Mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, har bir yo‘nalishni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida barcha soha va tarmoqlarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Buni birgina sholichilikdagi yangilanishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Don mahsulotlari, ayniqsa, sholi nafaqat zarur oziq-ovqat mahsuloti, balki inson organizmining uglevod va oqsillarga bo‘lgan talabini qondirish manbai, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi sohalarning asosiy ozuqasi hamdir. Asosiysi, guruch inson organizmida boshqa ozuqa moddalariga nisbatan yengil hazm bo‘lishi, tarkibi vitamin va fosfororganik birikmalarga boyligi jihatidan turdoshlaridan ajralib turadi.
Ayni shu jihatlar, qolaversa, yurtimizning geografik joylashuvi, tuproq-iqlim sharoiti sholi yetishtirish uchun qulay bo‘lgani bois zaminimizda qadimdan sholi yetishtirib kelingan hamda aholi taomnomasidan guruchli ovqatlar muqim o‘rin olgan.
Gap guruchli taomlar haqida ketganida, birgina milliy taom – palovning shuhrati, uni yurtdoshlarimiz naqadar sevib iste’mol qilishi va, asosiysi, dunyo bo‘ylab tanilganini misol sifatida keltirish kifoya.
Miloddan avval ham Markaziy Osiyo mintaqasida sholi yetishtirilganini tarixiy ma’lumotlar tasdiqlaydi. O‘zbekiston zaminida qadimdan sug‘orma dehqonchilik taraqqiy etgan. O‘sha davrlardan beri unumdor daryo o‘zanlari bo‘ylab sholi yetishtirib kelinmoqda. O‘zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi hujjatlarida qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sholi maydonlari umumiy sharoitga qarab turli yillarda kengaygan va yoki aksincha, qisqargan.
Xususan, O‘zbekistonda 1900-1913 yillarda 186,9 – 203,4 ming gektar maydonga sholi ekilgan. Shundan 40-50 ming gektari Farg‘ona vodiysida, uning asosiy qismi esa Andijon viloyatida ekilgan. Paxta yakkahokimligiga o‘tilishi munosabati bilan 1931 yildan sholi maydonlari keskin qisqara boshlagan. Jumladan, o‘sha yili sholizorlar 68,3 ming gektarga, 1960 yilga kelib esa 25 ming gektarga tushirilgan.
Ayni paytda eng katta sholi maydonlari Xorazm viloyati (32 ming gektar) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (26 ming gektar) joylashgan bo‘lsa, tarixiy hujjatlarning tasdiqlashicha, o‘sha davrda sholi bu hududlarda kichik maydonlarga ekilgan.
Hozir dunyoning yuzdan ziyod davlatida 150 million gektarda mazkur ekin parvarishlanadi. E’tiborli jihati, yetishtiriladigan jami sholi hosilining 92 foizi Osiyo mintaqasiga to‘g‘ri keladi. Qit’adoshlarimizning 90 foizi uchun guruch asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi.
Yangi texnologiya xarajatlarni 25-30 foiz qisqartiradi
Dunyoda sholining 95 foizi ko‘chat usulida ekiladi. Mamlakatimizda esa sholining asosiy qismi an’anaviy usulda parvarishlanadi. Ya’ni, sholi urug‘i yerga qadalganidan pishib yetilgunga qadar yerning meliorativ holatiga, mexanik tarkibiga hamda naviga qarab 100-130 kun davomida suvga bostirib hosil olinadi. Bu usulning ko‘chat qilib ekishga nisbatan biroz isrofgarchilik tomonlari bor. Xususan, mazkur usulda har gektariga yillik suv sarfi o‘rtacha 20-24 ming metr kubni tashkil qilgani holda suvning 30-40 foizigina hosil pishib yetilishi davomida o‘zlashtiriladi, xolos. Qolgan qismi esa parlanadi yoki tuproqqa shimilib ketadi. Bu shuncha suv behuda sarflanadi, isrof bo‘ladi, degani.
Sholipoyalarda uzoq muddat suv ushlab turilishi sizot suv rejimi buzilishiga olib keladi. Natijada yer osti grunt suvlari ko‘tarilib, sholi maydonlarida sho‘rlanish, botqoqlanish va qayta sho‘rlanish jarayonlari yuzaga keladi. Qolaversa, bostirib sug‘orishda mineral o‘g‘itlarning 15-20 foizi suv bilan oqib chiqib ketadi. Begona o‘tlar o‘sishi va ko‘payishi tufayli hosil sifati pasayadi.
Shu bois, mamlakatimizda sholi yetishtirishning samarali usullarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Xorazm vohasi hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlari dehqonlari cheklangan maydonlarda sholini mahalliy ko‘chat usulida tayyorlab yetishtirmoqda. Lekin bu ekstensiv usul bo‘lib, barcha agrotexnik jarayon, asosan, qo‘l kuchi yordamida bajariladi. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘p mashaqqatli mehnat talab etadi. Uning eng og‘ir jarayoni tayyor ko‘chatlarni may oyi oxirida asosiy ekin sifatida suvli sholipoyalarga qo‘lda ekish hisoblanadi.
Bu davrda sholipoyalardagi suv hamda balchiq hali nisbatan sovuq bo‘ladi. Ko‘chatlarni esa, asosan, yosh xotin-qizlar va o‘smirlar ekadi. Tabiiyki, bu holat ularning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni, oyoq-qo‘llar va ichki a’zolarda surunkali shamollash keltirib chiqarish ehtimoli yuqori.
Demak, bir tomondan, guruch har doim kerak, ikkinchi tomondan, sholi yetishtirish jarayonida salomatligimizni yo‘qotishimiz mumkin. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: sholi yetishtirishdagi qiyinchiliklarga barham berishning imkoni bormi? Bu savol uzoq yillar, hatto asrlar davomida javobsiz qolib kelayotgan edi.
Endi esa “ha, bor” deymiz! Gap shundaki, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari dunyoning zamonaviy sholi yetishtirish texnologiyasini yaratishda ilg‘orlardan biri hisoblangan Janubiy Koreyaning KOPIA ilmiy tashkiloti bilan hamkorlikda sholini ko‘chat usulida yetishtirish hamda bir maydondan yiliga ikki marta hosil olish bo‘yicha keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Tadqiqotning asosiy maqsadi — zamonaviy innovatsion texnologiya asosida sholi ko‘chatini xohlagan muddatda tayyorlash hamda maxsus yuqori unumli sholi ekish agregatlari yordamida ekib, hosildorlikni 25-30 foiz oshirish. Shuningdek, ko‘chat usulini qo‘llab, sholizorda ikki marta hosil yetishtirishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish hamda tajribani fermerlarga bosqichma-bosqich o‘rgatish hisoblandi. Bu borada ko‘plab ilmiy tadqiqot olib borilib, ijobiy natijalarga erishildi.
Koreya qishloq xo‘jaligini rivojlantirish taraqqiyot administratsiyasi rahbari Kvon Tayek-Yon Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etilgan KOPIA sholichilik hamkorlik laboratoriyasi hamda mintaqamizda yagona bo‘lgan donli ekinlar urug‘larini saralovchi foto-seperator kompleksi faoliyati, u yerda o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi. Janubiy koreyalik hamkorlar O‘zbekiston sholichiligida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni ijobiy baholab, hamkorlik loyihasi yana 4 yil davom ettirilishi hamda loyiha KOPIA markazi tomonidan moliyalashtirilishini ma’lum qildi.
Yuqorida qayd etilgan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirish uchun Andijon viloyati tanlandi. Bunda ushbu viloyatda Sholichilik institutining maktabi bu borada faol tadqiqotlar olib borayotgani ham qo‘l keldi.
Shu yil aprelda viloyatning Izboskan tumanida hamkorlik doirasida belgilangan maqsad va vazifalarga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Seminarda sholi ko‘chatini markazlashgan tartibda tayyorlash jarayoni tushuntirilib, 30 kunlik ko‘chatlar dalaga bevosita maxsus mexanizm yordamida ekildi.
Mazkur ko‘chatlarni ekish davri mobaynida havo harorati keskin pasayib ketib, sholipoyadagi harorat +10 darajani tashkil etdi. Bunday havo haroratida ko‘chatni qo‘lda ekish imkoniyati deyarli yo‘q hisoblanadi. Lekin ko‘chat ekish mexanizmi yordamida samarali ekish mumkinligiga barcha seminar ishtirokchilari ishonch hosil qildi.
15 iyun kuni esa birinchi ekilgan sholini ro‘vaklash fazasida yarim yillik faoliyatni baholash bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Bunda sholikor fermerlar, olim va mutaxassislar hamda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi KOPIA markazi xodimlari ishtirok etdi.
Sholichilik sohasida ilmiy yondashuvlar
Xorijlik hamda mahalliy olimlarning umumiy xulosasiga ko‘ra, mahalliy fermerlarda sholini ko‘chat usulida yetishtirish, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bir gektar maydondan ikki marta hosil olishga qiziqish yuqori. Negaki, seminarlarda shu yo‘nalishdagi fermer va agroklasterlar vakillariga nafaqat yangi texnologiyani qo‘llash, balki uning iqtisodiy samaradorligi bo‘yicha ham zarur ma’lumotlar berildi.
Jumladan, sholini ko‘chatlab ekish hisobiga yuqori hosil yetishtirish mumkin. Bunda 40 kun davomida sholi maxsus kichik hajmdagi maydonchada ko‘chat qilib tayyorlanib, keyin asosiy dalaga ekilishi natijasida an’anaviy usulda bostirib sug‘orish uchun qilinadigan katta suv sarfi hamda o‘toq qilish, kimyoviy gerbitsidlar berish kabi eng zarur ishlar va xarajatlar o‘z-o‘zidan bartaraf etiladi.
Sholini ko‘chat qilib ekish usulida har gektar maydonda suvning yillik me’yori 40, urug‘lik sholi 60, kimyoviy gerbitsidlar 50, mineral o‘g‘itlar 25, mehnat sarfi (mexanizmlar bilan ekilganda) 40, yonilg‘i-moylash materiallari va texnika sarfi 30, elektr energiyasi sarfi 30 foizgacha tejaladi. Shu bilan birga, sholi 25-30 kun erta pishib yetilishi natijasida yillik suv sarfi miqdori yana 10-15 foizgacha iqtisod qilinadi. Ushbu jihatlardan kelib chiqib, sholikorlar yangi texnologiyani o‘z faoliyatida qo‘llashga har jihatdan tayyor ekanini bildirdi.
Umuman olganda, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, sholichilik rivojiga qaratilayotgan e’tibor natijasida ko‘chat usulida keng miqyosda sholi yetishtirilishiga zamin yaratildi. Yaqin yillarda bu usul keng ommalashishiga shubha yo‘q.
Bundan tashqari, sholi yetishtirish jarayonida suv, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, energiya kabi resurslarni iqtisod qilish hamda hosildorlikni yiliga ikki marta sholi yetishtirish hisobiga gektaridan 10-11 tonnaga va hatto undan yuqori natijaga erishishning nazariy-amaliy asoslari ishlab chiqildi.
Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi tadqiqotlarning ilk samaralaridan biri o‘laroq, Izboskan tumanidagi tajriba dalasida 3 aprel kuni ekilgan sholi pishdi. Bu O‘zbekiston sharoitida ilk bor kuzatilgan voqea sifatida alohida e’tirofga loyiqdir.
Demak, loyiha bo‘yicha ish bu bilan to‘xtab qolmaydi. 7-10 kun oralig‘ida hosilni o‘rib-yig‘ib olib, ikkinchi sholi hosilini yetishtirish uchun yerni sifatli tayyorlash zarur. 30 kunlik parvarishlangan ko‘chatlar birinchi hosil o‘rimidan so‘ng 1-2 kunda ekish mexanizimi yordamida ekib tugallanadi.
Qayd etish zarurki, ikkinchi sholi hosili uchun bozorda talab yuqori bo‘lgan mahalliy, raqobatbardosh arpa sholi turiga mansub tezpishar navlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Umid qilamizki, yurtimiz sholichiligidagi bu kabi yangilanishlar, xarajatlarni kamaytirish barobarida hosildorlikni oshiruvchi eng ilg‘or usullarning amaliyotga tatbiq etilayotgani global iqlim o‘zgarishi hamda keskin suv tanqisligi sharoitida ichki bozorlarimizning sholi mahsulotlariga talabini qondirishga xizmat qiladi.
Ma’sudjon SATTOROV,
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori,
OX SUNG JONG,
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi KOPIA
markazi direktori