JAHONNING NOYOB JAVOHIRI
Er osti xazinalaridan oqilona va samarali foydalanish yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladi. Kanadaning Kitko xalqaro tahliliy markazi ma'lumotlariga ko'ra, Qizilqum kengliklarida joylashgan “Muruntov” koni keyingi ikki yil davomida oltin qazib olish bo'yicha jahonda etakchi o'rinni egallab kelyapti. O'tgan yili mazkur konda 2 million untsiyadan ziyod (1 untsiya – 28,3 gramm) oltin qazib olindi.
Bu, unda mehnat qilayotgan har bir konchiga iftixor va g'urur tuyg'usini baxsh etishi barobarida yangi marralarni egallashga ruhlantirmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tayanch bo'g'inlaridan biri hisoblangan ushbu korxonaning bugungi faoliyatiga nazar tashlashdan oldin jahon javohiri, deb atalmish rangli metallar, shu jumladan, “Muruntov” koninning ochilish tarixiga nazar tashlash maqsadga muvofiq keladi. Zero, ulug' bobomiz aytganlaridek, moziyg'a qaytib ish ko'rish, xayrlik, deydilar.
KO'HNA TARIX BITIKLARI
Ko'hna tarixning Markaziy Osiyoga talluqli sahifalarini varaqlar ekanmiz, bu o'lkada qimmatbaho qazilma boyliklari ko'p bo'lganligiga guvoh bo'lamiz. Xususan, hozirgi O'zbekiston hududida oltin konlari va ulardan tayyorlangan buyumlar haqidagi dastlabki ma'lumotlar antik davr tarixchilari Gerodot va Strabonlarning asarlarida uchraydi.
Gerodot Orol dengizidan to Nurotagacha cho'zilgan Qizilqum sahrosida yashagan ko'chmanchi massaget qabilalari to'g'risida “Ular otda va piyoda yuradilar. Odatda, ularning qurollari kamon, nayza va jangovar oyboltalardan iborat. Ularning hamma narsalari oltin va misdan ishlangan. Ammo, barcha sanchiq, o'q va harbiy boltalarining metall qismi misdan ishlangan (bronzadan demoqchi), bosh kiyimlari, bel kamari oltin bilan naqshlangan. Ular otlarining egar-jabduqlarini ham ust-boshlari kabi oltin bilan bezatadilar. Temir va kumushdan yasalgan buyumlar ularning ro'zg'orida ishlatilmaydi, chunki bu metallar massagetlarning erlarida umuman uchramaydi. Ammo, ularda oltin va mis juda ko'p”, — deb yozadi.
Strabon esa “Ularning yurtida kumush mutlaqo yo'q, temir ham, ammo mis va oltin mo'l,” — deya alohida qayd etadi.
Markaziy Osiyo hududidagi oltin va boshqa qazilma boyliklar olinadigan konlar to'g'risida qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning “Qimmatbaho javohirlar haqida bilimlar kitobi” (“Minerologiya”) asari o'zining ilmiy qimmati bilan katta ahamiyatga ega. Ulug' alloma o'sha davrda oltin olishning turli usullari to'g'risida yozib, jumladan, “...Jayhun daryosida ham uning suvidagi oltinni olishda shu usuldan foydalanishadi. CHunki bu er daryoning manbaiga yaqin. Suv esa yuqoridan tez oqim bilan tushib keladi. Tekislikka yaqinlashganda suv o'z kuchini yo'qotib, oltinni oldinga olib keta olmaydi. Natijada oltin cho'kadi. Uni qum va loyqa bilan daryo tubidan olib chiqib, yuvish yo'li bilan ajratib oladilar, so'ngra esa bosim va olov yordamida uni simob bilan g'o'linlar holatiga keltiradilar...” degan ma'lumotlarni keltirib o'tgan.
Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, Markaziy Qizilqum va Nurota tog'lari hamda Ohangaron vohasi qadimdan rangli metallarga boy hududlar bo'lgan. Ulardan qazib olingan boyliklar o'z davrida, avvalo, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va xalq farovonligi ta'minlashga xizmat qilgan. Ikkinchidan esa, xalqimizning bebaho iste'dodi tufayli ular chinakam san'at asarlariga aylangan.
O'ZBEK GEOLOGIYA MAKTABI
O'tgan asrning 50 - yillarida yurtimiz geologiya xizmati xodimlari akademik Habib Abdullaev rahbarligida keng qamrovli tadqiqotlarni boshlaydi va asosiy e'tibor O'zbekistonning g'arbiy qismiga qaratiladi. Sahrolarda olib borilgan izlanishlar natijasida Qizilqum sahrosi va Nurota tog'larida oltin konlari istiqbollari tasdiqlanadi.
Akademik Habib Abdullaev ilmiy maktabining yorqin namoyandalaridan biri — mashhur geolog olim Ibrohim Hamroboevning 1958 yilda chop etilgan “G'arbiy O'zbekistonda magmatizm va postmagmatizm jarayonlari” asari yurtimizda oltin va boshqa bir qator qimmatbaho metallar bo'lgan konlarni aniqlashga asos bo'ldi.
Geologlarning ma'lumotlari asosida Qizilqum sahrosini geologik o'rganish uchun katta mablag' ajratilib, dala ishlariga yuqori malakali mutaxassislar jalb etildi. Ular tomonidan Tomditov tog'larining janubi-sharqida geofizik va geokimyoviy usullarni keng tatbiq etgan holda, qidiruv ishlari olib borildi. Natijada, ma'dan tarkibida oltin miqdori yuqori bo'lgan yirik “Muruntov” koni aniqlandi.
Ibrohim Hamroboev rahbarligidagi geologlarning nomi “Muruntov” konini topgan olim sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi. SHuningdek, “Tomdibuloq” va “CHormitan” oltin konlarining ochilishi ham uning nomi bilan chambarchas bog'liq. “CHormitan” konini ochganligi uchun unga “Konning ilk kashfiyotchisi” diplomi berilgan.
Ma'lumki, Ibrohim Hamroboevning geologiya fani ravnaqiga qo'shgan katta hissasi uchun yangi topilgan kamyob mineralga — “Khamrabaevit” nomi berildi. Butun umrini Markaziy Osiyo va O'zbekiston geologiyasi, er osti konlarini o'rganishga bag'ishlagan olim magmatik jinslarning petrologiyasi va geokimyosi echimlari, ma'danlarning paydo bo'lishi va metallogeniyasi, er po'sti chuqurligi bilan bog'liq magmatizm va metallogeniya masalalarining o'zaro aloqadorligi kabi nihoyatda dolzarb muammolar yuzasidan serqirra izlanishlar olib borib, ulkan kashfiyotlarni amalga oshirdi.
DUNYONING eNG YIRIK KONI
Bugungi kunda ushbu ulkan kon mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o'rin tutadi. Oltin zaxiralarining ko'pligi, ma'dan qazib olish texnologik sharoitlarining qulayligi uchun u “Jahonning noyob javohiri”, “Asr mo''jizasi” deb ham ataladi.
“Muruntov” koni ochilishi bilan konda tog' va burg'ilash ishlari batafsil o'rganildi. Xususan, chuqur va o'ta chuqur bo'lishi kutilgan joyda oltinning umumiy hajmi, imkoniyatlari va kelajakda izlab topilishi bo'yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. 1965 yildan 1969 yilgacha bo'lgan qisqa vaqt ichida kon sanoat ishlab chiqarilishiga tayyorlandi, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi va Amudaryo daryosidan suv quvuri tortildi.
Soha mutaxassislarining ma'lumotlariga ko'ra, kon odatda bir yoki bir necha tomir yoki o'zgargan jinslar zonalaridan iborat bo'lib, ular kvarts, karbonatlar, al`bit, xlorit kabi minerallardan tashkil topadi. Oltin shu minerallar bilan birga sof holatda yoki pirit, xalkopirit yoki arsnopirit kabi rudali mineral ichida qo'shimcha shakllarda uchraydi. Oltin zarralarini odattda oddiy ko'z bilan juda kamdan-kam holda ko'rish mumkin.
“Muruntov” koni ma'danidagi oltin zarralarining 50-60 foizi 0,01- 0,02 milligramm atrofida bo'lib, mikroskopda zo'rg'a ko'rinadi. Bu qadar mayda oltinni toshdan ajratib olish juda mashaqqatli kechgan. Rudali tomirlar yoki o'zgargan jinslarning qalinligi bir necha santimetrdan 50-60 metrlargacha, uzunligi esa bir necha metrdan to 2 kilometrgacha etadi. SHu xildagi jinslar tub negiziga qarab, tik yoki qiya yotgan devor shaklida bir necha yuz metrlargacha chuqurgacha ketgan bo'ladi.
“Muruntov” konining ochilishi natijasida minglab ishchilar, muhandislar, olimlar hamda rahbarlarning fidokorona mehnatlari tufayli Qizilqum sahrosining o'zlashtirilishi boshlandi. 1964 yilda “Muruntov” konida oltin qazib chiqarish va qayta ishlash tarmog'ini yaratish, 1967 yilda 2-gidrometallurgiya zavodi qurilishi boshlandi. Amudaryodan suv tarmog'i tortib kelindi. YAngi shaharga asos solindi.
Turli kasb egalarining sa'y harakatlari tufayli 1969 yil 21 iyun` kuni birinchi marta tozalangan sof oltin olishga erishildi. 1969 yil 21 iyulda esa tarixiy voqea — birinchi marta “Muruntov” konidan 11 kilogramm 820 grammlik sof oltin yombisi olindi. Qizilqum hududi O'zbekistonning yirik oltin ishlab chiqarish hududiga aylandi. 2-gidrometallurgiya zavodida 999.9 probali sof oltin olinishi bilan ma'lum va mashhurdir.
“Muruntov” oltin tarkibli rudalarni qazib chiqarish va qayta ishlash bo'yicha dunyodagi eng yirik kon hisoblanadi. YUqorida ham qayd etganimizdlek, “Muruntov” 2020 va 2021 yillarda oltin qazib olish bo'yicha jahondagi konlar reytingida birinchi o'rinni egalladi. Ma'lumotlarga ko'ra, “Muruntov” koni 1,8 mmilliard tonna ma'dan hamda 4,5 ming tonna oltin zaxirasiga ega.
YANGI LOYIHALAR SAMARALARI
Kombinatda keyingi yillarda yangi texnologiyalar, innovatsion echimlar va loyihalar izchil joriy etilib, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilgan holda, zamon bilan hamnafas qadam tashlanmoqda. Barcha yirik bo'linmalarda innovatsion texnologiyalar xizmatlari shakllantirilgan. Ko'plab ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarishga joriy etilmoqda.
Kombinat muhandis va mutaxassislarining mashaqqatli izlanishlari natijasida “Muruntov” konida jahonda yagona va noyob, 14 million tonna ma'danni 285 metr balandlikka olib chiqish imkonini beruvchi, qiyalik burchagi 37 gradus va umumiy uzunligi 1802 metr bo'lgan tik-qiya konveyeri (KNK-270) ishga tushirilgan. Bu kon-metallurgiya sanoati tarixida olamshumul yangilik hisoblanadi. Uning foydalanishga topshirilishi tufayli konda ma'danni transportlarda tashish masofasi 4,5 kilometrga, ko'tarish balandligini esa 285 metrga qisqartirishga erishildi. Konveyerning iqtisodiy samarasi juda katta bo'lmoqda.
Ayni paytda qiymati 733,9 million AQSH dollari bo'lgan va 1,8 mingta yangi ish o'rini yaratish imkonini beruvchi “Muruntov” konini o'zlashtirish (5-navbati) 1- bosqich” investitsion loyihasi joriy etilyapti. 2021 yil avgust oyida konning shimoliy qismida yiliga 15 million tonna tog' jinslarini tashqi ag'darmalarga tashish quvvatiga ega uchinchi yirik transport majmuasi foydalanishga topshirildi. U umumiy uzunligi 2154 metrni tashkil etuvchi konveyer va ag'darma hosil qiluvchi vositalardan iborat. Hozirgi vaqtda “Muruntov”dagi mavjud konveyer liniyalarining umumiy uzunligi 6 811 metrni tashkil etaddi.
Ayni kezda kondan yiliga 42 million tonnadan ortiq ma'dan qazib olinayotgan bo'lsa, yaqin kelajakda bu ko'rsatkich 50 million tonnaga etkazilishi ko'zda tutilmoqda. Uning beshinchi navbati bo'yicha olib borilayotgana ishlar kelgusida 1000 metr va undan ham chuqurroqdan oltin qazib olish imkonini beradi.
Hozirgi kunda konining uzunligi 4,3 , eni 3,2 kilometr, chuqurligi 650 metrga yaqinligi hisobga olinsa, oldinda qanday katta hajmdagi ishlar turganini tasavvur etish mumkin..
XALQARO YUQORI SIFAT eTALONI
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulot – oltin qo'ymalarga 1995 yilda Londondagi Qimmatbaho metallar birjasi arbitraj laboratoriyasi tomonidan “Optimal etkazib berish” maqomi berilgan bo'lsa, 1998 yili Tokio birjasi uni xalqaro sifat etaloni, deb e'tirof etdi. 2019 yilda esa kombinatga London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi (LBMA – London Bullion Market Association) tomonidan bozor talablariga to'la rioya qilish borasida navbatdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tganligini tasdiqlovchi sertifikat berildi. O'zbekiston oltinining butun dunyoda tan olingani mazkur soha vakillarining yuqori professional darajasi va ayni paytda mashaqqatli va faxrli mehnatining yuksak e'tirofidir.
Sof oltin, bu – umumlashtirilgan tushuncha bo'lib, yuksak ishonch va ishlab chiqaruvchilar mas'uliyatining eng yuqori darajadagi kafolati hisoblanadi. Bu – eng zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalar, yuksak mehnat madaniyati va odamlar o'rtasidagi chinakam samimiy munosabatlar ramzidir. 999.9 probali oltin zar suvi (azot kislotasi bilan xlorid qorishmasi) va elektrolizi (elektr toki o'tishida elektrolitga botirilgan elektrodlarda ro'y beradigan elektro-kimyoviy oksidlash-qaytarilish jarayonlarining majmui) yo'li bilan olinadi. Oltin metallining bir tonnasida atigi 40–50 gramm miqdorida yot aralashmalar yig'indisi bo'ladi.
YANGI STRATEGIYA VA IMKONIYATLAR
YAngi O'zbekiston o'z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo'ymoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan qabul qilingan O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida kon-metallurgiya sohasi xodimlari zimmasiga ham katta vazifalar yuklatilgan. SHu bois konchilar oldida katta dovonlarni zabt etishdek ulug' maqsadlar hamda shunga yarasha marralar turibdi.
Bugungi kunda ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimiz oltin zaxirasi bo'yicha dunyoda – 2-o'rinni, mis bo'yicha – 7, vol`fram bo'yicha – 8, kumush bo'yicha – 9, uran bo'yicha 12-o'rinni egallaydi. Ayni paytda O'zbekistonda 2025 tadan ortiq kon mavjud. Jumladan, ularning orasida 97 ta qimmatbaho metallar (oltin va kumush), 12 ta rangli va nodir metallar, 38 ta radioaktiv metallar, 30 ta qimmatbaho toshlar konlari mavjud.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan kon-metallurgiya sohasi o'zining yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo'ydi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2017-2026 yillarga mo'ljallangan dasturi ijrosini ta'minlash yo'lida qiymati 3,4 milliard dollar bo'lgan 27 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Kombinatda olib borilayotgan investitsion loyihalar natijasida yangi zavod va konlar foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Tomdi tumani hududida ochilgan “Balpantog'” va “Tomdibuloq” konlarida qazish ishlari boshlandi. Mazkur konlar 40 million tonnadan ortiq oltin tarkibli ma'dan zaxirasiga ega, Demak, har yili uch million tonnadan ortiq ma'dan qazilgan taqdirda qariyb 15 yillik faoliyat uchun yangi imkoniyat darvozalari ochilyapti.
Hozirgi kunda kombinat jamoasi tomonidan Nurota tumani hududida “Pistali” koni negizida yiliga 4 million tonna oltin ma'danini qazib olish va qayta ishlaydigan 6-gidrometallurgiya zavodi barpo etilmoqda. Bundan tashqari, yaqin yillarda Qizilqum kengliklaridagi “Nuqrakon” va “Kosmanachi” konlaridan kumush tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlanadi.
Muxtasar aytganda, “Muruntov” konining ochilishi natijasida bir vaqtlar odam yursa oyog'i, qush uchsa qanoti kuyadigan Qizilqum sahrosida fidoyi va jasoratli insonlarning mehnatlari tufayli yirik sanoat majmualarining yaratilishiga asos solindi. Bugungi kunda bu va yurtimizning boshqa konlaridan qazib olinayotgan erosti boyliklari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa bo'lib qo'shilmoqda. Qolaversa, kombinatimiz yurtimizning eng yirik soliq to'lovchi korxonalari o'ntaligi orasida etakchilik qilib, respublikaning yillik soliq hajmining shakllanishiga 18-20 foiz atrofida o'z hissasini qo'shib kelayotgani holda, o'tgan yilni 10,6 million so'mlik umumiy foyda bilan yakunlagani ham uning salohiyatini amalda yaqqol ko'rsatib turibdi.
Xolmamat RAUPOV,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ
jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha direktori, tarix fanlari nomzodi