Seminarni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva hamda Navoiy viloyati hokimining oʻrinbosari Erkin Kamolov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Seminar davomida viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi Akbar Niyozov “Navoiy viloyatida uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasi va energiya tejamkorligi boʻyicha koʻp qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali direktori Bobir Islomov “Elektr taʼminoti tizimida energiya tejamkorligi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar”, “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali direktori Mahmud Normamatov “Gaz taʼminoti tizimida energiya tejamkorligi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” kabi mavzularda maʼruzalar qilishdi.
Seminarning amaliy qismida ishtirokchilarni obyektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Uy-joy va kommunal yoʻnalishidagi ilk lokatsiya Navoiy shahri “Vatan” MFY boʻlib, tadbir qatnashchilari hududda aholiga yaratilgan shart-sharoitlar hamda energiya tejamkorlik boʻyicha koʻp qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishdi. Shuningdek, mazkur mahalla, shaharning Alisher Navoiy nomli koʻchasi hamda “Gulzor” turar joylar kompleksi misolida Navoiy shahridagi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati va barpo etilgan zamonaviy ijtimoiy uy-joylar oʻrganildi.
Respublika seminari ishtirokchilari tabiiy gaz taʼminoti yoʻnalishida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialining Markaziy dispetcherlik xizmatidagi platformada, ASKUG tizimda mavjud imkoniyatlarni va avtomatik boshqaruv tizimi bilan tanishish uchun “Hududgaz Navoiy” filialiga, “Zarafshan golden group” MChJ ning Navoiy shahar kichik sanoat zonasi hududidagi qozonxona obyektiga, qolaversa aholi xonadonlariga oʻrnatilgan energotejamkor gaz yondirgilari holatini oʻrganish maqsadida Navoiy shahri “Hayot” mahallasida boʻlishdi.