Jamiyatda xotin-qizlar siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

    Mamlakatimizda 25 Oktabr 2022 1339

    Kuni kecha Innovatsion rivojlanish vazirligida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, siyosiy partiyalarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul vakillari, mahalliy Kengashlar deputat ayollari xamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Davra suhbatida asosiy e’tibor xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, gender tenglik sohasidagi milliy qonunchilik, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Pekin harakatlar platformasi va barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘z ichiga olgan xalqaro va milliy majburiyatlar ahamiyatini jamoatchilikka tushuntirishga qaratildi.

    Ta’kidlanganidek, bugungi kunda gender tenglik davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu bilan birga gender tenglik – bu inson qadri, erkinliklari va manfaatlarini kafolatlash, global miqyosda va davlatlar barqaror taraqqiyotini ta'minlashning asosiy talablari hamda zaruriy shartlaridan hisoblanadi.

    O‘zbekistonda gender tenglik va genderga nisbatan sezgir institutlar yaratilgani, bu borada mustahkam normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani mazkur sohadagi islohotlarning samarasidir.

    Tadbirda Gender strategiyasini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha siyosiy partiyalar vakillarining taqdimotlari o‘tkazildi.

    O‘z navbatida, siyosiy partiya vakillari tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan gender tadqiqotlarini amalga oshirish va saylov mobaynida ayol nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash jarayonida duch kelinayotgan muammolarni tizimli tadqiq etish va bartaraf etishga e'tibor qaratish, vakillik organlarida faoliyat olib borayotgan deputat ayollar faolligini muntazam o‘rganish, ijobiy tajribalarni keng ommalashtirish hamda ularni rag‘batlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.