BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko'ra, hozir baliq va dengiz mahsulotlari Er sharida yashovchi aholining 50 foizdan ortig'i uchun asosiy oqsil manbai hisoblanadi.
YUrtimizda ham ushbu mahsulotga bo'lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Aholi ehtiyojini inobatga olgan holda, so'nggi yillarda baliqchilik tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha sezilarli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ammo sohada qilinishi kerak bo'lgan ishlar hali ko'p. Prezidentimiz 2020 yil 14 aprelda qishloq xo'jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mazkur sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, bu yil baliq etishtirishni kamida 350 ming tonnaga etkazish, sun'iy havzalardan foydalanish samaradorligini oshirib, baliqchilik xo'jaliklari va qayta ishlash korxonalari tashkil qilish bo'yicha qator topshiriqlar berdi.
— Baliqchilik qadimdan insonlar uchun to'yimli oziq-ovqat mahsuloti hamda iqtisodiy ta'minot manbai bo'lib kelgan, — dedi suhbatdoshimiz Baliqchilik ilmiy markazi direktori Dilmurod SHohimardonov. — Baliq tarkibi, asosan, muvozanatlashgan oqsil, qolaversa, inson organizmi uchun zarur proteinlar, mikroelementlar, yog' va boshqa iste'mol moddalariga boy bo'lib, ratsionli ovqatlanishni tashkil etishda muhim o'rin tutadi.
Jahonda baliq mahsulotlari iste'moli aholi jon boshiga o'rtacha 21 kilogrammga to'g'ri keladi. Bu ko'rsatkich uzoq umr ko'rish bo'yicha etakchi hisoblangan YAponiyada 60 kilogrammgacha boradi. O'zbekistonda esa bir kishining yillik baliq iste'moli 4-5 kilogrammni tashkil etadi.
Bugun yurtimizda baliqchilik sohasi rivojlanmayapti, deb bo'lmaydi. Oxirgi yillarda ko'plab baliqchilik xo'jaliklari tashkil etildi. Bozorlarimiz baliq va baliq mahsulotlari bilan etarlicha ta'minlanyapti. Mamlakatimizda 2009 yilda 10 ming tonna baliq mahsulotlari etishtirilgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 200 ming tonnaga etdi. Bu ishlar bugun ham izchil davom ettirilmoqda. Ayni paytda tarmoqni yanada rivojlantirish maqsadida sohaga zamonaviy texnologiyalar, baliq etishtirishning intensiv usullari joriy etilmoqda.
— Bilamizki, baliq etishtirishning bir qancha usullari mavjud. Bugungi kunda ularning qay biri samaraliroq hisoblanadi?
— Jahonda baliq etishtirishning asosan ikki usuli — tabiiy suv havzalari(okean, dengiz, ko'l, daryo va boshqalar)dan baliq ovlash va nazorat qilinadigan sharoitlarda baliq etishtirishga asoslangan akvamadaniyat keng ommalashgan. Akvamadaniyat ham, o'z navbatida, intensiv va yarim intensiv yo'nalishlarga bo'linadi.
Hozir mamlakatimizdagi aksariyat baliqchilik xo'jaliklari zamonaviy usullardan keng foydalanmoqda. Ayni paytda mavjud 3824 ta baliqchilik xo'jaligidan 240 tasi tabiiy suv havzalaridan baliq ovlayotgan bo'lsa, 3584 tasi allaqachon akvamadaniyat asosida baliq etishtirishga o'tgan.
YUrtimizda yaqin vaqtgacha 1970-yillarda joriy qilingan sun'iy tashkil etiladigan tuproq havzalarda baliq etishtirish texnologiyasi keng qo'llab kelingan. Hozir ham ayrim baliqchilik xo'jaliklarida foydalaniladigan ushbu yarim intensiv texnologiya yordamida 1 gektar sun'iy hovuz maydonida o'rtacha 30 tsentner baliq etishtirish mumkin. Ammo u katta miqdorda er va suv resurslarini talab etadi.
