Jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi

    Bugun Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ning “Ajdodlarning buyuk merosi – uchinchi Uygʻonish davri asosi” VIII xalqaro kongressi ishtirokchi va mehmonlari poytaxtimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham inshooti bilan tanishdilar. Nufuzli tadbir ertaga Samarqandda oʻz ishini boshlaydi. Kecha ommaviy axborot vositalari uchun mazkur anjumanga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, VIII xalqaro kongress kun tartibidan “Qurʼonshunoslikning bugungi bosqichda: islom maʼnaviy merosini oʻrganishga yangicha yondashuvlar”, “Islomgacha boʻlgan davrda Markaziy Osiyo: davlatchilik, maʼnaviy hayot, madaniyatlararo muloqot”, “Islomning Markaziy Osiyoda tarqalishi: sivilizatsiya jarayonlari rivojlanishidagi yangi paradigma”, “Islom sivilizatsiyasi markazi kontentining umumiy konsepsiyasini tasdiqlash” va boshqa mavzular oʻrin olgan.

    Taʼkidlash kerakki, joriy yil 3-4-iyul kunlari Toshkentda “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” respublika forumi oʻtkazilib, unda yurtimizda samarali faoliyat olib borayotgan 400 dan ortiq olim, fan arboblari, ekspert va yosh tadqiqotchilar, shuningdek, diniy soha vakillari ishtirok etgan edi. Tadbirda 10 ta yoʻnalishda Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini shakllantirishga bagʻishlangan 50 dan ortiq maʼruzalar tinglanib, 600 ga yaqin taklif va mulohazalari bildirildi.

    – Prezidentimizning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri boʻlib kelganini aks ettiradigan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi, – deydi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Ayni paytda faoliyatimizning toʻlaqonli ishga tushishi uchun jadal harakatlar boshlangan. Markaz dunyo ahamiyatiga molik ulkan madaniy, maʼrifiy maskan sifatida qad rostlamoqda. Barcha saʼy-harakatlarimiz mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning ahamiyatini ochib berishga qaratilgan.

    Ayni paytda markaz zimmasidagi ulkan vazifalarni ado etish uchun mamlakatimiz va xorijdagi barcha ilmiy kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Akademik tadqiqotlardan olingan ilmiy xulosalar markazda amaliy yoki nazariy shaklda oʻz ifodasini topadi. U ham ilmiy, ham jozibador maskanga, ayni damda sohaga oid ilmiy muloqotlarga moʻljallangan ilm oʻchogʻiga aylanadi.

    Bugun Toshkentda, ertadan boshlab Samarqandda davom etadigan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressining xorijlik va milliy mutaxassislar, ekpertlar, yetuk olimlar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, diniy soha vakillaridan iborat ishtirokchilari Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, hozirga qadar amalga oshirgan faoliyati, yangi loyihalarini batafsil muhokama qiladi. Bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, yangi “yoʻl xaritasi” loyihasi shakllantiriladi.

    Xalqaro kongressda “Qurʼonshunoslikning zamonaviy bosqichi: Islomiy maʼnaviy merosni oʻrganishda yangi yondashuvlar”, “Islomdan oldingi Markaziy Osiyo: davlatchilik, maʼnaviy hayot, madaniy muloqot”, “Islomning Markaziy Osiyoda tarqalishi: sivilizatsion jarayonlarning yangi paradigmasi”, “Birinchi va Ikkinchi Sharq renessanslari fenomeni”, “Yangi Oʻzbekiston – III Renessans asosi”, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida”: xorijiy va mahalliy kolleksiyalarda yangi yoʻnalishlar", “Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi”, “Hamkorlikdagi tarixiy kinoloyihalarda maʼnaviyat va maʼrifat mavzulari” xalqaro kinoforumi kabi jami 12 ta ilmiy yoʻnalishlarda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi.


    Nodir MAHMUDOV.