Ammo chegaralarni tan olmaydigan SOVID-19 ayni paytda ushbu davlatda ham murakkab epidemiologik vaziyatni yuzaga keltirgan. Xususan, may oyining dastlabki ikki haftasida bu yerda 800 mingdan ortiq kishi koronavirus alomatlari bilan sogʻliqni saqlash muassasalariga murojaat qilgan.
Ayni paytga kelib esa bu raqamlar 1,48 million nafardan oshgani aytilyapti. Bemorlardan 819 ming nafari sogʻayib, oilasi bagʻriga qaytgan boʻlsa, 663 ming nafari hozir davo muolajalarini olmoqda. Jumladan, kecha mamlakatda 269 ming nafar odamda SOVID-19 infeksiyasi tasdiqlandi.
Xastalik oqibatida yana olti kishi hayotdan koʻz yumdi. Umuman, aprel oyi oxiridan shu kunga qadar Shimoliy Koreyada koronavirus qurbonlari soni 56 nafarga yetgan. Bu haqda bugun mamlakat markaziy axborot agentligi rasmiy xabar tarqatdi. Davlat mutasaddilarining shoshilinch chaqirilgan yigʻilishida barcha shahar va tumanlarda qatʼiy karantin cheklovlarini joriy etish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelingan.
Eslatib oʻtamiz, KXDRda 25 million nafar aholi istiqomat qiladi. Biroq shu paytga qadar ulardan deyarli hech biri koronavirusga qarshi emlanmagan. Chunonchi, mamlakat Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Xitoy va Rossiyaning emlash dasturi boʻyicha takliflarini hozirga qadar qabul qilgani yoʻq, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.