Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar, juma kuni ushbu markazga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini oʻrganib, mazmunini boyitish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Bu galgi tashrif chogʻida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Markaz binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni boʻyicha dunyoning yetuk olimlari, islomshunos va sanʼatshunoslari bilan fikrlashilgan. Shu asosida ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqilgan.

Tashrif chogʻida ushbu konsepsiyaning taqdimoti oʻtkazildi.

- Bugun bu yerga kelishimdan maqsad - muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, maʼnaviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qoʻshganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni koʻrish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson boʻlib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yosh avlodda gʻurur, gʻayrat uygʻotib, yangi taraqqiyot davriga undashi qayd etildi.

- Koʻpchilik oʻylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu - gʻoya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri boʻlishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz boʻladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaz ekspozitsiyalari boʻyicha xalqimiz fikrini ham oʻrganish, shu maqsadda tanlov eʼlon qilib, eng yaxshi gʻoya va takliflarni aks ettirish zarurligi taʼkidlandi.

- Yurtimiz zaminidan juda koʻp olimlar, muhaddislar, avliyolar yetishib chiqqan, ularning merosi undan ham koʻp. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur oʻrganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan boʻlishi kerak. Bu yerda milliy gʻoya joʻsh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo boʻlishi kerak, - deya taʼkidladi Prezident.

UNESCO, ISESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

- Oʻzi bugun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qoʻllanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. Oʻrta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yoʻqolib ketgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois birinchi manbalarni oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qoʻshimcha mablagʻ, tadqiqotchilarga grantlar ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning mamlakatimizda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji boʻyicha ixtisoslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Bu yerdagi ilmiy merosni yoshlarga zamonaviy tarzda yetkazish uchun markaz qoshida multimedia boʻlimi, qadimiy xattotlik anʼanalarini koʻrsatish uchun ustaxona-laboratoriya tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.