Har dam olish kuni tongda kelib, sut-qatiq sotib ketadigan ayoldan darak boʻlavermagach, uni izlab koʻchaga chiqdim. Yon-atrofda koʻrinmagani uchun sal nariroqdagi koʻp qavatli uy oldiga bordim.

Shu payt roʻparamdagi koʻp qavatli uy yoʻlagidan 35 yoshlar atrofidagi koʻhlikkina ayol chiqib keldi va qoʻlidagi ichi toʻla paketlarni shundoqqina yoʻl chetiga oʻrnatilgan chiqindixona qutilari tomon uloqtirdi. U otgan salafan paketlardagi narsalar har tomonga yoyilib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrayki, qogʻoz uyumlari, latta-putta va turli chiqindilar bilan birga non boʻlaklari, turli xil pishiriq va mevalar ham yerga bitta boʻlib sochildi.

— Hoy singlim, nega maxsus qutigamas yerga tashlab ketyapsiz, axir non boʻlaklari uchun maxsus idish qoʻyilgan-ku, — dedim ovozimni sal balandlatib. U esa aftini burishtirdi-da:

— Ey, nima ishingiz bor, bir kamim endi sizga hisob berishim qoluvdi. Kerak boʻlsa, oʻzlari yigʻib olishadi. Non boʻlagi emish... shunchalik aqlli boʻlsangiz terib oling, — deya jahl bilan ortiga burilib ketdi. Koʻz oʻngimda esa bejirimgina kiyingan, chiroyligina ayol va uning juda xunuk qilmishi qotib qoldi.

Nahotki, nonni axlatga tashlaydigan darajaga yetib keldik? Nafaqat non, balki tiriklik ramzi boʻlmish suv, uyimiz va koʻchalarni charogʻon qilib kelayotgan elektr energiyasini ham besamar sarflayapmiz. Eng achinarlisi, aziz neʼmat sanalmish nonning bugun axlat uyumlari orasida paydo boʻlishiga ham oddiy holday eʼtiborsiz qarashga oʻrganib qoldik. Nonning ushogʻini tashlash ham gunohligini bila turib, nega odamlar uvoldan qoʻrqmay qoʻydi, degan savolga javob topish ilinjida Toshkent shahridagi bir qancha chiqindixonlarga bordik va yana ayanchli holatlarning guvohi boʻldik. Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida zamondoshlarimizning isrofgarchilik va uning oldini olish borasidagi fikrlari bilan qiziqdik. Ularning oʻtmishlarini, kechmishlarini, tavsiyalarini va soʻzlarini hech bir oʻzgarishsiz qogʻozga koʻchirdik va sizlarga ham ilindik. Zora, bular kimlarningdir vijdonini uygʻotsa...

Endi isrofgarchilikka yoʻl qoʻygan shaxslarga jarimalar qoʻllaniladi

Statistik maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahrida bir kunda 2 tonnadan ziyod non, mamlakatimiz boʻylab esa yiliga 3 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga tashlanar ekan.

Endi ovqatlanishda isrofgarchilikka yoʻl qoʻygan shaxslarga moliyaviy jarimalar qoʻllaniladi. Qanday qilib deysizmi? Bu borada joriy yilning 31-may kuni Prezidentimizning “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil boʻlishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida “Oqilona isteʼmol” dasturi ishlab chiqiladi. Dasturga koʻra, oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan masʼuliyatni oshirish, aholi oʻrtasida toʻgʻri ovqatlanish odatlarini shakllantirish va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish hamda meʼyoridan ortiq isteʼmolni targʻib qilishni cheklash, isrofgarchilikka yoʻl qoʻygan shaxslarga moliyaviy choralar qoʻllash va nazorat mexanizmlarini oʻrnatish borasida bir qancha bandlar mavjud.

Bir burda non ushogʻiga ham zor edik

Alfiyanur IBRAGIMOVA, 94 yosh, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashaydi.

— Bolalik davrim ocharchilik va qimmatchilik yillariga toʻgʻri kelgan. Bir burda non topib farzandlarim qornini toʻydiraman, deya ertayu-kech yelib yugurgan ota-onam va yaqinlarim ochlikdan vafot etgan... Esimda, chamasi 10 yoshlar edim. Uyimiz oldidagi katta dalada bugʻdoy ekilardi. Onam bechora bugʻdoy oʻrimidan soʻng biz farzandlariga ozgina boʻlsa ham quvvat boʻlsin, deb tuproq orasida qolib ketgan bugʻdoy boshoqlarini bittalab terib yurardi. Keyin ularni yuvib, soʻqichada maydalab, suv toʻldirilgan qozonga tuz tashlab qaynatardi. “Bu quvvat boʻladi, xudo xohlasa hali yorugʻ kunlarga chiqamiz, hammasi yaxshi boʻladi”, deya masalliqsiz qaynatilgan shoʻrvani ichishga undardi. Garchi hech qanday taʼmni sezmasakda, sillamizni quritgan ochlik tanamizni tark etganday boʻlardi. Oʻsha davrda bir burda non tugul ushogʻiga ham zor edik, oʻlib qolmaslik uchun kepak, kunjara yegan kunlarimiz ertak emas.

Shuning uchun oʻtmishni eslagim kelmaydi. Alllohga beadad shukr bolam, toʻqchilik, toʻkinlik va tinchlik zamonida yashayapmiz. Albatta, noshukurlik qilmasdan, nolimasdan bularning qadriga yetish kerak. Nonning uvoli yomon, isrofgarchilikni, yerda toʻkilgan ushoqlarni koʻrsam, yigʻlagim keladi. Chunki yaqinlarim ochlikdan shishib oʻlganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman...

94 yoshli onaxonning soʻzlarini tinglar ekanmiz, jovdirab turgan koʻzlarida oʻtmishning ayanchli ozorlari va aksini oʻz vujudimizda his qilganday boʻldik. Yaxshiyam, onaxon bugungi toʻy va tantanalarda, hatto taʼziyali marosimlarda yeyishga yaroqli boʻlgan qanchadan-qancha neʼmatlarning uvol boʻlayotgani, chiqindixonalarga savatlab toʻkilayotganini koʻrmayapti.
Nega bugun bolalar tagligidan tortib, turli iflos buyumlargacha non boʻlaklarini aralashtirib, axlat qutilariga tashlayapmiz? Axir Hadisi sharifda ham nonni eʼzozlash kerakligi, uni uvol qilish gunoh ekanligi alohida taʼkidlangan-ku?

“Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar”

Jobir ELOV, Mir Arab oliy madrasasi rektori

— Non isrofi noshukrlikdan kelib chiqadi. Hadisi Qudsiyda “Ey Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingda qorni och bechoralar ham esingda boʻlsin. Shunda Allohning bergan neʼmatlariga shukr qilishing osonroq boʻladi”, deyilgan. Alloh yurtimizni tinch, dasturxonimizni toʻkin qilib berdi, neʼmatlarni isteʼmol qilishimiz uchun salomatlik berdi. Bunga shukr qilish oʻrniga bu neʼmatlarni nima uchun isrof qilamiz? Odamzot   uchun yaratilgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri non. Inson barcha jonzot orasida aziz va mukarram qilib yaratilgani uchun ham unga shunday neʼmatlar ato etilgan.

Shuning barobarida “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar” deb buyurilgan. Isrof qilganlar “shaytonlarning doʻstidir” deb taʼrif qilinib, bunday noshukurlar uchun har ikki dunyoda jazo tayyorlab qoʻyilgani ogohlantirilgan. Nafaqat non, balki hech bir narsani isrof qilmasdan ishlatish haqiqiy moʻminlik belgisidir. Baraka topgurlar, nonning ushogʻini ham isrof, uvol qilib tashlash – katta noshukurlik. Toʻgʻri, koʻp qavatli uylarda yashayotganlarning boqarga moli yoʻqki, qolgan-qutganlarni ularga yemish qilib bersa. Lekin oʻsha uylarning barchasida non tashlash uchun alohida maxsus idishlar qoʻyilgan-ku. Nega, aziz neʼmatlarni idishlarga emas, turli xil axlatlarga aralashtirib yuborasiz? Nonning ushogʻini ham uvol qilib tashlash, katta gunoh, xato ekanligini unutmang!

Nonning ushogʻini bossang koʻr boʻlasan...

Nigora JOʻRABOYEVA, 64 yosh, zahiradagi podpolkovnik:

— Negadir, ota-bobolarimiz oʻgitini, yaqin tarixda boʻlib oʻtgan ochlik dahshatlarini, ota-onalarimizdan eshitgan bir tishlam non qadrini juda tez unutyapmiz. 33 yildan buyon “Diyorobod” mahallasiga qarashli koʻp qavatli uyda yashayman. Mahalla faoli va uyboshisiman. Har kun ertalabdan mahalladagi uylar atrofini aylanib, yuqori qavatlardan tashlangan non boʻlaklari va yegulik qoldiqlarini terib yuraman. Baʼzilar “Nigora opa, sizga zarilmi, qachon qarasak kimgadir dakki bergan, kimnidir tartibga chaqirgan, yoshlarga nasihat qilgan holda koʻramiz. Bu ham yetmaganidek, yerdan nimalarnidir terib yurasiz, farroshlarga yordam berasiz. Undan koʻra, oyogʻingizni uzatib, mazza qilib yashamaysizmi”, deyishadi. Tuproqqa qorilib yotgan non boʻlaklari, isrof qilib toʻkilgan ovqat qoldiqlarini koʻrib vijdoni bor odam qanday xotirjam va befarq yashay oladi, deyman oʻzimga oʻzim. Bolaligimizda yoshi kattalar ovqat yeb boʻlmagunicha dasturxondan turishga bizlarga ruxsat berishmagan.

Dasturxonga fotiha oʻqilgach esa, qadam bosilmaydigan chekkaroqqa non ushoqlari, qushlar, qurt-qumursqalar terib yesin deb, toʻkilardi. Hozir esa baʼzi bir oilalar, taomdan keyin, fotiha qilishni bilmaydi yoki oʻzlariga ep koʻrmaydi. Otam rahmatli nonning ushogʻini bosmanglar, koʻr boʻlasizlar derdi. Bobo-momolar oʻgiti oʻtmishda qolgandek. Nahotki, urush yillarida va undan soʻng yurtimiz boshidan oʻtgan ochlik dahshatlarini, buvilarimizdan eshitgan bir tishlam non qadrini shunchalik tez unutayozgan boʻlsak.

Qissadan hissa

Bu dunyoda hamma narsaning hisobi bor. Shuning uchun boʻlsa kerak, hisobli dunyo, deyishadi. Vaqti kelsa, hamma narsaning hisobini qilamiz, yaxshi yashash uchun izlanib, intilamiz, orzu-havasla imoratlar quramiz, yetti mahallaga koʻrsatib, chiroyli toʻylar qilamiz. Xullas, birovdan kam boʻlmay zoʻr yashashga intilamiz. Lekin negadir soʻnggi vaqtlarda ongimiz oʻtmaslashib qolayotganday, Alloh bandasi uchun bergan neʼmatlarning qadriga yetmayapmiz, oyoq osti qilyapmiz.

Hamma narsaga yetgan aqlimiz, isrofgarchilikka kelganida oʻtmaslashayotganday. Yoʻqsa, tiriklik neʼmati boʻlgan rizqimizni butunligicha axlat quttilariga uloqtirarmidik? Nega qimmat taqinchogʻimizni, yaltir-yultir koʻylagimizni, ifori olamni tutar atirimizni chiqindixonalarga otmaymiz-u, rizqu nasibamiz boʻlgan nonni yerga tashlashdan qoʻrqmaymiz? Bir kun ichmasak, tomogʻimiz qurib, boshimiz aylanadigan suvni tejamaymiz, kunu tun yonib hamma yoqni charogʻon qilib turadigan beminnat elektr energiyasiga bepisandmiz. Yashil tabiatni payhon qilaveramiz, beozor jonivorlarni ayamay qiramiz.

Hayotimiz farovon, dasturxonimiz toʻkin boʻlib borgani sayin maʼnaviy qashshoqlashib ketayotgandaymiz, nazarimda. Nega farzandlarimiz, nevaralarimizga yaxshilik qilish savobligini, halol mehnat rohatligini aytmayapmiz. Oʻgʻrilik, taʼmagirlik, dangasalik, isrofgarchilik gunoh ekanligini   uqtirmayapmiz. Ishimizni yoki vaqtimiz yoʻqligini pesh qilamiz. Dasturxon boshida esa telefonimizni qoʻldan qoʻymaymiz. Gap-gashtaklardan boʻshamay qoldik.

Aziz zamondoshim, uyimizda dasturxon boshida, issiqqina, yumshoqqina, taʼmi ishtahamizni ochar nonni ushatayotganimizda dunyoning qaysidir burchagida ochlikdan sillasi qurib oʻlib ketayotganlar borligini ham bir esga olaylik. Dono xalqimizning “Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan”, degan hikmatli soʻzlarini yodimizdan chiqarmaylik!

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri