Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi, Izboskan tuman boʻlimi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “F.s.”, “A.i.”, “A.V.” va “A.l.” MCHJlar rahbari A.T. Izboskan tumani, “Qoʻgʻay” MFY hududidagi yogʻ ishlab chiqarish sexida tegishli hujjatlari boʻlmagan umumiy bahosi 1,6 mlrd soʻmlik 65 turdagi jami 74 577 dona alkogol mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Oʻtkazilgan ekspertiza xulosalariga koʻra, 1 052 dona alkogol mahsulotining aksiz markalari qalbakiligi, 72 268 dona alkogol mahsuloti isteʼmolga yaroqsiz ekanligi, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yurituvchi “A-sh.”, “B.g.” hamda “Z.v.” MCHJlardan sotib olingan 29 turdagi 31 060 dona alkogol mahsulotining “QR-kod” markirovkalari haqiqiy emasligi qayd etilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatidagi “B.g.” MCHJ masʼul shaxslari litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz faoliyat koʻrsatib kelayotganliklari fosh etilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.