Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, mazkur musiqiy tanlovda mamlakatimiz vakili ilk bor oʻz isteʼdodini namoyon etdi.
Oʻzbekistonlik ishtirokchi shu kunga qadar qator xalqaro musobaqalarda qatnashgan. Hozir u Toshkent xalqaro maktabining 6-sinfida oʻqiydi. Ingliz va rus tillarida ravon soʻzlashadi, fransuz tilini oʻrganyapti.
Tanlovning saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Sofiya finalda Italiya simfonik orkestri bilan birgalikda San-Remo sahnasida “Aerosmith” musiqiy guruhi tomonidan “Armagedon” filmi uchun bastalangan “I Donʼt Want To Miss A Thing” nomli saundrekni ingliz tilida ijro etdi.
Oʻzbekiston vakilining ijrosi tomoshabinlar va hayʼat aʼzolarida katta taassurot uygʻotdi. Hakamlar hayʼati ijrochining vokal qobiliyati va qoʻshiqning mukammal ijrosi uchun unga yuqori baho qoʻydi. Natijada Sofiya Singx Gill xalqaro musiqa tanlovida barchadan koʻp ball toʻplab, 1-oʻrinni egalladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.