Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Quyidagi maqsadlarda dindan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:

● konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirish;

● suverenitet va hududiy yaxlitlikka putur yetkazish;

● fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish;

● urushni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qilish;

● fuqarolarning sogʻligʻi va axloqiga tajovuz qilish;

● fuqarolar totuvligini buzish;

● vaziyatni beqarorlashtiruvchi tuhmatdan iborat uydirmalarni tarqatish;

● aholi oʻrtasida sarosima uygʻotish hamda shaxs, jamiyat va davlatga qarshi qaratilgan boshqa harakatlar sodir etish.

Oʻzbekiston fuqarolari, dinga munosabatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir.

Rasmiy hujjatlarda fuqarolarning dinga nisbatan munosabatini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bir dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biror-bir ustunliklar yoki cheklovlar belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonunga koʻra, Oʻzbekistonda din davlatdan ajratilgan boʻlib, diniy tashkilotlar va davlat organlarining faoliyati oʻzaro aralashmaslik asosida amalga oshiriladi.

Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yoʻl qoʻyilmasligiga oid cheklov bekor qilindi.

Diniy tashkilot Oʻzbekistonning 18 yoshga toʻlgan va 50 nafardan kam boʻlmagan fuqarolari tashabbusi bilan tuziladi. Ilgari 100 nafar edi.

Shuningdek, qonun bilan diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish hamda ularning faoliyatini toʻxatib turish asoslari belgilandi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.