“Issiqliktaʼminoti” AJ tashkil etiladi

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida “Issiqliktaʼminoti” AJ tashkil etiladi hamda vazirlikka issiqlik taʼminoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritishni yuklanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida “Issiqliktaʼminoti” AJ tashkil etiladi hamda vazirlikka issiqlik taʼminoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritishni yuklanadi.

    2025-yil 1-iyundan:

    • moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlarida binolarning oʻz ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va muqobil issiqlik tizimlari hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy oʻrnatish talabi kiritiladi;
    • koʻp kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning toʻliq oʻrnatilishi majburiy hisoblanadi;
    • markazlashgan issiqlik taʼminoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, maʼmuriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy hisoblanadi.