— 2019-yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatining +91 kilo­­­gramm vazn toifasida oltin medal sohibi boʻldim, — deydi Bahodir Jalolov. — Oʻshanda davlatimiz rahbarining men haqimda aytgan yuqoridagi soʻzlarini nafaqat yodlab olganman, balki koʻnglim tubiga muhrlab qoʻyganman. Men ­Prezidentimizga “Albatta, jahon chempioni boʻlaman”, deb vaʼda bergandim va buning uddasidan chiqdim. Otam rahmatli jahon chempioni boʻlishimni orzu qilardi, afsuski, baxtiyor kunlarimni koʻrish nasib etmadi. Olis bir chekka tumanda tugʻilib, voyaga yetgan menday oddiy yigit kun kelib, dunyo chempioni boʻlishini kim ham oʻylabdi, deysiz. Bu yutuqlarimning barchasi, avvalo, ­davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonda sportga berilayotgan yuksak eʼtiborning samarasi deb bilaman. Ochigʻi, ­Prezidentimiz koʻksimga “Oʻzbekiston iftixori” unvonini taqayotganida oʻzimni ertakdagi orzular mamlakatiga tushib qolganday his qilganman. Bu his va hayajon hali-hanuz meni tark etgani yoʻq. ­Tokio Olimpiadasida, albatta, chempion boʻlaman, Prezidentimizning, xalqimizning yuksak ishonchini yana oqlayman!

Boks boʻyicha jahon chempioni, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Bahodir Jalolov ayni kunlarda Yaponiyaning Tokio shahrida murabbiylari — aka-uka Toʻlqin va Farrux Qilichevlar bilan olimpiada musobaqalariga tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqda. Biz Bahodir Jalolov va uning onasi Sabohat Jalolova bilan Olimpiada safari oldidan uchrashib, suhbatlashgan edik. Dildan kechgan samimiy suhbat jarayonida shu narsaga amin boʻldikki, aslida hech bir yutuq shunchaki qoʻlga kiritilmaydi, uning ortida mashaqqatli mehnat, maqsadga erishish yoʻlidagi tinimsiz intilishlar, ustozlar saboqlari hamda ota-onaning ezgu niyatlari yoʻgʻrilgan duolar kuch boʻlib turadi!

Ot izini toy bosar

Bahodir Jalolovning otasi rahmatli Isomiddin polvonni nafaqat Surxondaryoda, balki Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham yaxshi tanishgan. Sambo boʻyicha sport ustasi Isomiddin Jalolovning Sariosiyodagi chogʻroqqina hovlisiga kuragi yer koʻrmagan mashhur polvonlar tez-tez kelib turgan. Ikki qizini yeru koʻkka ishonmaydigan polvon yolgʻiz oʻgʻli Bahodirni oʻzgacha mehr bilan suyar, xotini Sabohatga qarab, “Onasi, kun kelib oʻgʻlim, chempion boʻladi, uni oʻzim musobaqalarga tayyorlayman, murabbiyi ham oʻzim boʻlaman”, derdi.

Ayol erining soʻzlarini maʼqullab, “Oʻzingiz polvon boʻlganingizdan soʻng, oʻgʻlingiz izingizdan boradi-da, “Ot izini toy bosar” degan maqol bejiz aytilmagan, men ham qizlarimizning oʻzimga oʻxshagan oʻqituvchi boʻlishiga hozirdanoq tayyorgarlik koʻraversammikan”, deb hazillashar, shu tariqa, er-xotinning sof orzulari osmon qadar yuksalib boraverdi.

“Toshkent yoʻlbarsi”ning tashrifi...

Shunday orzularga toʻla munavvar kunlarning birida peshin mahali Isomiddin polvonning darvozasi taqillab, “Toshkent yoʻlbarsi” deb nom olgan mashhur bokschi, jahon chempioni Rufat Risqiyev kirib keldi. Isomiddin mehmon bilan quchoq ochib, quyuq koʻrishar ekan, anchadan beri koʻnglida oʻylab yurgan soʻzlarini tiliga chiqardi.

