31-avgust Qatogʻon qurbonlari kuni.
Qatogʻon qurbonlari xotirasi, ayniqsa, Abdulla Qodiriy nomini tilga olganda, eng avvalo uning romanchilikka asos solib, oʻzbek adabiyotida yangi janrni boshlab berganini eʼtirof etgim keladi. “Oʻtkan kunlar”ni qayta va qayta oʻqisam-da, tez-tez qoʻlga olar ekanman, romanga nisbatan millatimizning har bir vakilida oʻzgacha yaqinlik, iliqlik boʻlsa kerak, deb oʻylayman. “Oʻtkan kunlar”dan asl oʻtmishimiz, milliyligimiz hidi kelib turgani uchundir balki. Ammo, asarning xorij mamlakatlarida ham sevib oʻqilayotgani eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Ayniqsa, oʻtgan yili uning ingliz tilida chop etilishi oʻzbek xalqi, oʻzbek adabiyoti uchun katta bir tarixiy voqea boʻldi, deyish mumkin.
Asar tarjimasining taqdimoti AQSHdagi Oʻzbekiston elchixonasida boʻlib oʻtdi. Uni moxirlik bilan tarjima qilgan amerikalik olim AQSH dengiz Akademiyasi mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz Tinchlik korpusining koʻngillilaridan biri hamdir. Tarjimon Oʻzbekistonga tashrif buyurgan birinchi amerikaliklardan boʻlib, u AQSH mudofaa vazirligi va Davlat departamentida xizmat qilgan, Afgʻonistonga tarjimon sifatida yuborilgan, davlat departamentining qiyosiy dinshunoslik boʻyicha dasturlariga rahbarlik qilgan va AQSH davlat dasturlariga Markaziy Osiyo boʻyicha maslahatchi sifatida jalb qilingan. Mark Riz mamlakatimizda 2 yil faoliyat olib borgan. Shu davr mobaynida u asosiy vaqtini Fargʻona viloyatida oʻtkazganini aytadi.
Muallif Abdulla Qodiriyning AQSHda chop etilgan ingliz tilidagi birinchi romanini tarjima qilish uchun 15 yil ishlagan. Elchixonaning faol qoʻllab-quvvatlashi, AQSHdagi vatandoshlarimiz va oʻzbekistonlik mutaxassislar koʻmagi bilan kitob juda tez nashrdan chiqdi. Oʻzbek romani tarjimasining yakuniy versiyasi 2019-yilning dekabr oyida sotuvga chiqarilgan boʻlsa, kitobxonlar tomonidan juda ijobiy baholandi va haligacha u “besh yulduzli” reytingni saqlab qolmoqda.
Tarjima asarning hajmi 660 bet boʻlib, Abdulla Qodiriy tomonidan “Oʻtkan kunlar” da qoʻllanilgan turli atamalar va frazeologik birliklarning 400 dan ortiq tushuntirishlari hamda XIX asrning birinchi yarmida oʻzbek xalqining madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarining oʻziga xos xususiyatlarini tushuntiruvchi izohlarni oʻz ichiga oladi.
Muallifning oʻzi oʻzbek va rus tillarida erkin soʻzlasha olgani, “Oʻtgan kunlar”ni, uning asosiy jihatlarini, shuningdek, Qodiriyning hayotini batafsil va chuqur oʻrgangani uchun asarning tub mazmun-mohiyatini amerikalik kitobxonlarga yetkazishga hissa qoʻshib kelmoqda.
Tarjima nusxalari Milliy razvedka direktori ofisi, Pentagon, Davlat departamentiga yuborildi va hukumat amaldorlari, ofitserlar va AQSHning yetakchi universitetlariga tarqatildi. Roman allaqachon AQSHdagi eng yirik kutubxona va eng qadimgi Federal madaniy muassasada — Kongress kutubxonasida roʻyxatga olingan.
Elchixonadagi tadbir davomida soʻzga chiqqan Mark Riz Oʻzbekistonda oʻtkazgan yillari haqidagi xotiralarini iliq yodga olib, oʻz tadqiqotlari natijalari haqida soʻzlab berar ekan, xalqimizni gʻoyat ijobiy taʼrifladi va barchani Oʻzbekistonga kamida bir marta tashrif buyurib, eng boy tarixiy meros, noyob arxitektura va eng olijanob insonlarga guvoh boʻlishga chaqirdi.
Shuningdek, amerikalik yozuvchi quyidagilarni ham qayd etdi: “Anʼanaviy oʻzbek maktabida oʻqituvchi sifatida oʻtkazgan vaqtim butun hayotimni muttasil boyitadigan sayohat boʻldi. Abdulla Qodiriyning ”Oʻtkan kunlar“ romani — Markaziy Osiyo va jahon adabiyotida oʻxshashi yoʻq asarni ingliz tiliga tarjima qilish men uchun sharaf”.
“Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi boʻyicha shunchaki tadqiqot oʻtkazish emas, uning asarini tarjima qilish qatʼiy qarorim edi. Men nafaqat xalqni, balki hayotimni qamrab olgan rivoyatni ham ushbu kontekstda koʻrmoqchi edim. Men uchun Otabek, Kumush yoki mening sevimli Xasan Ali kabi adabiy xarakterlar toʻqima odamlar emas, aksincha, ular men bilan Toshkent, Qoʻqon va Vashingtonda ishlash imkoniga ega boʻlganlarni ifodalaydi”, — deb taʼkidladi muallif.
Uning fikricha, “Abdulla Qodiriy bu tarixiy romandagi harakterlar sifatida oʻsha davrdagi hayot mashaqqatlarini boshidan kechirayotgan insonlar hayotini kitobxonlarga taqdim etgan. U 1917-yilda bolsheviklar inqilobidan keyin siyosiy jihatdan keskin davrni boshdan kechirayotgan avlodiga ogohlantirish sifatida oʻtmish darslarini qoʻllaydi. Kitobda koʻtarilgan mavzular hali ham dolzarb boʻlib, jamiyatning dolzarb muammolarini aks ettiradi va Oʻzbekistondagi muammolarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirishga chaqiradi."
Taqdimot doirasida kitobxonalar uchun dastxat tarqatish marosimida Mark Riz tadbir ishtirokchilari orasida tarqatish uchun elchixona tomonidan sotib olingan kitoblarni imzoladi. Ularni olgan mehmonlar juda mamnun boʻlib, nafaqat romanni oʻqish, balki Qoʻqon va Toshkentga ham tashrif buyurish istagini bildirishdi. Muallif kitobning maxsus nusxasini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yubordi, shuningdek, mamlakatimiz rahbariyati nomiga maktub ham yoʻlladi.
Muhim jihati shundaki, Mark Riz Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini targʻib qilishda davom etishga tayyorligini bildirdi. Eng quvonarlisi, u “Mehrobdan chayon” romanini ham tarjima qilish loyihasini taklif qildi. Qisqa qilib aytganda bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, oʻzbek adabiyoti, oʻzbek adibiga oʻzga yurtlarda bu darajada yuksak eʼtibor berilayotgan ekan, bizning avlodlarimiz Qodiriyni chuqur bilmasligi, asarlarining mohiyatini anglab yetmasliklari biz — katta avlod vakillarining kechirib boʻlmas xatomiz boʻladi, nazarimda.