Mamlakat obroʻsi, nufuziga putur yetkazish, odamlar tafakkurini izdan chiqarishga qaratilgan mazkur gʻoyaviy urush fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni buzgʻunchi qarashlar domiga tortishni maqsad qilgan.

Bunday sharoitda tarbiya borasida milliy qadriyat, urf-odat, anʼanalar ruhi boʻy koʻrsatishi, axborot maydonida milliy kontent yaratish vazifasi muhim va ilgʻor pozitsiyani egallashi lozim.

Davlatimiz rahbari 2024-yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida bu masalaga alohida urgʻu berib, jurnalistlarni mamlakat axborot makonida milliy kontent yaratishga chaqirgan, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho berish, xalqimizni turli axborot xurujlaridan saqlash muhimligini taʼkidlagan edi.

Bugun olamshumul oʻzgarishlar davrida yashayapmiz. Mutaxassislar fikricha, milliy kontent foydalanuvchi auditoriya uchun ishlab chiqilishi zarurligini tushunish va anglash lozim. Mediamahsulotdan foydalanuvchilar ehtiyojini bilish va eʼtiborga olish juda muhim. Foydalanuvchi milliy resurslardan qanoatlanmasa, milliy kontentdan oʻziga qiziqarli va kerakli axborotni topa olmasa, oʻzga resurslardan izlaydi.

Milliy qadriyat, maʼnaviyat, urf-odat, anʼana, tarix oʻz-oʻzidan va bir kunda paydo boʻlib qolmagan. Ushbu bebaho boylikka erishish, uni asrab-avaylab, avloddan avlodga yetkazish uchun juda katta ishlar qilingan, ota-bobolarimiz bu yoʻlda jonini ham ­ayamagan. Shunday ekan, ushbu merosni keyingi avlodga saqlashimiz, yanada boyitib, sayqallab, bekam-koʻst yetkazishimiz zarur.

Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Bugun ushbu tahdidlar qatoriga qoʻshilgan radikallashuv balosidan yoshlarni muhofaza qilish eng dolzarb masalalar qatoriga chiqdi. Shaxs yoki guruhning keskin, zoʻravon gʻoyalar va harakatlarga moyil boʻlib borish jarayoni radikallashuvdir. Ushbu jarayonda odamlar yot gʻoyalar taʼsirida jamiyatdagi mavjud vaziyatga qarshi chiqishga, baʼzan zoʻravonlik vositalari orqali oʻz maqsadlariga erishishga urinadi. Radikallashuvning asosiy belgilari ekstremizm, zoʻravonlik, jamiyat yoki davlat tuzumiga qarshi chiqish, terrorizmga moyillik kabilarda namoyon boʻladi.

Bunday sharoitda geosiyosiy barqarorlik siyosati — davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan radikallashuv va ekstremizm xavflariga qarshi kompleks yondashuv orqali tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash siyosati yuritiladi. Taʼlim va axborot siyosati, radikal gʻoyalarga qarshi ilmiy, maʼrifiy targʻibot, islom dinining asl mohiyatini ­tushuntirish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda ziddiyatli kontentlarga qarshi kurashish, bu maqsad yoʻlida mintaqaviy hamkorlik, chegara xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchi shaxslarni jazolash bilan birga ularni qayta ijtimoiylashtirish mazkur siyosatning bosh yoʻnalishlaridir.

Afsuski, radikallashuv XXI asr muammosiga aylanib ulgurdi. Bu jarayon koʻplab davlatlarning xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solmoqda. Xususan, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy muvozanatni saqlashda radikal gʻoyalar va terrorchilik guruhlarining faolligi jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Oʻzbekiston ushbu muammoning oldini olish va bartaraf etishda izchil va tizimli siyosat yuritmoqda.

Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, ichki va tashqi siyosatimiz barqarorligi yoʻlida boshlangan saʼy-harakatlar soʻnggi yillarda Markaziy Osiyodagi geosiyosiy holatni ham oʻzgartirib yubordi. Ayniqsa, qoʻshnilar bilan iqtisodiy, tijoriy, ilmiy-maʼrifiy sohalardagi teng va ochiq hamkorlik koʻngildagi armonlarni aritdi.