— Rufat aka, zap keldingiz-da, qadamingizga hasanot. Sizdan bitta iltimosim bor. Oʻgʻlim kelajakda mashhur bokschi boʻlishini istayman, keling, irim qilib, yelkasiga urib, bir tupurib qoʻying, sizday mashhur sportchi boʻlsin, — deb 3-4 yoshlardagi Bahodirni Rufat Risqiyevning qoʻliga tutqazadi.

— Oʻh-oʻ, bu toy bola namuncha ogʻir boʻlmasa, boʻyini qarang. Polvonligi senga oʻxshab turibdi-ku. Mayli, ilohim peshonasi yarqiragan, kuragi yer koʻrmagan polvon, mushti temir bokschi boʻlsin oʻgʻling, omin.

Isomiddin polvonning orzusi...

Shunday qilib, kunlar, oylar, yillar bir-birini quvib oʻtaverdi. Bahodir maktabda 4-sinfga oʻtganida otasi uni maxsus futbol maktabiga yetak­ladi. Garchi, ich-ichidan uning bokschi boʻlishini istasa-da, farzandining qiziqishini oʻz orzusidan ustun qoʻydi. Chunki oʻgʻli bolaligidanoq faqat koptok tepib futbol oʻynar, ishtiyoqi benihoya baland edi. Onasi olib bergan rasm daftarlariga surat chizish oʻrniga, dunyoning mashhur futbolchilari suratlarini yopishtirib chiqar, ota-onasiga katta boʻlganida zoʻr futbolchi boʻlishini aytib charchamasdi. Uch yil muntazam futbol bilan shugʻullangan Bahodir bolalar oʻrtasidagi turli musobaqalarda ham ishtirok eta boshladi. Undagi iqtidorni yana-da teranroq anglagan Isomiddin polvon oʻgʻli 7-sinfga oʻtganida Chirchiq shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi. Hujjatlarni topshirmoqchi boʻlganda esa qabuldagilar ota-bolaga futbol boʻlimiga qabul tugagani, faqat boks yoʻnalishi uchun hujjat topshirish mumkinligini aytadi. Shunday qilib, futbolchi boʻlaman, degan Bahodir, taqdir taqozosi yoki otasining koʻnglidagi orzusi sababmi, kollejning boks boʻlimiga zaxira asosida oʻqishga qabul qilinadi.

“Bolam, seni kim bu ahvolga soldi?”

Chamasi bir oylardan keyin farzandini koʻrish uchun Surxondaryodan Chirchiqqa kelgan Sabohat opa oʻgʻlining yuzi koʻkarib, shilinganini koʻrib dovdirab qoldi.

— Bolam, seni kim bu ahvolga soldi, kollejda shunaqa urib oʻqitishadimi, — deb oʻpkasi toʻlib yigʻladi. Oʻgʻlining ozib, kirtayib ketgan koʻzlariga qarab, “Yur, uyimizga ketamiz, oʻqimaysan bu yerda, sening sogʻligʻing kerak menga”, deb bolasini mahkam bagʻriga bosdi.

Sportga oʻta qiziquvchan bola onasining yuzlarini mehr bilan siladi.

— Onajon, hecham xavotir olmang, meni hech kim urmadi, boksda shunaqa jang qilib, tayyorlanish kerak, oʻqiyman. Dadamning orzularini roʻyobga chiqarib, chempion boʻlaman, faqat siz yigʻlamang, olib ketaman ham demang, maylimi? Oʻzimning mehribonim, onajonim!..

13 yoshli oʻgʻlining katta odamlarday sokin va xotirjam ovozda soʻzlashi Sabohatni hayratga soldi. Nahotki, mening bolam shu qadar jiddiylashib, bir oyda shunchalik oʻzgarib qolgan boʻlsa, deya, unga uzoq termulib qoldi. Futbol desa hamma narsani unutib, koʻcha changitib, koptok tepib oʻynab yurgan zurriyodi, bir zumda haqiqiy bokschiga aylanib qolganday edi nazarida. Oʻgʻlining yonib turgan koʻzlariga boqib, koʻngli biroz joyiga tushgan onaizor bolasining soʻzlaridan keyin yana ancha taskin topdi. Shu kun oʻgʻli bilan qolib, uzoq gurunglashdi. Lekin baribir har ikki haftada kelib, oʻgʻlining holidan xabar olishni kanda qilmadi.

Oʻsha yillarda eski avtobuslarda qatnash juda qiyin boʻlgan. Ona emasmi, qishning qahratoniyu yozning jaziramasida ham Surxon va Chirchiq yoʻllarida non va yeguliklar bilan toʻlgan ogʻir sumkalarni koʻtarib qatnashdan charchamadi. Oʻgʻli oʻqishga qoʻshimcha zaxira asosida qabul qilinganidan unga yotib-turishi uchun na yotoqxona va na kollej oshxonasidan ovqatlanishga ruxsat berilgan...

Hayotning mukofotlari bor

Oʻsmir Bahodir oʻqish va mashgʻulotlarga astoydil berilib, boksga mehr qoʻyib, tinimsiz mashgʻulotlar oʻtkazib yurgan kezlarida, dadasi Isomiddin polvonni shtat qisqarishi bahonasida ishdan boʻshatishdi. Oliy maʼlumotli boʻlsa ham boshqa durustroq ish topa olmadi. Oʻylovdanmi yoki boshqa sababmi, boshida yoqimsiz bir ogʻriq paydo boʻlib, vaqti-vaqti bilan bezovta qilib turdi. Erining sogʻligʻidan tashvishlangan ayol “Dadasi, yuring shifokorlarga bir koʻrinaylik, negadir keyingi payt­da boshingiz koʻp ogʻriyapti, sizdan xavotir olyapman”, desa, “E, qoʻysang-chi, vahimangni qara, oldin oʻgʻlimiz chempion boʻlsin, keyin ikkalamiz ham davolanamiz. Ishlarim orqaga ketib, bir oʻzing ancha urinib qolding, hali hammasi oldinda, hayotning senga atalgan mukofotlari bor”, deya gapni boshqa yoqqa burardi.

Bahodir esa oʻzidan koʻra, dadasining orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish uchun jon-jahdi bilan kechayu kunduz mashq qilib, tinimsiz shugʻullandi. Chempion boʻlish orzusi yosh sportchini bir soniya boʻlsa ham tark etmadi. Ustozlari Toʻlqin Qilichev va taniqli bokschi Rustam Saidov bu yoʻlda unga ishonchli qanot boʻldi. Jang olib borish sirlarini qunt bilan oʻrgatdi, uning oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamladi. 2010-yildan boshlab u kollejda turli musobaqalarda qatnashib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kirita boshladi.

Boks nima ekanini tushunmasdim ham

— Bilasizmi, 2008-yilda kollejning boks boʻlimiga 13 nafar bola oʻqishga topshirgan boʻlsak, faqat men boksning nima ekanini tushunmasdim. Axir oʻsha paytgacha qoʻlimga biron marta boks qoʻlqopini ham kiymagandim. Zaxira asosida oʻqishga qabul qilinganim uchun menga yotoqxona berishmagan. Kollej rahbari “Agar chempion boʻlsang, yotoqxona beramiz”, degandi. Tunlari kollejning katta manejlarida bir oʻzim yotishga majbur boʻlardim. Ovqatga pulim yetmay, och qolgan kunlarim boʻlgan. Kollejimizdagi oshpaz ayol rahmi kelib, baʼzan u-bu yegulik berib turardi. Ota-onamdan pul soʻrashni or bilardim. Chunki oʻsha vaqtda dadam rahmatlining ishlari anchagina yurishmay, topish-tutishlari kamayib, roʻzgʻorning bor ogʻirligi yolgʻiz onamning yelkasiga tushgandi.

Onam bir emas, ikkita maktabda dars berib oʻqituvchilik qilgan, kamiga qoʻshimcha ish olib, tuni bilan allaqanday hujjatlarni yozib, toʻldirib oʻtirardi. Shuning uchunmi, kollejda oʻqib yurgan yillarimni eslasam, baʼzan koʻnglim choʻkadi, hayotning qiyinchiligini, nohaqlikni yosh boshim bilan oʻsha davrlardayoq his qilganman. Hozirgi kundagi birdan-bir oliy niyatim Olimpiya oʻyinlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritish. Hayotdagi asosiy maqsadim esa onamning koʻnglini olish, yarim koʻngliga mador boʻlish, opam va singlimga ota oʻrnida gʻamxoʻrlik qilish. Eng asosiysi, ularning qalbida gʻam, koʻzida nam boʻlmasin. Baxtiyor va toʻkis yashashlari uchun bor mehrim va bor kuchimni sarflayman!

Mening oʻgʻlim chempion!

2014-yili mashaqqatli mehnatlarining samarasi oʻlaroq, B. Jalolov 20 yoshida Respublika ochiq turnirida 91 kilogramm vazn toifasida birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Aynan oʻsha yili Oʻzbekiston Boks federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan Sidney Jakson memorial turnirida 3-darajali diplom bilan, ochiq turnirda sertifikat bilan, Rossiyaning Beloyarskiy shahrida oʻtkazilgan 12-Jahon kubogida esa oltin medal bilan taqdirlandi.

— Bahodirjonning chempion boʻlganini eshitgan dadasi oʻsha kuni “Mening oʻgʻlim chempion!”, deya hayqirib yurdi. “Sabohat, sen tasavvur qilyapsanmi, axir oʻgʻlimiz chempion boʻldi. Endi oʻlsam ham bearmon ketaman, bu dunyodagi eng katta orzuim ushaldi. Yolgʻizim, izimni bosar toyim, pahlavonim chempion boʻldi”. Men turmush oʻrtogʻimni hech qachon bunday masrur va mamnun holda koʻrmagandim, uning oʻsha vaqtdagi hayajonini hozir ham ­taʼriflab bera olmayman.

Biz murabbiylikdan ketamiz...

Bahodir Jalolov chempion boʻlganidan soʻng Oʻzbekiston terma jamoasiga qabul qilingan boʻlsa-da, negadir baʼzi bir nopok murabbiylar uni musobaqalarga yaqinlashtirmay qoʻydi, aniqrogʻi, chetlatishga harakat qildi — musobaqalarda qatnashishini ochiqchasiga istashmadi. Bunday nohaqlikka chiday olmagan murabbiylari Rustam Saidov va Toʻlqin Qilichev poytaxtga keldi. Mutasaddi rahbarlarning oldiga kirib, vaziyatni aytish uchun soatlab, kunlab eshikda sargʻayib navbat kutishdi. Navbatlari yetganida esa dangaliga, “Agar Bahodir Jalolov musobaqalardan sababsiz chetlashtirilsa, biz ham ishlamaymiz, oʻz arizamiz bilan ishdan ketamiz”, deb baralla ayta oldi. Shundan keyin chempionning yoʻllariga toʻsiq kamaygandek boʻldi.

Shogirdining mahorati, iqtidorini koʻra bilgan ikki ustoz uning kelajakdagi yutuqlari uchun astoydil jon kuydirdi. Bahodirni turli gʻarazli kimsalarning nazaridan himoya qilishga, bola koʻnglini choʻktirmaslikka harakat qildi. Olis hududning chekka bir tumanidan porlab chiqayotgan yosh sportchining yoʻllarida yoʻlchi yulduz boʻldi.

Men shogirdimga ishonaman!

— Ha, chindan ham shunday koʻngilsiz voqealar boʻlib oʻtgan. Bahodirni musobaqalardan chetlatishga rosa urinishgan. Ammo biz ham qarab turmaganmiz, — deydi Rustam Saidov. — Mutasaddi rahbarlarning oldiga borganmiz. Axir qanday qilib shunday iqtidorli, boʻlajak yulduzning shijoatini soʻndirish, bilagidagi kuchini koʻra bila turib, uni sportdan chetlatish mumkin? Men Bahodirni oʻz oʻgʻlimday, oʻz jigarimday yaxshi koʻraman, yillab u bilan shugʻullandim, uning har bir yutugʻi menga ham berilgan yuksak baho. Bu safar ham Jalolov, albatta, Olimpiada oʻyinlarida gʻolib boʻladi! Men shogirdimga ishonaman!

Qazoim yetsa, Haqning oldiga yorugʻ yuz bilan boraman

2015-yil Qatarning Doha shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida Bahodir bronza medal sohibiga aylandi. Oʻsha yili otasi Isomiddin polvon ogʻir dardga chalindi. Shifokorlar bosh miya oʻsmasining eng ogʻir turi deya tashxis qoʻydi. Polvon esa yana dardga mardonavor kulib qaraydi: “Nasibam uzilmagan boʻlsa, yashayman. Agar qazoim yetgan boʻlsa, Egamning oldiga yorugʻ yuz bilan boraman, chunki mehnatlarim, orzularim zoye ketmadi. Oʻgʻlim chempion boʻldi”.

Ha, aslida Bahodir Jalolovning birinchi ustozi, unda sportga mehr uygʻotgan inson otasi boʻladi. 4 yoshidan boshlab oʻgʻlini sportga oshno qilib oʻstira boshlagan, mashqlarni bajartirgan, chiniqishi uchun har kun shugʻullangan, yugurtirgan. 5 yoshidayoq katta anhorda suzishni oʻrgatgan. Hovlisida tayyorlanish uchun barcha sport anjomlari va jihozlarini muhayyo qilgan.

Sabohat erini uzoq davolatdi. Ular shifoxonada oylab birga yotdi. Bu vaqtda Bahodir uch oy davomida xorijda musobaqaga tayyorlandi va Doha shahridan Vataniga gʻolib boʻlib qaytdi. Ogʻriq qoldiruvchi dori-darmonlarni qabul qilib, oʻzini tetik tutishga harakat qilgan Isomiddin polvon aslida dard tufayli ozib-toʻzib ketgan, kasallik oʻz kuchini koʻrsatib, uning jismi jonini egallab olgandi. Shunday vaziyatda ham oʻgʻlini kutib olishga xotini bilan birga bordi. Otasini koʻrgan Bahodir turgan yerida qotib qoldi. Shunday polvon odamning kichrayib qolgan jussasini quchib, “Onajon, ­dadamga nima boʻldi, axir uch oy oldin juda ham yaxshi edi-ku”, deb yigʻlab yubordi. Onasi jigarbandining yosh boladay xoʻrlanib yigʻlashini koʻrib, bor kuch va irodasini jamlab, oʻgʻlini yupatdi va bor haqiqatni oʻsha yerning oʻzida aytib berdi.

Shundan soʻng Bahodir dadasini eng zoʻrman, degan shifokor, professorlarga koʻrsatdi. Ona va oʻgʻilning kunlari yana shifoxonalarda oʻta boshladi. Isomiddin polvonning sogʻligʻi esa kun sayin orqaga ketaverdi. Bahodir “Dadam yashashlari kerak”, deya bir daqiqa ham umidini soʻndirmay davolatishda davom etdi.

2016-yil Xitoyda uch oy davomida tayyorlanib, Osiyo chempionatida Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Deyarli har kun qoʻngʻiroq qilib, dadasining ahvolini soʻrab turdi. Chempionatda qoʻli jarohat olgani sababli operatsiya qilindi. Aynan oʻsha kun, taqdiri azal ham oʻz hukmini oʻtkazib, Isomiddin polvon omonatini Haqqa topshirdi. Shifokorlar Bahodirga “Senga hozir yurish mumkin emas, jarohating ogʻir”, desa ham u Oʻzbekistonga qaytdi. Armonlar, azoblar va eng yaqin insonini yoʻqotish ozori sababmi, tajribasizlik qilibmi, Bahodir Jalolov 2016-yil avgust oyida Braziliyaning ­Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan Olimpiadada gʻolib boʻlolmadi.

Yuragimga yuk boʻlgan armon

— Rio Olimpiadasida Oʻzbekiston jamoasining bayroqdori boʻlganimda 21 yoshda edim, — deydi Bahodir. — Jamoa sardori boʻlib, ona Vatanimiz bayrogʻini koʻtarib chiqish vazifasini menga ishonib topshirganlari uchun juda ham faxrlanganman. Ammo ruhiy kechinmalar qattiq taʼsir qilgandi, chempion boʻlolmadim. Bu yuragimda armon boʻlib qolgan. Xudo xohlasa, bu safar xalqimizning ishonchini oqlab, Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritib, jonajon ona Vatanimga, muqaddas Oʻzbekistonga yorugʻ yuz bilan qaytaman!

Siz onalarga namunasiz

Bu koʻhna olamda inson zoti borki, faqat zurriyodining kamolini, yorugʻ kelajagini, toʻkis baxtini oʻylab yashaydi. Ayniqsa, munis onalar uchun oʻz farzandining yutuqlari ortidan goʻzal ezgu tilaklar va yuksak eʼtirofni eshitishdek yoqimli his boʻlmasa kerak. Ayniqsa, u davlat rahbari tomonidan aytilsa...

Sabohat Jalolova bilan Toshkent aeroportidan chempionimizni Olimpiada sari oq yoʻl tilab kuzatib qaytar ekanmiz, uning koʻzlari yoshga toʻlib, maʼyus tortib qoldi.

— Nega gʻamgin boʻlib qoldingiz, axir oʻgʻlingiz Oʻzbekiston shaʼnini sharaflash, bayrogʻini yuksakka koʻtarish uchun Olimpiadaga ketdi. Bu hamma sportchilarga ham nasib etavermaydi-ku? — deya soʻraymiz.

— Shodligimdan yigʻlayapman. Bolaginamni ketmasidan turib sogʻindim. Oʻgʻlim juda ham mehribon, ochiqkoʻngil yigit, opasi va singlisiga birday gʻamxoʻr. Ularga ota oʻrnida oʻzi bosh boʻlib, kam-koʻstsiz uzatdi, toʻylar qildi, jiyanlariga ham parvona. Bahodirimning safari bexatar boʻlsin, oy borib, bagʻrimga omon qaytsin. Pahlavonim Olimpiya oʻyinlariga otasining duosini olib ketmagan boʻlsa-da, Prezidentimizning ishonchini olib ketdi. Men, butun onalik qalbim bilan his qilyapmanki, suyanchigʻim bu safar ham muzaffar boʻlib qaytadi. Olis Tokio arenalaridan turib “Onajon, men yutdim”, deydi, albatta, shunday deydi!

Oddiylik bor ekan, odamiylik oʻlmaydi

Bahodir Jalolov bilan yurakdan suhbatlashish va unga Olimpiya oʻyinlariga ketish oldidan omad tilash uchun uchrashib, chamasi bir soatcha suhbat qurdik.

— Har bir gʻalabam ortida ustozlarimning mashaqqatli mehnati, onamning duolari, rahmatli dadamning sof orzulari, Prezidentimning yuksak ishonchi mujassam — deydi u. — Bu yuksak dovonlarni zabt etishim uchun hayotda koʻp qiynaldim, nohaqliklarga duch keldim, yetishmovchilik nima ekanligini boshimdan oʻtkazdim. Yolgʻiz oʻzim bola boshim bilan qornim nonga toʻymay, yotoqxonada joyim boʻlmay, tunlarni tonglarga ulab, Chirchiqdan Toshkentgacha piyoda kelgan kunlarim ham boʻldi. Oʻsha vaqtlarda 14 yoshga ham toʻlmagan edim...

Biroq soʻnggi 4-5 yil ichida davlatimiz ­rahbarining yoshlarga qaratayotgan eʼtibori, gʻamxoʻrligi, ragʻbati bizlarni yangi marralar sari chorlamoqda, kuch berib, ruhlantirmoqda. Prezidentimdan cheksiz minnatdorman! Xudo xohlasa, Oʻzbekistonga yorugʻ yuz bilan qaytaman!

Bahodirning soʻzlarini jon qulogʻim bilan eshitar ekanman, baʼzi bir sportchilarning mashhur boʻlganlaridan keyingi dimogʻdor chehralari koʻz oʻngimdan soyaday oʻtdi. Shunda “Oddiylik bor ekan, odamiylik aslo oʻlmas”, degan hikmatli gapning magʻzini chaqqanday boʻldim. Odamiylikda, mardlikda iroda va mashaqqatli mehnatda gʻolib boʻlib yetishgan insonning hali koʻp bora chempion boʻlishiga ishonamiz.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri