoqni uyg‘otish, milliy o‘zlik­ni teran anglatish oson emas! Ammo yangi O‘zbekiston misolida buni havas qilarlik darajada uddalay olishimizga amin bo‘lib boryapmiz.

Zero, mamlakatimizdagi islohotlarni birma-bir tahlil etsangiz, mazkur faktor­larning barchasi ro‘yobga chiqayotganini ko‘ra­siz. Buni bevosita Islom sivilizatsiyasi markazi misolida ham ko‘rish mumkin.

Endigi fikrimizni yuqoridagi faktor­lar sharhi bilan davom ettirsak.

Avvalo, mamlakatimizda adolatni qaror toptirish uchun xalq bilan muloqot yo‘lga qo‘yildi. Qisqa vaqtda muloqotning xalqchil, masalalarni joyida hal etishga qaratilgan tizimlari yaratildi. Ayni paytda majburiy mehnatga, bolalar va ayollar haq-huquqlarini himoya qilish amalda samara bera boshladi.

Islom sivilizatsiyasi markazidagi ta­rixiy eksponatlar va faktlarni o‘rgangan kishi ajdodlarimiz doim insonni ulug‘lab, adolatni qaror toptirish ishtiyoqida yashaga­niga amin bo‘ladi. Markazning “Yangi O‘zbe­kiston — Uchinchi Renessans poydevori” eks­pozitsiyasi zali bilan tanishgach esa ana shu an’ana zamonga mos shaklda yangicha ruh bilan kechayotganini teran anglaysiz. Bu zaldagi yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va, umuman “mahalla yettiligi”ning raqamli “vakilla­ri” sizga bu haqida hikoya qilib beradi.

Shuningdek, mamlakatimiz so‘nggi o‘n yillikda juda katta iqtisodiy o‘sish, sohalar­dagi tub evrilishlarga yuz tutdi. Buni izoh­lash uchun kambag‘allikning tan olinishidan tortib, tadbirkorlik, ish o‘rinlari yaratish yo‘lidagi imkoniyat va imtiyozlarga­cha bo‘lgan o‘zgarishlarni tom-tom kitob qilib izohlash mumkin. Qolaversa, O‘zbekiston dunyoga ochil­gach xorijiy sarmoyadorlarning katta oqimi iqtisodiy hamkorimizga aylandi. Hatto butun bir mintaqa miqyosida hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sivilizatsiya markazida o‘z aksini topgan islomgacha bo‘lgan davrda ham, undan keyingi tamaddunlar vaqtida ham mintaqalararo aloqalar, karvon yo‘llari ilm-ma’rifat ta­shiganiga shubha yo‘q. Muhimi, u faqatgina Buyuk ipak yo‘lidan­gina iborat emasligi, tariximizdagi bunday sivilizatsiyalar o‘yla­ganimizdan ancha ko‘p ekaniga amin bo‘lasiz. Beixtiyor bugungi islohotlar, yangilanishlar ana shu tarixiy ildizlardan quvvat olayotga­niga, bunday so‘nmas quvvatni to‘g‘ri yo‘nalti­ra olish xalqlarga ulkan saodat keltirishi haqidagi yorug‘ o‘ylar qurshovida qolasiz.

Yana bir muhim jihat. Ilmiy salohiyat hamda iqtisod taraqqiy topishi inson ma’­rifati, gumanistik va bag‘rikenglik qad­riyatlar bilan chambarchas bog‘liq.

Tarixdan yaxshi ma’lum, eng taraqqiy et­gan jamiyatlar ham avvalo ichki birdamlik sabab yuzaga kelgan. Ya’ni qaerda insonni tushunish ustuvor bo‘lsa, bag‘rikenglik barqa­ror o‘rin egallasa o‘sha jamiyatda yurts­evarlik yuqori cho‘qqiga chiqadi.

Yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etishda, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsad hayotimizga joriy etilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston ma’ri­fiy siyosati bilan xalqaro maydonda doim o‘z so‘zini aytib kelmoqda. Dunyo mamlakatlari­ni har qanday ziddiyatlarni tinchlik, do‘st­lik va teng diplomatik aloqalar orqali hal etishga chaqirib kelyapti. Aynan shu jihat bilan ham xalqaro maydonda yangi O‘zbekis­ton nufuzi oshib borayotgani ayni haqiqat.

Shu o‘rinda muhim bir faktni aytib o‘tish kerak. Bugun dunyoda ziddiyatlar avj oldi. Xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi ishonch chuqur inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Mamlakatlar siyosati omma ongiga ham o‘z ta’sirini o‘tkaz­ishini ana shu jarayonda yana bir karra ko­rib, kuzatib turibmiz.

Fahr bilan aytamizki, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 xil diniy konfessiyaga e’tiqod qilib kelmoqda. Quvo­narilisi, biz bir xalq, yagona vatan bo‘lib, o‘za­ro hurmat, mehr va do‘stona hayot kechiryapmiz. Bu bevosita yurtimizdagi bag‘rikenglik siyosatining samarasidir. Ayni paytda ulug‘ aj­dodlarimizdan qolgan bebaho meros hamdir. Davlatimiz rahbarining iborasi bilan ayt­ganda, tarix tilga kirgan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va ma’ri­fat, taraqqiyot va adolat bo‘ladi. Hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashilmaydi!

Bo‘g‘bonlar yaxshi hosil olish uchun odat­da payvand usulidan foydalanadi. Il­dzi baquvvat, tanasi mustahkam bo‘ladigan daraxtga hosildor navdagi nihol payvand qilinadi. Shu orqali bir oilaga tegishli ikki niholdan yangi, serhosil daraxt o‘sadi. Tarixiy ildizdan quvvat olib yorug‘ kela­jakni yaratish esa bog‘bonning mehnati, za­kovatidan ming, ehtimol million karra yuk­sak bilim, tafakkur va matonat talab etadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shunday vazifani o‘taydi. U shonli tariximizni bugun bilan bog‘lab, yorug‘ kelajak kafolatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, fargoniy va ibn sinalar, buxoriy va ter­mizi ylarni kamol toptiradigan ma’naviy maydon, ilm mehvaridir.

Salim DONIYOROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist