Ikkilamchi tamaki tutuni jamoat joylarida shu jumladan ish joylarida, barlar, restoranlar, mehmonxonalar va aeroportlarda havo ifloslanishining asosiy manbaidir. Tamaki tutunida 4000 dan ortiq kimyoviy modda bor, ulardan kamida 250tasi zararli, 50tasi esa kanserogenlardir. Ikkilamchi tamaki tutuni oʻpka saratoni, yurak kasalliklari, insult, bolalarda toʻsatdan oʻlimni keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, har yili ikkilamchi tamaki tutunidan nafas olish butun dunyoda taxminan 600 000 nafar insonning bevaqt oʻlimiga sabab boʻladi, ularning 31 foizini bolalar va 64 foizini ayollar tashkil etadi. JSST maʼlumotlariga koʻra, 43,9 foiz bolalar uy sharoitlarida, 55,8 foizi esa jamoat joylarida tamaki tutuni taʼsirida boʻladi. Ikkilamchi tamaki tutunidan muntazam nafas oladigan 5 yoshga toʻlmagan 165 ming nafar bola hayotdan koʻz yumadi. Katta yoshga yetganlarida esa surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi rivojlanishi ehtimoli oshadi. Darvoqe, chekuvchilar oilasida yashovchi oʻsmirlarning oʻzi ham chekuvchiga aylanish ehtimoli ota-onasi chekmaydiganlarga nisbatan 1,5-2 baravar yuqoridir. Jamoatchilikni ikkilamchi tamaki tutunining zararli taʼsiridan himoya qilishning yagona usuli — bu chekishni taqiqlash haqida qonun qabul qilish!
Jamoat joylarida chekishni cheklash haqidagi kompleks qonunlar ikkilamchi tamaki tutunining taʼsiri darajasining pasayishi, kashandalarga sigaretalar isteʼmol qilishni kamaytirishga yoki umuman chekishdan voz kechishga yordam berishi, yoshlarning chekishga qaram boʻlib qolishining oldini olishi hisobiga insonlar sogʻligʻini yaxshilaydi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish boʻyicha Hadli konvensiyasi 8-moddasining talablariga muvofiq har bir davlat tamaki tutunidan 100 foiz xoli boʻlgan muhitni taʼminlashi lozim. Oʻzbekiston Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Tamakiga qarshi kurashish boʻyicha Hadli konvensiyasiga 2012-yil 24-aprelda qoʻshildi. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, chekishni cheklashga qaratilgan kompleks qonunlar kamida 60ta mamlakatda, shu jumladan daromad darajasi past va oʻrta mamlakatlarda qabul qilindi.
Armanistonda jamoat joylarida chekish umuman taqiqlangan. Gruziya, Moldova, Tojikiston, Ukrainada aksariyat yopiq jamoat joylarida chekish mumkin emas. Rossiyada jamoat joylarida chekish toʻliq taqiqlangan, chekish uchun maxsus joylar faqat olis safarda boʻlgan dengiz kemalarida, koʻp kvartirali uylarda va aeroportlarning tranzit hududlarida ajratilishi mumkin. AQSH, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Kanada, Turkiya va koʻplab boshqa mamlakatlarda umumiy ovqatlanish korxonalari (qahvaxonalar, restoranlar, barlar va h.k.)ning yopiq xonalarida chekish taqiqlangan.
AQSHda 2012-yilda oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, chekishni cheklash toʻgʻrisidagi kompleks qonunlar respirator kasalliklar tufayli kasalxonalarga yotqizishlar xavfini, ayniqsa astma va oʻpka infeksiyalari boʻyicha 24 foizga, bolalardagi astma boʻyicha esa 12,5 foizga pasaytirgan.
Jamoat joylarida chekishni cheklash natijasida ikkilamchi tutunning taʼsiri darajasi pasayadi va shu tariqa insult rivojlanishi xavfi 81 foizga, infarkt rivojlanishi xavfi esa 85 foizga kamayadi. Chekish taqiqlangan joylarda ishlaydigan kashandalar bir kunda oʻrtacha 2-4ta kam sigaret chekishadi.
Qayd etilishicha, agar xonalarda chekish butunlay taqiqlansa, bu isteʼmol qilinadigan sigaretalar sonini 15 foizga kamaytiradi hamda chekishni tashlashga muvaffaqiyatli urinishlar sonini 80 foizga oshiradi. Bundan yumshoqroq cheklovlar, xususan, chekish xonalarini yopiq joylarda tashkil qilish tamaki isteʼmolining kamayishiga olib kelmaydi, aksincha, tamaki mahsulotlari chekish uchun yanada qulay sharoitni yaratadi.
Aynan shuning uchun tamaki industriyasi odamlarni ikkilamchi tamaki tutunidan himoya qiladigan chora-tadbirlarga toʻsqinlik qilib kelmoqda, chekuvchilarning “manfaatlarini hisobga oladigan” tashabbuslarni ilgari surmoqda, bunday tashabbuslardan bittasi — chekishni qisman taqiqlash toʻgʻrisidagi qonunlar. Bunday qonunlar maʼlum bir jamoat joylarida chekishga va (yoki) muassasalarda chekuvchilar uchun maxsus hududlar ajratilishiga ruxsat beradi. Chekuvchilar “manfaatlarini hisobga olish” ularning chekishni davom ettirishiga imkon tugʻdirib, jamoatchilikni ikkilamchi tamaki tutunining zararli taʼsiridan himoya qilmaydi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Saratonni oʻrganish boʻyicha agentligi maʼlumotlariga koʻra, chekuvchilar uchun maxsus joylarni ajratish sogʻliq uchun xavf-xatarlarni bartaraf etmaydi, chunki tamaki tutuni chekuvchilarning “maxsus hududlari”dan chekmaydiganlar hududlariga bemalol tarqaladi. Tamaki ishlab chiqaruvchilar jamoat joylari va mehmonxonalarda havo ventilyatsiyasi va filtrlash tizimlaridan foydalanishni ham xuddi shunday maqsadlarda ilgari surmoqda, zero, havo ventilyatsiyasi va havoni filtrlash ikkilamchi tutunni yoʻqotish uchun samarasizdir. Ventilyatsiya tizimlari tamaki tutunini yoʻqotmaydi va uning taʼsiridan toʻliq himoya qilmaydi. Boz ustiga, tamaki tutuni tarkibidagi nikotin va toksik moddalar devor, mebel yuzalari, gilam, pardalarga oʻtirib qoladi va sigareta oʻchirilgandan keyin ham saqlanadi.
Amerikaning isitish, sovutish va havoni konditsionerlash boʻyicha muxandislar uyushmasi (ASHRAE) quyidagi xulosaga keldi: “Sogʻliq uchun xonalardagi tamaki tutuni taʼsiri bilan bogʻliq xavf-xatarni bartaraf etishning yagona samarali usuli — chekishni taqiqlash. Hech qanday muhandislik yondashuvlari, shu jumladan zamonaviy takomillashtirilgan ventilyatsiya tizimlari va havoni tozalash texnologiyalari sogʻliq uchun chekiladigan joylarda ikkilamchi tamaki tutuni bilan bogʻliq xavf-xatarlarni kamaytirish nuqtayi nazaridan samaradorlikni namoyon qilmaydi”.
Jamoat joylarida chekishni taqiqlash boʻyicha kompleks qonunlar iqtisodiy jihatdan ham foydalidir
Ikkilamchi tamaki tutuni taʼsirida boʻlish sogʻliqni saqlash va tibbiy xizmat koʻrsatish xarajatlarini oshirib yuboradi, mehnat unumdorligini kamaytiradi va chiqimlarni koʻpaytiradi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining taʼkidlashicha, jamoat va ish joylarida chekishni taqiqlovchi qonunlar “nomaqbul iqtisodiy oqibatlarga olib kelmaydi”, aksincha, biznesga ijobiy iqtisodiy taʼsir oʻtkazadi.
2017-yilda Yevropaning 19ta davlatida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida tamakiga qarshi qonunlar mamlakatlarda restoran, bar va qahvaxonalardagi sotuvlar hajmi, tushum, foyda va bandlik kabi koʻrsatkichlarga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmagani aniklandi. Yangi Zelandiyada tamakiga qarshi kompleks qonun qabul qilinganidan keyin bir yil oʻtgach, chet ellik turistlar soni 1,5 foizga, ularning xarajatlari esa 3,3 foizga oshdi. Xuddi shunday vaziyat Argentina, Irlandiya, Norvegiya, Meksika, Kiprda ham kuzatildi.
Ikkilamchi tutun taʼsirining xavfsiz darajasi boʻlmaydi
Oʻzbekiston Respubliki Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislarining fikricha, chekish uchun joylarni tashkil qilish (xonalar, binolar ichida tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish uchun alohida joylar ajratish) mamlakatimiz Konstitutsiyasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasi (Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Fuqarolar qulay yashash muhiti huquqiga ega) zid, yaʼni fuqarolar toza havodan nafas olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yuqumli boʻlmagan kasalliklardan barvaqt oʻlimni 2030-yilgacha 25 foizga qisqartirish koʻzda tutilgan. Jamoat joylarida tamaki tutunidan 100 foiz xoli muhit yaratish bu maqsadga erishishga koʻmak beradi.
Jamoat joylarida chekishni toʻla taqiqlashga qaratilgan qonunlar aholining hayotini saqlab qoladi va uning sogʻligʻiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Jamoat joylarida chekishni qisman taqiqlash toʻgʻrisidagi qonunlar, yopiq xonalar va binolarda ventilyatsiya tizimlarini oʻrnatish va chekish uchun maxsus joylarning ajratilishi insonlarni ikkilamchi tamaki tutunining falokatli taʼsiridan himoya qilmaydi!
Faqat chekishni taqiqlash toʻgʻrisidagi kompleks qonunlar hamma uchun toza havoni kafolatlaydi, xodimlar va chekmaydiganlarning sogʻligʻini himoya qiladi va chekuvchilarni chekishdan voz kechishga ragʻbatlantiradi.
Aholi va kelajak avlod sogʻligʻini saqlash uchun 100 foiz tamaki tutunidan xoli boʻlgan muhit zarur!
Barno ODILOVA,
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash
va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori