O'tgan kuni Toshkentda bo'lib o'tgan "O'zbekiston – Ispaniya" biznes-forumida “O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi o'rinbosari Xurshid Rahmatullaev mamlakatda ichimlik suv ta'minoti tizimining bugungi holati, so'nggi yillarda sohani rivojlantirish yo'lida amalga oshirilgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma'lumot bergan.
Bu haqda “O'zsuvta'minot” AJ matbuot xizmati ma'lum qilishicha, sohada olib borilgan islohotlar natijasida respublikamiz aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 74,4 foizga, markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 18,9 foizga etgan.
Ichimlik suv ta'minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasini raqamlashtirish va transformatsiya qilish doirasida KPI (Samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlari), geoaxborot, SCADA tizimlari joriy etildi, “O'zsuvta'minot” AJ “Korruptsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi ISO 37001:2016 va “Sifat menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi ISO 9001:2015 xalqaro sertifikatlariga ega bo'ldi, billing tizimi tubdan takomillashtirildi, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o'tish ishlari yakuniy pallaga kirdi.
“O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi o'rinbosari 2023-2027-yillarda 4531 ichimlik suv va 234 oqova suv inshootlarini qurish hamda 44,2 ming kilometr ichimlik va 2,9 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish rejalashtirilganini ma'lum qilgan. Shu maqsadlarga 4,6 milliard dollar, ya'ni o'tgan 5 yilga nisbatan 3,3 barobarga ko'p investitsiya jalb qilish ko'zda tutilgani aytilgan.
Aholini kafolatli va sifatli ichimlik suv bilan ta'minlash, ichimlik suv ta'minoti va oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish maqsadida “O'zsuvta'minot” AJ O'zbekiston Respublikasi suv ta'minoti va oqova suv tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish va modernizatsiya qilish strategiyasi loyihasini ishlab chiqqan.
Xurshid Rahmatullaev Ispaniya kompaniyalariga xalqaro moliya institulari hamkorligida amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalatirilgan loyihalarda ishtirok etishni taklif etgani.
Biznes-forum doirasida “O'zsuvta'minot” AJ va Ispaniyaning “IDOM CONSULTING, ENGINEERING, ARCHITECTURE SAU” kompaniyasi o'rtasida Farg'ona viloyatining suv ta'minoti va oqova suv tizimini yaxshilash loyihasi yuzasidan “Master reja” ishlab chiqish bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumi imzolangan.