Davlatimiz rahbarining 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan tumanni innovatsion hududga aylantirish vazifasi qoʻyilgan edi. Hujjatga koʻra, yurtimizdagi 13 ta tuman ana shunday hududga aylantirildi. Bunday yondashuv innovatsiyalarni olis hududlardagi aholiga yetkazish hamda mahalliy olimlar yaratgan ishlanmalar orqali odamlarning ogʻirini yengil qilishda yaxshi samara bermoqda. Ayni paytda yoshlarning yangi texnologiyalarga boʻlgan qiziqishi ortib, ularni bugungi kun uchun dolzarb loyihalar ustida ishlashga undayapti.

Buxoro viloyatining Romitan tumanini innovatsion hududga aylantirish belgilangan boʻlib, dastur doirasida qator yangi loyihalar ishlab chiqarishga tatbiq etilmoqda.

— Bugungi kunda, Romitan innovatsion hududida umumiy qiymati 10,9 milliard soʻm boʻlgan jami 15 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda, — deydi Buxoro viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi Azamat Naimov. — Shundan 10 ta loyiha tijoratlashtirilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, innovatsion texnologiyalarga boʻlgan qiziqishni qoʻllab-quvvatlash natijasida yosh olimlar safi kengaymoqda. Men ulardagi izlanuvchanlikni koʻrib xursand boʻlaman. Yangi gʻoyalar ilm-fan, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va ekologiyadagi yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishda ham yaxshi natija beradi.

Bugun, ixtirolar, nanotexnologiyalar barcha sohalarni qamrab olmoqda. Ular shu darajada jadallashganki, biriga koʻnikib ulgurmasimizdan boshqa yangi turi paydo boʻlyapti. Bu yaxshi, albatta. Innovatsiyalar qaysi sohaga tatbiq etilsa, oʻsha sohaning rivoji kuchayotganiga guvoh boʻlayapmiz.

Tibbiyotga oid yangi loyihalar kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, davolashning samarali usullarini amaliyotga joriy qilish bilan ahamiyatli. Sohada mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan innovatsiyalarning qoʻllanilishi bemorlar joniga huzur bagʻishlashi barobarida import hisobiga kirib kelayotgan mahsulotlar oʻrnini qoplab, tannarxning pasayishida muhim omil boʻladi.

Izlangan xazinaga yoʻliqar

Qandli diabet jahonda eng keng tarqalgan surunkali kasallik boʻlib, dunyo miqyosida yiliga 5–7 foizga koʻpayib bormoqda.

Diabetga chalingan bemorlarning koʻpchiligi oyoqlarida paydo boʻladigan yaralardan aziyat chekadi. Ularda oddiy yalligʻlanishlar ham jiddiy yaraga aylanib, hatto gangrenagacha borish ehtimoli yuqori. Bunday vaziyatlarda oyoq parvarishi hamda toʻgʻri tanlangan poyabzal asosiy profilaktika vositasi hisoblanadi.

Buxoro tumanida yashovchi Madinabonu Muhammedova tomonidan mana shunday qulayliklar yaratadigan oyoq kiyimi loyihasi yaratildi va tegishli mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

— Toʻgʻri tanlangan profilaktik poyabzal oyoq gangrenasining oldini olib, majruhlik foizini kamaytiradi, — deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti dotsenti M.Muhammedova. — Shuning uchun bemorlar oyogʻidagi diabetik patologiya boshlangʻich darajasining jismoniy va biomexanik xossalarini tadqiq qilish, tibbiy-texnik talablarga koʻra maqbul profilaktik poyabzal konstruksiyasini ishlab chiqish texnologiyasi dolzarbdir. Taklif qilinayotgan poyabzal surunkali kechadigan yarali jarohatlarni 1 yilda 45– 50 foizgacha kamaytiradi.

Muallif taklif etayotgan yangi konstruksiyali profilaktik poyabzalda maxsus patak mavjud boʻlib, bemor tovoning alohida zonalariga tushadigan bosimga koʻra har xil oʻlchamdagi gʻovakka ega. Yuzasi boʻrtma romb shakliga ega boʻlgan mazkur qism ishqalanish va yalligʻlanishning oldini oladi. Shuningdek, bu oyoq kiyimini kiyish va yechish ham qulay.

— Bemorning tovon deformatsiyasidan kelib chiqib, tovonning yalligʻlangan qismiga bosim tushmasligini taʼminlash maqsadida, bosimni kamaytirish yoʻlini izlab topganmiz, — deydi Madina. — Bu hatto oyoq barmoqlari amputatsiya qilingan vaqtda ham har xil yalligʻlanishlardan saqlaydi hamda oyoqni qora sondan samarali himoya qiladi.

Mazkur mahsulot tovon qismiga tushadigan ortiqcha bosimni pasaytirishga, oyoq hamda poyabzal orasidagi gorizontal ishqalanishning oldini olib, kaft qismidagi terini yemirilishdan saqlashga xizmat qiladi. Yaralar ham infeksiya uchun yoʻl ekanini inobatga olsak, surunkali kechadigan jarohatlarni kamaytirish orqali inson umrini uzaytirish mumkin.

Taʼkidlash joiz, birgina Buxoro viloyatida 17 000 nafar 2 tipdagi qandli diabet bilan kasallangan bemor bor. Respublika boʻyicha bu koʻrsatkich 230 610 nafarni tashkil qiladi. Taklif qilinayotgan profilaktik poyabzal seriyali ishlab chiqarilmaydi. Har bir bemor uchun individual tayyorlanadi.

Chet mamlakatlardan olib kelinayotgan diastelkalarda bemor oyogʻining individual muammolari eʼtiborga olinmaydi, narxi ham juda qimmat. Uning oʻrniga oʻz hududimizda takomillashgan va arzon diastelkalar ishlab chiqilishi, albatta, quvonarli hol.

Yoʻl yurgan xazinaga yoʻliqar deydilar. Ana shu xazina qaysidir maʼnoda sogʻligʻimiz. Madinaning loyihasi sogʻlikni tiklashga, turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qilib, odamlarning minnatdorligiga sabab boʻlmoqda.

Mahalliy mahsulot: ishonchli va arzon

Ibodjon Ismoilov yaratgan loyiha umurtqalararo disk churrasini davolashda qoʻl keladi. U “SASH” nomli tayanch korsetni ishlab chiqdi. Korset ogʻirlikni bir markaziy oʻqqa yigʻishini taʼminlab, tanani tik tutish imkonini beradi hamda pulpoz yadrodagi ortiqcha ogʻirlikni bartaraf qiladi. Shuningdek, ular orasida kuchsiz harakat hosil qilib yadroda modda almashinuvi yaxshilanishiga sabab boʻladi.

Ibodjon taklif etayotgan mahsulotda tayanch asos mavjud boʻlib, umurtqa pogʻonasi osteoxondrozi va disk churrasida tananing ikki tomonga surilishi orqali patologik oʻzgargan toʻqimalar fiziologik holatiga qaytadi. Hozirgi kunda import hisobiga kirib kelayotgan bunday mahsulotlar juda qimmat, qolaversa, ularda tayanch asosi yoʻq. Aynan shuning uchun ham kutilgan natijani bermaydi.

— Loyihamiz Romitan innovatsion hududida tashkil etildi, — deydi Ibodjon Ismoilov. — Bu orqali nafaqat bemorlarning kasallikdan aziyat chekishlari oldi olinadi, shu bilan birga stulda doimiy oʻtirib ishlaydiganlar tayanch harakat organlarida patologik holatning oldini olishga ham yordam beradi. Dori-darmonga boʻlgan sarf kamayadi. Biz taklif etayotgan mahsulot import hisobiga keladiganlaridan arzon va ustun jihatlari ham bor. Ortopedik va fiksatsiyali korsetlarga talab yuqori. Chetdan keltirilganlarining oʻrtacha narxi 250 ming soʻm. Mahalliy mahsulot esa buning deyarli yarim narxida taklif etilmoqda. Loyihamiz mutasaddilar tomonidan sinovdan oʻtkazilib, qoʻllab-quvvatlandi.

Loyiha orqali 7 nafar kishi ish bilan taʼminlangan. Toʻgʻri, bunday mahsulotlarning hozircha kamchiligi bor: ular vaqtincha ogʻriqni bartaraf etadi, ammo disk churrasini davolay olmaydi.

Bemorlar uchun kutilgan natijani beradigan mahalliy mahsulot yaratish har tomonlama foyda. Loyiha muallifi hozirgacha mavjud mahsulotlarning kamchiligini va ular nima uchun kutilgan natijani bermayotganini oʻrganish orqali samarasi yuqori boʻlgan korset yaratib, “Sash korset” nomli MCHJ tashkil qildi va ilk mahsulotlarni bemorlarda sinab koʻrdi.

Oʻsimliklarni yashirin ochlik”dan asrovchi laboratoriya

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha joriy etilayotgan innovatsiyalar ham mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi barobarida dehqonlarning ogʻirini yengil qiladi.

Tuproq tarkibidagi harakatchan oziq elementlari mavjud. Uning fizik-kimyoviy tarkibini tahlil qilish laboratoriyasi orqali ushbu elementlarni aniqlash mumkin. Jondorlik Turgʻun Usmonov yoz oylaridan to bahor fasligacha boʻlgan vaqtda tumanlardagi tuproqlardan namunalar olib, undagi oziq elementlarining oʻzgarishini oʻrganmoqda.

Avvallari bir ekinni ekib, yillab hosilini kutib, bizning tuproqqa mos kelmadi, deya hafsalasi pir boʻlgan dehqon va fermerlarimiz uchun Turgʻun aka tashkil qilgan laboratoriya yaxshigina dastyor boʻla oladi. Tuproq tahlili oʻtkazib, oʻsimliklarni stress – “yashirin ochlik” holatiga tushirmasdan, zaruriy mineral oʻgʻitlar bilan oʻz vaqtida oziqlantirish mumkin. Bu esa 50 foiz va undan koʻproq hosilni saqlab qolish imkoniyatini beradi.

— Hozir ekinlarning turi koʻpaygan, — deydi Turgʻun Usmonov. — qolaversa, meva-sabzavotlarning eksportbop navlarini boshqa davlatlardan olib kelib, oʻlkamiz iqlim sharoitiga moslashtirish ishlari ham jadallashgan. Bu jarayonda tuproqning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ekin ekish muhim bosqich sanaladi. Bilasizmi, tuproqda foydali elementlarning tarqalish yoʻnalishi turlicha. Baʼzilarida pastga yoʻnalsa, baʼzi turlarida yon tomonlarga qarab yoʻl oladi. Oʻsimliklarning ildiz tizimi qanaqa ekani, ozuqani qanday olishiga qarab, aynan qaysi ekin yaxshi samara berishini aniqlaymiz va alohida ekin turlarini joylashtirish boʻyicha mirishkorlarga yoʻriqnoma beramiz. Avtomatlashtirilgan dasturiy kompleks yordamida tuproq fizik-kimyoviy tahlil qilinadi, shundan soʻng ekinlarni optimal oziqlantirish uchun talab etiladigan makro-mikro elementlar miqdori boʻyicha tahlil natijasi taqdim etiladi.

Turgʻun aka aytayotgan usul tuproqni baholagan holda hosildorlikni bosqichma-bosqich oshirib borish imkonini beradi. Birgina Jondor tumanida 300 gektardan ortiq issiqxona xoʻjaligi mavjud. Laboratoriya natijalarining yana bir muhim jihati – tuproqqa aynan qaysi mineral oʻgʻit zarurligi aniqlanib, talab etilmaganlari dalaga kiritilmaydi. Oʻz oʻzidan maʼlumki, oʻgʻitlar uchun sarflanadigan mablagʻ iqtisod qilinadi. Dehqonning “Oʻgʻitga katta pul sarfladim, ammo hosil oʻsha-oʻsha”, deb kuyinishiga hojat qolmaydi.

Oʻnga yaqin ish oʻrni yaratilgan “Soil Bio Lab” MCHJ faoliyati orqali tuproqdagi nomaʼlum kasalliklarni erta aniqlash va ularga qarshi chora koʻrish imkoni ham mavjud. Yerlarni shoʻrlanish darajasini yaxshilash, sugʻoriladigan suvlarning ekinlar va tuproqqa taʼsirini aniqlash, eng asosiysi –tuproqning tahlili koʻra hududlar xaritasini tuzish orqali qishloq xoʻjalik ekinlarini oqilona joylashtirish laboratoriyaning eng katta yutuqlaridan deyish mumkin.

Feruza Jo‘raeva,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.