IT Park Latviyaning Shipleart kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

    Xalqaro hamkorlik 11 Fevral 2022 895

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) va Latviyaning Shipleart (AP Holding) kompaniyasi Oʻzbekistonda startaplarni amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb etishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumini imzoladi.

    Mazkur memorandum Toshkentda Oʻzbekiston-Latviya biznes-forumi doirasida imzolandi. Hujjatning asosiy maqsadlaridan biri Yevropa mamlakatlari va Oʻzbekistonda IT bozori hamda biznes-jarayonlarni oʻzaro ilgari surishdir.

    Aytish joizki, IT-Park soʻnggi yillarda boshqa mamlakatlarga xizmatlar eksportini oshirib boryapti. 2021-yilda IT mahsulot va xizmatlarining eksport hajmi 2020-yilga nisbatan uch baravarga oshirildi va 40 million dollarni tashkil etdi. 2022-yilda ushbu koʻrsatkichni ikki barobarga oshirish, 2028-yilda esa bir milliard dollargacha yetkazish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.