Baliq etishtirishning dunyoda keng tarqalgan intensiv texnologiyalari esa ancha tejamkor bo'lib, ular er va suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Bunda 1 kub metr suvda 40 kg. va undan ko'proq hosildorlikka erishish mumkin.
Intensiv texnologiyalarning bir nechta turi mavjud bo'lib, hozir yopiq suv ta'minoti tizimi, basseynlar, tuproq hovuzlardagi suvni tozalab, kislorod bilan boyitish va qayta ishlatishga ixtisoslashgan texnikalar olib kelinmoqda. Bunda 1 kub metr suv hajmida 40 – 200 kg. baliq etishtiriladi.
SHuningdek, joylardagi tabiiy suv havzalarida o'rnatilgan qafaslarda baliq etishtirish ham keng yo'lga qo'yilyapti. Bu juda samarali va intensiv texnologiya bo'lib, tabiiy havza hosildorligiga ta'sir qilmagan holda 1 kub metr suvda 40 kg.dan ortiq baliq etishtirishni ta'minlaydi. Uning uchun qo'shimcha er va suv resurslari ham talab qilinmaydi.
Ayni paytda respublikada 800 ming gektardan ortiq tabiiy suv havzalari mavjud bo'lib, 600 ming gektarida baliqchilik bilan shug'ullanish imkoniyati bor. SHundan 305,6 ming gektari hozirgi kunda 240 ta baliqchilik xo'jaligiga uzoq muddatli ijaraga berilgan. Mavjud sun'iy suv havzalari esa 37,9 ming gektarni tashkil etadi. Afsuski, ularning atigi 0,6 foizida intensiv baliqchilik yo'lga qo'yilgan.
SHu bois, yurtimiz baliqchilik tarmog'ida intensiv texnologiyalarni joriy etish bo'yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Ammo bu borada ayrim qiyinchiliklar ham yo'q emas. Xususan, baliq etishtirishning intensiv usulida yuzaga keladigan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz) va yuqori muvozanatlashtirilgan ozuqalardan foydalanish zarurati mahsulot tannarxi oshishiga olib keladi. Baliq ozuqalari masalasi ham intensiv texnologiyalarni keng jalb etishga xalal bermoqda. Gap shundaki, respublikadagi omixta em ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarining sifati baliqchilik xo'jaliklari talabiga javob bermaydi. CHetdan olib kelinadigan ozuqalar esa ko'pchilik uchun qimmatlik qiladi.
Baliqlarning nasl sifatini yaxshilash, intensiv usulda baliq etishtirish bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda intensiv usulda baliq etishtirishning har bir yo'nalishida samarali tizimni yaratish zarurati ham mavjud. Ushbu masalalar echimi bo'yicha so'nggi yillarda olib borilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlar baliqchilik tarmog'ini yanada rivojlantirishga keng yo'l ochmoqda.
— Mamlakatimizda, asosan, qanday turdagi baliqlar etishtiriladi va mahalliy bozorda qaysi turlarga talab yuqori?
— Hozir baliqchilik xo'jaliklarida baliqning ko'plab turlari, jumladan, karp (sazan), oq va chipor do'ngpeshona, oq amur, afrika laqqasi, xonbaliq (forel`), baqrabaliq (osyotr) va lasos` etishtiriladi. Bularga qo'shimcha tarzda tabiiy suv havzalaridan oqsla (sudak), leshch, vobla, tovonbaliq (karas`), ilonbosh, mahalliy laqqa ovlanadi. So'nggi vaqtlarda aholining baliq mahsulotlariga qiziqishi ortib borayotgani bois, bozorlarda barcha baliq turlari, ayniqsa, karp (sazan), oq amur, xonbaliq, oqsla, mahalliy laqqaga talab yuqori.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, mamlakatimizga yiliga 1,5-2 ming tonna atrofida baliq mahsulotlari ham import qilinadi. Bular, asosan, baliq konservalari, file, tozalab muzlatilgan qimmatbaho dengiz baliqlari va dengiz jonivorlari (krivetka, qisqichbaqalar...)dir.
YUrtimizda baliq etishtirish ko'rsatkichi ortib borayotgani hisobiga eksport hajmi ham kengaymoqda. Yiliga 1000 tonnadan ortiq Afrika laqqasi, xonbaliq, oqsla turli mamlakatlarga qisman eksport qilinmoqda.
Bundan tashqari, yurtimizda nafaqat baliq etishtirish, balki uni saqlash va qayta ishlashga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Hududlarda jahon talablari asosida baliqni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.
Baliqchilik sohasida ham boshqa sohalardagi kabi klaster tizimi joriy etildi. Hozir 10 dan ortiq baliqchilik xo'jaligi o'z faoliyatini ushbu tizim asosida yo'lga qo'ygan. Ayni paytda respublikada etishtirilgan baliqning atigi 5–7 foizi qayta ishlanadi. Bu esa etarli ko'rsatkich emas. Klasterlashtirish tizimi ana shu muammoni bosqichma-bosqich hal etishga xizmat qiladi.
— Aholining oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, baliqqa bo'lgan talabi ortib bormoqda. Tabiiyki, bu jarayonda ayrim baliq turlarini xorijdan olib kelib etishtirishni yo'lga qo'yish va yangi turdagi baliqlarni yaratish ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish zarurati yuzaga keladi.
— Mamlakatimiz keskin o'zgaruvchan iqlim sharoitiga ega bo'lgani bois, yoz oylarida havo harorati 45 darajadan oshishi, qishda 20 darajadan tushib ketishi mumkin. Aksariyat baliq turlari esa iliq yoki sovuq suvlarda yashashga moslashgan bo'ladi. SHu sababli chet davlatlardan olib kelib etishtirish mumkin bo'lgan baliq turlari chegaralangan.
Oxirgi yillarda yurtimiz iqlim sharoitiga moslasha oladigan Afrika laqqasi, xonbaliq baqrabaliq va lasosni mahalliy sharoitda etishtirish yo'lga qo'yildi. Hozir ularga qo'shimcha tarzda tilapiya balig'ini ham ko'paytirish bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilyapti. SHuningdek, kelgusida avval mahalliy bo'lgan, hozir qirilib ketgan Turkiston mo'ylovdori va Amudaryo kurakburuni kabi turlarni ko'paytirish bo'yicha ham tadqiqotlar olib borilyapti.
Afsuski, shu vaqtga qadar baliqchilik tarmog'ida etarlicha ilmiy tadqiqot ishlari qilinmadi. Bu sohadagi eng katta kamchiliklarimizdan biri bo'lib, endilikda mazkur bo'shliqni to'ldirishga katta kuch va mablag' sarflanyapti. Xususan, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti qayta tashkil etilib, uning bazasini rivojlantirish bo'yicha katta ishlar qilinyapti.
Sohada mutaxassislar, malakali kadrlarni tayyorlashga ham e'tibor oshgan. So'nggi yillarda Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik yo'nalishi bo'yicha bakalavr va magistrlarni tayyorlash keng yo'lga qo'yilib, 2018 yili universitet bazasida “Ipoteka bank” ta'sischiligida Baliqchilik ilmiy markazi tashkil etildi. Ayni paytda ushbu markaz bazasi rivojlantirilib, unda baliqchilik sohasi bo'yicha fan, ta'lim va ishlab chiqarish uyg'un holda olib borilmoqda.
Aholini arzon hamda sifatli baliq mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida yurtimizda mavjud sun'iy suv havzalarida intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish va ularga imtiyozli kredit resurslarini jalb qilish ishlari avjida. Xitoydan keltirilgan intensiv usulda baliq etishtirish texnologik jihozlarini bir gektar sun'iy suv havzasiga o'rnatish hisobiga 90 tonnagacha baliq etishtirish ko'zlanyapti. Bu kabi ilg'or texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish va zamonaviy xo'jaliklarni tashkil etish orqali mamlakatimizda keng turdagi sifatli va eksportbop baliq mahsulotlarini etishtirish hamda ular bilan aholi dasturxonini ta'minlashni maqsad qilganmiz.
“YAngi O'zbekiston” muxbiri
Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.