IT Park rezidentlari 2023-yilning birinchi yarmida 145 million dollardan ortiq xizmatlar eksport qildi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning tahlil qilishicha, mazkur koʻrsatgich 2022 toʻliq yildagidan koʻra koʻp. Shuningdek, shu yilning birinchi choragida erilishilgan natija esa 2021-yildagi toʻliq koʻrsatkichdan koʻra koʻproq boʻlgan.
— Yaqinda boʻlib oʻtgan Digital Leadership Forumga dunyoning turli davlatlaridan kelgan yetakchilar Oʻzbekistonda yaratilgan sharoitlar saqlab qolinsa va muhokama qilingan yangi takliflar amalga oshsa, 2030-yilga kelib bir yillik eksportni 5 milliard dollarga chiqarishga toʻliq imkoniyat borligini hamda buning uchun Oʻzbekistonni autsorsing markazi sifatida koʻproq iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda targʻib qilish zarurligini taʼkidlashdi.
Faqatgina yoshlarimiz koʻproq oʻz ustilarida ishlab, chet tillari va xalqaro bozorda masofadan xizmat koʻrsatishga talab yuqori boʻlgan (nafaqat IT, balki BPO sifatida masofadan xizmat koʻrsatadigan boshqa juda koʻplab) kasblarni oʻrganishlari kerak boʻladi.
Shunda ular oʻz oilalari bilan oʻz yurtlarida yashab, masofaviy xizmatlari orqali yuqori daromad topadigan boʻladilar, — deydi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov oʻzining telegramdagi sahifasida.