Oʻzbekiston dunyoviy davlat sifatida diniy bagʻrikenglik, dinlar va konfessiyalararo totuvlik hamda hamjihatlikni qoʻllab-quvvatlaydi, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga aslo yoʻl qoʻymaydi. Shu bois, radikallashuvga qarshi kurashishda keng qamrovli geosiyosiy barqarorlik siyosati yuritilmoqda.

Birgina “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya va Iroqdagi mojarolar zonasidan qaytarilgan ayollar va bolalarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordam, radikal guruhlar taʼsiriga tushgan shaxslar bilan olib borilayotgan psixologik va ijtimoiy reabilitatsiya ishlari xalqaro hamjamiyat tomonidan insonparvarlikning oliy namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Radikallashuvga qarshi siyosat maʼrifat, huquqiy ong va ijtimoiy adolatga asoslangani oqilona yechim sifatida baholanmoqda.

Bugun diniy radikal gʻoyalar, ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning axborot xuruji aholi, ayniqsa, yoshlar ongi uchun jiddiy tahdid solmoqda. Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashishda ­ommaviy axborot vositalarining oʻrni ­beqiyos. Telekanallar, radiostansiyalar, internet saytlari, gazeta va jurnallarda minglab jurnalistlar faoliyat yuritmoqda. Biroq radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi jurnalistik yoʻnalishda ishlayotgan ijodkorlar kamchilikni tashkil qiladi. Buning ortida mavzuning murakkabligi, jurnalistlarning maxsus tayyorgarligi yetarli emasligi, xususan, radikalizm masalasining siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy, diniy va mafkuraviy jihatlaridan voqiflik darajasi pastligi kabi qator omillar yotadi. Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan anjumanlar jarayonida mazkur muammo yanada yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Shu bois, jurnalistlarni axborot xuruji, dezinformatsiya va diniy radikalizm tahdidlariga qarshi maʼrifiy yondashuvlar asosida qayta tayyorlash, ularni bu murakkab jarayonlarni xolis va tahliliy yoritishga qodir mutaxassislarga aylantirish bugungi kun talabidir.

Axborot maydonidagi manipulyatsiyalar, soxta maʼlumotlar va targʻibot-tashviqot vositasida ongni boshqarishga qaratilgan urinishlar faqat media sohasining muammosi emas, balki milliy xavfsizlikning ajralmas qismidir.

— Radikalizm faqat dinga oidmi degan savolga “ha” deb javob berish mutlaqo notoʻgʻri ekanini alohida taʼkidlab oʻtish lozim, — deydi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov. — Radikalizm juda keng tushuncha va uning koʻplab shakli mavjud. Bu tushunchalarning har biri turli soha, gʻoya yoki yoʻnalishlarga aloqador. Radikalizmning asosiy shakllari sifatida diniy radikalizm, siyosiy radikalizm, ijtimoiy radikalizm, etnik radikalizm, ekologik radikalizm, texnologik radikalizm va ateistik radikalizm tilga olinadi.

— Radikallashuvning asosiy qurboni yoshlar, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. — Ular internet orqali osonlikcha boshqarilishga moyil. Bunda rivojlanish yoʻliga dadil kirib borayotgan davlatni taraqqiyotdan toʻxtatish uchun barcha imkoniyat ishga solinadi. Bu borada turli-tuman nayrang va bosimlar bor. Sunʼiy tarzda gumanitar inqiroz keltirib chiqarish, savdo urushi, oziq-ovqat embargosi, texnika yoki xizmatlarga nisbatan sanksiyalar, harbiy cheklovlar, hatto jahon hamjamiyatini ishontiradigan biror-bir bahona bilan toʻgʻridan toʻgʻri bosqin qoʻllash shular jumlasidan.

Oʻzbekiston singari barqarorlik va taraqqiyotni maqsad qilgan davlatlar uchun bu muammo nafaqat xavfsizlik sohasida, balki maʼnaviy, ijtimoiy, siyosiy barqarorlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy yondashuv talab etadi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri