Yangilangan sharhning Oʻzbekistonga oid xulosalarida aytilishicha, Oʻzbekistonda 2023-yilda iqtisodiy oʻsish 5,1 foizni tashkil etishi (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hozirda prognoz qilinayotgan eng yuqori oʻsish) va oʻrta muddatli istiqbolda bosqichma-bosqich tezlashishi kutilmoqda.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bogʻliq transport logistikasidagi qiyinchiliklar oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori boʻlishiga va shaxsiy isteʼmolni kamaytirishga turtki boʻlib qolishi kutilmoqda.
Globan moliyaviy institut mulohazalariga koʻra, oltin va mis eksportidan tushumlarning ortishi, davlat investitsiyalarning sekinlashishi byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3,3 foizgacha qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Jahon banki Oʻzbekiston hukumati tashqi qarzlar boʻyicha cheklovlarga amal qilishiga ishonmoqda, umumiy tashqi qarzning YAIMga nisbatan 55 foizgacha qisqarishi prognoz qilingan. Shuningdek, kambagʻallik darajasi 12 foizgacha tushishi kutilmoqda.