Baʼzan shunaqasi ham boʻlib turadi. Joriy yil qish mavsumida, toʻgʻrirogʻi, anomal sovuq kunlari koʻplab joylarda, jumladan, Namangan viloyatining Mingbuloq, Kosonsoy, Davlatobod, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Uchqoʻrgʻon, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlari va Namangan shahridagi, Samarqand viloyatining Urgut, Payariq, Ishtixon va Kattaqoʻrgʻon tumanlaridagi 589 ta mahallada qattiq maishiy chiqindilar yigʻishtirilmadi va  toʻliq olib chiqib ketilmadi. Sababi, oʻsha kunlari chiqindi tashuvchi maxsus texnikalarga yonilgʻi yetkazib berish toʻxtab qolgandi.

Bu ikki viloyatdagi yuqorida tilga olingan tuman va shaharlarga “Toza hudud” DUK, “Namangan musaffo iqlim”, “Orif nurli kelajak”, “Chashmai safed-gaz”, “Shohimardon Asqarov” oilaviy korxonalari va “Anvarjon Biznes Invest”  masʼuliyati cheklangan jamiyati ikki tomonlama shartnoma asosida xizmat koʻrsatib kelgan. Shunisi qiziqki, bu korxonalar xizmat koʻrsatmagan kunlari, yaʼni yanvar-fevral oylari uchun ham aholidan xizmat haqi olgan.

Albatta, bugungi isteʼmolchi ham anoyi emas. U oʻz huquqini biladi. Shu bois, mahallalar ahli Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilgan. Oʻrganish jarayonida barcha dalillar oʻz isbotini topdi. Xizmat koʻrsatuvchi korxonalarga ortiqcha toʻlangan salkam 6 milliard 179 million soʻm isteʼmolchilarga qaytarildi.

 Yoʻq joydan paydo boʻlgan kredit

Joriy yilning 6-aprel kuni Chiroqchi tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Koʻkdala tumani Zum qishlogʻida yashovchi fuqaro Y. S. murojaat qiladi.

Uning aytishicha, 2022-yilning sentyabr oyidan buyon uyiga  tumandagi “Agrobank” xodimlari kelib, xonadonida yer osti ichimlik suv qudugʻini qazish uchun  33 million soʻm kredit rasmiylashtirilgani, uni toʻlash vaqti kelgani haqida bezovta qilishayotgan ekan.

“Vaholanki, men bankdan bir tiyin ham kredit olmaganman”, deydi u.

Ushbu holat  tuman jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganildi. Natijada murojaatchi va bank oʻrtasidagi shartnoma soxta ekani aniqlandi va ushbu soxta hujjat bekor qilindi.

Shu oʻrinda bir nechta savol tugʻiladi. Bu soxta shartnoma qayerdan paydo boʻldi? Uni kim imzoladi? Mijoz bank bilan hech qanaqa shartnoma tuzmaganini aytgandan soʻng ham bank xodimlari nega undan pul soʻrashda davom etdi, nega hujjatni tekshirib koʻrmadi? Bu pulni aslida kim olgan?

Ishonchimiz komilki, bu savollarga tegishli masʼul idoralar javob izlashmoqda.

Salkam 105,5 milliard soʻm isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi

Maʼlumotlarga qaraganda, 2016–2022-yillarda Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 83 367 ta murojaat kelib tushgan. Ular oʻrganilishi natijasida salkam 105 milliard 422 million soʻm isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan. 1215  ta ariza yuzasidan sud organlariga murojaat qilish taklifi berilgan yoki sudlarga daʼvo arizalari kiritilgan. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar tomonidan sud idoralariga kiritilgan daʼvo arizalari boʻyicha salkam 6 milliard 942 million soʻm mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga undirilgan.

Beshikdagi goʻdakdan 100 yoshdan oshgan cholu kampirgacha,  daladagi oddiy dehqondan vazirlaru davlat rahbarigachaga isteʼmolchi. Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ularning isteʼmolchilik huquqlarini himoya qiladigan jamoat tashkiloti. Shu jamoat tashkiloti salkam 105 milliard soʻm pulni isteʼmolchilar foydasiga hal etgan. Demak, necha minglab aholining isteʼmolchilik huquqi tiklangan. Eng muhimi, ularga yetkazilgan zarar qoplangan. Bu degani, shuncha xonadonga qandaydir darajada baraka kirgan.

— Soʻnggi yillarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyati, ijtimoiy faolligi oshib bormoqda, — deydi Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni va ushbu hujjat asosida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki darajasini oshirish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan. Korxona, muassasa va oʻquv yurtlarida aʼzolari 600 ming nafardan iborat 4986 ta tayanch guruhimiz bor.

Jamoat tashkilotlari orasida birinchilardan boʻlib, 2015-yildan boshlab, federatsiya tizimida “1091” qisqa raqamli “ishonch telefoni” faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Shuningdek, murojaatlarni qabul qilib olish uchun istemol.uz saytidagi virtual qabulxona va 2021-yildan boshlab potrebiteluz_bot telegram boti ishlab turibdi.

Xalqchil loyihalar

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, federatsiya 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni asosida, oʻsha yili oʻz tizimida “Obod xonadon – yurt koʻrki” loyihasini ishlab chiqdi va amalga oshirishni boshladi.

Loyihadan koʻzlangan maqsad aholining turmush madaniyatini yuksaltirish yoʻlida joylarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qoʻshish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoitini yaxshilashga koʻmaklashish, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash  edi.

Yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yashab turgan xonadoni avariya holatida boʻlgan 12 ta xonadon federatsiya mablagʻlari hisobidan taʼmirlab berildi.

Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi Bahriddin Otayevning xonadonida limon koʻchatlari yetishtirishga moʻljallangan zamonaviy issiqxona barpo etilib, xonadon egasi tadbirkorlik bilan shugʻullana boshladi. Xorazmlik Shahlo Sobirova xonadonida gul koʻchatlari yetishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Eng muhimi, federatsiya tashabbusi bilan paydo boʻlgan ushbu loyihaga koʻplab homiylar, hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan sektor rahbarlari qiziqish bildirib, unda ishtirok etishdi.

Isteʼmolchi kutubxonasiga marhamat

Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishda nafaqat davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, “Davlat–fuqarolik institutlari–tadbirkorlik subyektlari” tamoyili asosida federatsiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyihalardan biri “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi hisoblanadi.

 Ushbu loyiha doirasida Oltiariq, Rishton, Bagʻdod, Fargʻona, Margʻilon, Qoʻshtepa, Yozyovon, Dangʻara, Qiziltepa, Konimex, Navbahor, Tomdi, Olot, Qorakoʻl, Koson, Kasbi, Dehqonobod, Uzun, Boysun, Oltinsoy, Angor, Toʻraqoʻrgʻon, Izboskan tumanlari, Fargʻona, Zarafshon shaharlari hamda Shargʻun shaharchasida isteʼmolchi kutubxonalari va isteʼmolchilar uylari qurib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda loyiha doirasida 71 ta tuman va shaharda qurilish ishlari davom etmoqda.

Zamonaviy uslubda qurilgan, oʻziga xos innovatsion yechimga ega “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksidan oʻrin olgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” fondidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan ijtimoiy-siyosiy va ommabop gazeta-jurnallar oʻrin olgan. Bundan tashqari, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham ushbu kutubxonalar tokchalaridan joy olgan.  Taʼkidlash joizki, ushbu kutubxonalarda 100 mingga yaqin kitobning elektron bazasi ham shakllantirilgan boʻlib, bu oʻquvchilarga kitoblarni arzon narxda, masofadan turib xarid qilishiga ham imkoniyat yaratib beradi.

Xalqaro hamkorlik

Federatsiya tomonidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va uni amaliyotda qoʻllash maqsadida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻizistonning turdosh tashkilotlari bilan federatsiya oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu hujjatlarga asosan, turli yoʻnalishlarda hamkorlik olib borish barobarida, mazkur mamlakatlar sayyohlari isteʼmolchilik huquqlarini mamlakatimizda, oʻzbekistonlik sayyohlarlarning isteʼmolchilik huquqlarini sanab oʻtilgan mamlakatlarda himoyalash boʻyicha kelishuvlarga erishilib, amaliyotga tatbiq etildi. Bu turizmni rivojlantirishni iqtisodiy strategiyaning yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olgan Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.

Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Portugaliya, Malayziya, Xitoy, Avstriya, Tailand, Vyetnam va Moʻgʻuliston kabi mamlakatlarning turdosh davlat hamda nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Isteʼmolchilarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilishda milliy va xalqaro jamoat tashkilotlarini faol qoʻllab-quvvatlab kelayotgan xorijiy davlat, hukumat rahbarlari, hukumat aʼzolari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi boshqaruv organlari rahbarlari orasidan eng munosiblarini taqdirlash maqsadida federatsiya “Yil odami” mukofotini taʼsis etgan edi. Mazkur mukofotning ilk sohibi BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi amiri Shayx Muhammad Ol Maktum boʻldi.

Texnik xatolik emish...

“Togʻliq” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi T.S.  xonadonining kadastr hujjatlarini tayyorlatish uchun “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJning Toshloq tuman boʻlimiga boradi. Maqsadi korxona xizmatlari boʻyicha qarzdorligi yoʻqligi haqida maʼlumotnoma olish edi. Korxona masʼullari unga xonadonning ichimlik suvi toʻlovlaridan 546 850 soʻm qarzdorligi mavjudligini, maʼlumotnoma esa ushbu muammo bartaraf etilgandan soʻng berilishini birdirishgan.

T.S.ning aytishicha, uning xonadoniga hali ichimlik suv tarmogʻi yetib bormagan.

Shu bois, isteʼmolchi  yordam soʻrab Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman jamiyatiga ariza yozishga majbur boʻldi. Murojaatni tuman aholisiga ichimlik suv yetkazib beruvchi korxona masʼullari hamkorligida oʻrganilishi jarayonida arizada keltirilgan vajlar isbotini topdi. Xonadonga, haqiqatda ham, ichimlik suv tarmogʻi hali yetib kelmagani maʼlum boʻldi. Masʼullarning aytishicha, qarzdorlik texnik xatolik tufayli yuzaga kelgan ekan.

***

Federatsiyaga, uning viloyatlar boshqarmalari va tuman, shahar boʻlimlariga isteʼmolchilardan har kuni koʻplab yuqoridagi kabi murojaatlar boʻlib turadi. Ular esa imkoniyat va oʻzlariga yuklatilgan vakolat  doirasida bu muammolarni hal etishga harakat qiladi. Bu  yurtimizda yangilangan Konstitutsiyamizning 72-moddasidagi “Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi”, degan  tamoyil toʻla amalga oshayotganidan dalolatdir.

Bekqul EGAMQULOV,  

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri