Toshkent davlat agrar universiteti hududida qurilayotgan yangi yotoqxona binosining qurilishi toʻxtatildi, deya xabar bermoqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Qibray tumanidagi OTMda yangi 400 oʻrinli talabalar turar joy binosini qurish davomida binoning ichki pardozlash ishlarida sanuzel xonalarning devor va pol yuzalarida kafel qoplamasini qoplash, karidor va xonalarning devor yuzalarida boʻyyoq ishlariga tayyorgarlik, hamda binoning tashqi muxandis tarmoqlarini tortish va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgandi. Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligini nazorat qilish hududiy inspeksiyasi “New Brand House” qurilish kompaniyasi ishida qoidabuzarliklarni aniqladi.
Xususan, Boʻlim bosh inspektori Ismoil Hamidovning soʻzlariga koʻra, devorlarga gipsokarton plitalarini yopishtirish jarayonida karkas uchun metall profillar oʻrniga oddiy gips ishlatilgan.
Xonalardagi kirish eshiklarining sarbastlari loyihalarga zid ravishda bajarilgan va tom yopish ishlarida umuman loyihaga amal qilinmagan. Bu obyektda texnik va ichki nazorat ishlamaganligini koʻrsatadi, deya xabar beradi inspeksiya.
Bundan tashqari, obyektda binoning ichki pardozlash ishlarida ishchi loyihada devor yuzalarini pardozlashda suvoq ishlari, shpaklyovka va boʻyoqlash ishlari koʻrsatilgan, amalda esa loyiga zid ravishda gipsakarton qoplamalarning ostki qismida ayrim joylarida rotbang qorishmasi qoʻyilib sifatsiz qilib bajarilgan.
Binodagi ichki elektromontaj ishlari loyihada mis simlardan bajarilishi oʻrniga amalda alyumin simlardan montaj qilingan.
Qurilish vazirligining xabar berishicha, pudratchiga qoidabuzarliklar boʻyicha 14 marotaba yozma koʻrsatmalar berilgan. Bunda obyektda qurilish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan buyurtmachi tashkilotiga 5ta koʻrsatma, loyiha tashkilotiga 4ta koʻrsatma va pudrat tashkilotiga 5ta koʻrsatma taqdim etilgan. Shuningdek, tashkilotlarga uch marotaba jarima tayinlangan. Ammo ish davom etgan, deyiladi xabarda. Binoda qayta texnik tekshiruv oʻtkazilgunga qadar qurilish ishlari toʻxtatildi.